Ukrainaliklar Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lgandan so‘ng suvsiz qanday yashamoqda?
Iyun oyi boshida Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi natijasida kichik Marganets shahri suvsiz qoldi. Jurnalistlar Marganets va Dnipro bo‘yida to‘g‘on qulashidan jabr ko‘rgan boshqa shaharlarga tashrif buyurdi.
Ukrainadagi front chizig‘i yaqin yerdagi quriyotgan ko‘lmak ichida ikki kichik baliq nafas olishga qiynalib, tartibsiz suzadi.
Ularning atrofida, quyosh nurlari ostida, 75 yil davomida suv bilan qoplangan ulkan loy va tosh maydonlari yastangan. Uncha uzoq bo‘lmagan qumli orolchada esa g‘alla ortilgan ulkan barja (dvigatelga ega bo‘lmagan, kemalar tomonidan tortiladigan yuk kemasi) yotibdi. Ilon va qurbaqalar xuddi soya izlayotgandek sayoz suvda sirpanib yuribdi.
Dnipro daryosi suvini ushlab turuvchi Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lganidan ikki hafta o‘tgach, taxminan 18 kub kilometr (Angliya hududiga teng hajmdagi suv havzasini to‘ldirish uchun yetarli) suv janubga oqib ketdi va Qora dengizga quyildi.
«Bu falokat. Hamma narsa oqib ketdi. Kiyiklar, yovvoyi cho‘chqalar, baliqlar va yo‘qolib borayotgan boshqa ko‘plab turlar. Yarim millionga yaqin odam suvsiz qoldi», deydi sobiq Kaxovka suv omborining (hozir suv ombori deyarli qurigan) g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan Marganets shahri kengashi kotibi, 37 yoshli Anatoliy Derkach.
Derkach o‘zining to‘rtinchi qavatdagi kabinetidan kulrang, yorilib ketgan loyni va narigi qirg‘oqda joylashgan Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi siluetini tomosha qiladi.
Zaporijjya AES hozirda Rossiya nazorati ostida. Suv oqib ketganidan keyin, taxminan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan stansiya birdaniga ancha yaqinroqdek ko‘rina boshladi.
«Ular sovitish tizimi uchun rezervuarlarda taxminan olti oyga yetadigan suv borligini aytmoqda. Ammo biz bunga ishona olmaymiz», deydi Derkach xo‘rsinib. So‘ngra u 1986 yilda, Ukraina tarixidagi eng dahshatli yadroviy halokat sodir bo‘lgan joy nomi, «Chernobil» so‘zini ham tilga oladi.
Suv omboridan yuqoriroqdagi tepalik ustida joylashgan kichik Marganets shahri tez-tez rus artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutiladi.
«Ular bizni dronlardan kuzatadi. Agar bir joyda beshtadan ortiq odam to‘planganini ko‘rishsa, o‘qqa tutishni boshlashadi», deydi Derkach.
Suv ombori qurib qolgani va suv ta’minoti uzilgani sababli shahar hokimiyati butun shahar bo‘ylab vaqtinchalik suv taqsimlash punktlarini tashkil etishga majbur bo‘ldi.
«Nima deb o‘ylaysiz, men nimani his qilyapman? Men suv ko‘tarib yurishga majbur bo‘lgan eshakka o‘xshayman», deydi shahar markazidagi katta plastik suv idishi yonida, yigirmatadan ortiq odamdan iborat navbatda turgan pensioner Yuliya.
«Bu hatto ichimlik suvi ham emas. Men kelajakdan tashvishlanyapman. Men vaziyatdan chiqish yo‘lini ko‘rmayapman», deydi uning qo‘shnisi, 70 yoshli Nina.
Marganets va yaqin atrofdagi boshqa shaharlar ularni boshqa suv omborlari bilan bog‘lash uchun yangi kanallar yotqizish rejalarini ishlab chiqmoqda. Ammo ko‘plab odamlar bu yerlarni tark etdi, mahalliy shaxtalar va boshqa korxonalarni yopishga to‘g‘ri keldi.
Mahalliy fermerlar endilikda suvning muqobil manbalarini topish uchun eski quduqlar va kichik irmoqlarga yetib borishga harakat qilmoqda.
«Men ruslar bu ishni qilayotganda nimani o‘ylashganini bilmayman. Atrof-muhit zararlanadi va bu barchamiz uchun og‘ir bo‘ladi», deydi 56 yoshli Ivan Zarusskiy bir guruh qarindoshlari va qo‘shnilari bilan shahar tashqarisidagi dalada traktor telejkasiga somon ortishda qisqa tanaffus qilarkan.
«Asosiysi atom elektr stansiyasi portlamasligi, qolganini bir amallaymiz. Bizning boradigan joyimiz yo‘q, shuning uchun boshqa ilojimiz ham yo‘q», deya qo‘shimcha qiladi u jilmayib.
Rasmiy Moskva okkupatsiya qilingan hududdagi Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlab, Ukrainani to‘g‘onga raketa hujumlari amalga oshirishda ayblaydi.
Janubda, vayron bo‘lgan to‘g‘ondan quyida, suv oqimi Xerson va kichikroq shaharlarni yuvib ketdi, o‘nlab odamlar halok bo‘ldi, minglab kishilar esa qochishga majbur bo‘ldi. Ammo hozir suv sathi pasaygan.
«Biz xuddi kalamushdekmiz —har qanday vaziyatda yashashga ko‘nikamiz», deydi sobiq o‘qituvchi, hozir nafaqada bo‘lgan Irina. U eri Yevgeniy bilan birga kichkina uyidagi ho‘l bo‘lgan narsalarni sekin-asta tashqariga chiqaradi.
Qaysidir vaqtda suv sathi ularning Xerson shahrining Chaykovskiy ko‘chasidagi, Dniproning o‘ng tomonidagi uylarining tomigacha ko‘tarilgan. Hozir esa tashqarida faqat bir necha katta ko‘lmak va suv toshqini paytida ishlatilgan kichik qayiqlar qolgan.
«Hech bo‘lmaganda bu yoz boshida sodir bo‘ldi. Hamma narsani quritishga bizda hali vaqt bor», deydi Yevgeniy.
Xerson markazida yana bir necha artilleriya snaryadlari portlagan, yaqin soatlar va kunlarda Dniproning qarama-qarshi sohilidagi Rossiya pozitsiyalaridan yana snaryadlar keladi.
Ukraina harbiylari mashinalar daryoga yaqinlashishiga ruxsat bermaydi va shaharning katta qismi huvillab qolgandek ko‘rinadi.
«Bugun ajoyib kun», deydi Oksana Ukrainaning qarshi hujumi haqidagi xabarlarga ishora qilgan holda. U Chaykovskiy ko‘chasida yashovchi keksa ota-onasiga suv toshqindan keyingi tozalash ishlariga yordam berish uchun kelgan.
«Bizning yigitlar ajoyib ishlayapti. Biz kim qayerga otayotganini aniqlashimiz mumkin. Yigitlar rus pozitsiyalariga hujum qilib, katta muvaffaqiyatlarga erishdi va bir necha yirik o‘q-dori omborlarini yo‘q qildi. Lekin men bularning hammasi tezkorroq sur’atda amalga oshishini istardim», deydi u.
Uning otasi Volodimir charchagan holda kresloga o‘tiradi. U tiz cho‘kib, suvdan shishib ketgan shkafning tortmalarni bolta bilan ochmoqchi edi, lekin juda tez o‘rnidan turdi.
«U shu yerda tug‘ilgan. Butun umrini shu yerda o‘tkazgan. Bu mikrorayonda qolganlarning katta qismi — keksalar. Ular bu yerdan ketmaydi», deydi Oksana.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024