Jamiyat | 16:44 / 30.06.2023
32338
5 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar: olovdan omon chiqqan O‘lmasjon

Yetti oylik vaqtida sandaldagi cho‘g‘ga tushib ketishi oqibatida ikki oyog‘idan ajralgan O‘lmasjon hozir 36 yoshda. U sog‘lom odamlardek mehnat qiladi, to‘rt muchasi omon ba’zi tengqurlaridan yaxshi yashaydi. O‘lmasjon hozir imorat uchun g‘isht quyyapti, asalari parvarish qilyapti. Erta tongda o‘zi ekkan bodringlarni uzib,  do‘konlarga tarqatadi. Skuterida odamlarning yukini tashib beradi. 

O‘lmasjon Jumayev haqida Kun.uz’da video va maqola e’lon qilingandan keyin ko‘plab yurtdoshlarimiz tomonidan qahramonimizga moddiy yordam ko‘rsatildi. Namanganlik tadbirkor protez qo‘ydirib berdi, yana bir farg‘onalik saxovatpesha inson o‘z hisobidan onasini Umraga jo‘natdi.

“Men haqimda tayyorlangan video Kun.uz’da chiqqanidan so‘ng odamlarning menga bo‘lgan munosabati o‘zgara boshladi. Avvallari ko‘cha-ko‘yga o‘zimni ovutish uchun chiqqan bo‘lsam, endilikda tirikchilik qilish uchun ham tashqarida yura boshladim. Shunday tasodiflar bo‘ldiki, oshxonaga ovqatlanish uchun kirganimda ijtimoiy tarmoq qahramoni sifatida ko‘pchilik meni tanidi.

Kun.uz’da chiqqan lavhada:“Qani endi onamni Umraga jo‘natsam, armonim qolmas edi” deb aytgan edim. Shu lavhadan keyin farg‘onalik tadbirkor ko‘magi bilan onam Umra safariga borib keldi. Namanganlik tadbirkor esa oyog‘imga protez qo‘ydirib berdi. Bularning barchasi hayotda yanada kuchliroq bo‘lishga turtki bo‘ldi.

Orzularim haqida ko‘p savol berishadi. 9-10 yoshimda harbiy bo‘lishni orzu qilganman. Mahallamizda harbiy xizmatga ketayotgan akalarning bo‘yniga osilib yig‘laganim hamon yodimda. Bu ushalmagan orzum edi.

Shunday oyoqlar borki, u o‘z egasini yomon yo‘llarga yetaklaydi. Protez bo‘lsa ham oyog‘im borligiga shukr qilaman. Oyog‘i bo‘la turib uni harakatlantira olmay bir joyda yotib qolganlar qancha...

Hozirda uyda chuvalchang, asalari, issiqxonada bodring parvarish qilyapman. Bahorda bodring, yozda pomidor sotaman. Ayni kunlarda o‘zimga yarasha ixchamroq ikki xonali imorat qurishni reja qildim. Shuning uchun ham g‘isht quyishni boshladim.

Keyingi yili issiqxonamni kattalashtirib shunga yarasha dehqonchilikni yanada rivojlantirmoqchiman. Asalari uyasini ham 25 ta qutigacha ko‘paytirmoqchiman. Ana shu rejalarim menga yanada kuch bag‘ishlaydi.

Uyida asalarisi bor qo‘shnilarim arining chaqib olishidan qo‘rqib ularni yetarlicha parvarishlay olmaydi. Hozirda ma’lum haq evaziga ana shunday qishloqdoshlarimning asalarilarini parvarish qilib kelyapman.

Asalaridan bir yilda 20 million so‘m daromad olaman. Bodringlarni erta bahorda kilogrammini 8 ming so‘mdan sotdim. Hozir esa narxi 2 mingga tushdi. Bodringlarni qishlog‘imdagi do‘konlarga tarqatib, evaziga oziq-ovqat olaman.

Daraxtlarni xuddi o‘z “akamdek” yaxshi ko‘raman. O‘tgan yili anomal sovuqda anorlarimni sovuq urib ketdi. Har yili bir tup anor 30 kg dan hosil berardi.

Farzandlarim hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishlarini xohlardim. Qo‘limda og‘ir yuk bo‘lsa, katta o‘g‘lim kelib yordamlashadi. U yonimga kiryapti. Kichik o‘g‘lim protezsiz yurgan holatimni ko‘p ko‘rgan. Protez kiysam “katta odam” bo‘lib ketganimni ko‘rib qo‘rqib ketadi. Ko‘tarsam xuddi yiqilib ketadigandek badani titraydi.

Yoshligimizda do‘stlarim orasida vaqti kelib uylansang, shu bo‘y bilan kelinni davraga qanday olib chiqasan, degan savollar ko‘p bo‘lgan. Bu gaplar negadir yuragimga og‘ir botardi. Yaratganga shukr uylandim, ikki o‘g‘illi bo‘ldim.

Ming shukrki, turmush o‘rtog‘im holatimni his qilib doim meni to‘g‘ri tushungan. Ro‘zg‘orda biror kamchilik bo‘lsa, shu paytgacha menga to‘g‘ridan to‘g‘ri aytmagan. Uyda choy tugab qolganini choynakdagi qaynatilgan suvning rangsizligidan bilaman. Yog‘ qolmaganini esa oshning yog‘siz bo‘lib qolganidan sezaman”. 

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid