Jahon | 16:13 / 30.06.2023
8872
4 daqiqa o‘qiladi

2050 yilda qandli diabetga chalinganlar soni 1,3 milliardga yetishi mumkin – The Lancet

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 2019 yili mamlakatda 245 mingdan ziyod bemor qandli diabetga chalingani, ularning 2300 nafari bolalar, mingga yaqini o‘smirlar ekanini ma’lum qilgan. Keyingi yillarda bemorlar soni necha nafarga yetgani ochiqlanmagan.

Foto: AP

Qandli diabet — tobora yasharib borayotgan kasallik. Hozir dunyoda yarim milliarddan ortiq kishi ushbu darddan aziyat chekmoqda. Ulardan katta qismi xastalikning 2-turiga chalingan. Buyuk Britaniyaning nufuzli The Lancet tibbiy jurnalida e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2021 yilda dunyoda qandli diabet bilan kasallanganlar soni 529 million kishi bo‘lgan bo‘lsa, 2050 yilga borib ularning soni 1,31 milliardga yetadi.

Britaniyalik tadqiqotchilarning yozishicha, qandli diabet Yer yuzi aholisining 6,1 foizida uchraydi. Bu esa ushbu kasallikdan nogironlik holatlari ortishiga sabab bo‘lmoqda. Dunyo miqyosida diabetga chalinganlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qandli diabet bilan kasallanishning 49,6 foizga oshishi semirish bilan bog‘liq. Olimlar fikriga ko‘ra, noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik oqibatida kelib chiqadigan ortiqcha vazn qandli diabetning asosiy omilidir. Boisi, kasallikning 2-turi rivojlanishiga sabab inson tanasida mushak to‘qimasining kamayib, yog‘ to‘qimasining ko‘payishi hisoblanadi. Ammo xastalik semiz bo‘lmagan insonlarda ham rivojlanishi mumkin.

Qandli diabet asosan og‘iz qurishi, chanqash va shunga yarasha keragidan ortiq suyuqlik iste’mol qilib, ko‘p peshob ajralishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, bunday bemorlarda umumiy holsizlik, oyoqlarda og‘riq va keyinchalik jarohatlarning sekin bitishi kuzatiladi. Ortiqcha vazni bo‘lgan kishilarda xastalik ishtahaning haddan ortib ketishi bilan ham kuzatiladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, qandli diabet bemorlarini davolashga yo‘naltirilgan global xarajatlar bugungi kunda 966 milliard dollarni tashkil qilmoqda. 2045 yilga borib ushbu xarajatlar 100 milliard dollarga yetishi mumkin.

Tadqiqot dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan diabetning o‘sish sur’atlarini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘zini oqlamasligini ko‘rsatgan. 2025 yilga borib ana shunday sa’y-harakatlar natijasida ayollarda kasallanish atigi 1 foizga kamayishi mumkin. Erkaklar orasida bu ko‘rsatkich undan ham past.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisobotiga ko‘ra, shakar o‘rnini bosuvchi sun’iy qo‘shimchalar inson salomatligi va hayotiga jiddiy xavf tug‘diradi. Ushbu xulosa bir necha yil davomida o‘tkazilgan 283 ta tadqiqot natijalariga asoslangan.

Ma’lumki, 25-30 gramm shakar iste’moli kunlik me’yor hisoblanadi. Bundan ortig‘i semirish va xavfli kasalliklar rivojlanishiga olib keladi. Shu sababli ba’zilar shakar o‘rnini bosuvchi sun’iy qo‘shimchalardan foydalanish xavfsiz deb o‘ylaydi.

Aslida, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarga shirin ta’m bag‘ishlashda qo‘llanadigan saxarin, aspartam, kaliy atsesulfam, sukraloza, neotam, advantam, steviya va uning hosilalari dastlab tana vaznini kamaytirsa-da, ammo ushbu jarayon uzoq davom etmaydi. Aksincha, bunday mahsulotlarning odatiy iste’moli bora-bora semirishga olib keladi. Oqibatda insonlarda 2-toifa qandli diabet rivojlanish xavfi 34 foizgacha oshadi.

O‘zbekiston SSV 2019 yili mamlakatda 245 mingdan ziyod bemor qandli diabetga chalingani, ularning 2300 nafari bolalar, mingga yaqini o‘smirlar ekanini ma’lum qilgan. Keyingi yillarda bemorlar soni necha nafarga yetgani ochiqlanmagan.

Mavzuga oid