Chechenistonda jurnalist ayolga hujum qilindi
Yelena Milashina va advokat Aleksandr Nemov kaltaklangan. Jurnalistga bosh miya yopiq jarohati tashxisi qo‘yilgan, kaft barmoqlari sindirilgan, advokatga tig‘ bilan jarohat yetkazilgan. Ular Zarema Musayevaning sudida qatnashish uchun Grozniyga kelishgandi.
4 iyul kuni tongda Grozniy shahrida «Novaya gazeta» jurnalisti Yelena Milashina va advokat Aleksandr Nemovga hujum qilindi. Milashina va Nemov Grozniydagi aeroportdan chiqib harakatlangan avtomobil niqobdagi shaxslar tomonidan to‘xtatilgan. «Novaya gazeta» xabariga ko‘ra, jurnalist ayol va advokatni dubinkalar bilan kaltaklashgan, jumladan yuz qismiga tepishgan. Ularning telefonlari tortib olinib, blokirovkadan yechish talab qilingan, texnika va hujjatlari yo‘q qilingan. «Qiynoqlarga qarshi jamoa» («Komandy protiv pytok») rahbari Sergey Babinetsning aytishicha, Milashina va Nemovni kaltaklaganlar ularga ular yoritgan «barcha sud va ishlar haqida eslatgan». «Bu banditcha hujum emas, balki ularning faoliyati uchun qilingan hujum edi», — deya qayd etgan u.
Milashina va Nemov mahalliy shifoxonaga olib borilgan. Jurnalistga bosh miya yopiq jarohati, barmoqlar sinishi jarohati tashxisi qo‘yilgan. «Jurnalistning butun tanasida ko‘karishlar bor, boshi taqir qilingan va zelyonka (ko‘kdori) chaplab tashlangan. Uni bunday holatda maxsus transporsiz tashib bo‘lmaydi, deb xabar qilmoqda hamkasblari», — deya yozgan «Memorial». «Novaya gazeta» xabariga ko‘ra Milashina bir necha bor hushini yo‘qotgan, shifokorlar Milashinaning MRT natijalarini qo‘lga berishmayotgani qayd etilgan. Nemov esa kaltak zarblaridan tashqari, pichoq bilan ham jarohatlangan.
«Novaya gazeta» jurnalisti va advokat Grozniyga Zarema Musayevaga hukm o‘qiladigan sudda qatnashish uchun yetib kelishgandi. Musayeva — «Qiynoqlarga qarshi qo‘mita»ning sobiq huquqshunosi Abubakar Yangulbayev hamda chechenlarning muxolifatchi «Adat» harakati asoschilaridan biri sifatida ko‘riladigan Ibragim Yangulbayevning onasi hisoblanadi. 2022 yil yanvarida chechen kuchishlatar tuzilmalari Musayevani Nijniy Novgoroddan Chechenistonga o‘g‘irlab ketishgandi. Unga nisbatan politsiyaga kuch ishlatish bo‘yicha ish ochilgan. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Nijniy Novgoroddan olib kelish chog‘ida Musayeva go‘yoki «politsiya xodimiga hujum qilgani va uning ko‘zini o‘yib olishiga bir baxya qolgani»ni aytgan. Prokuror Musayevani besh yarim yil muddatga qat’iy tartibli koloniyaga hukm qilishni so‘ragandi.
«Novaya gazeta»da qayd etishlaricha, Milashina Chechenistonga xizmat safari bilan kelgan, ammo endi unda «buni davom ettirish uchun jismonan imkoniyat yo‘q». Nemov, jarohat olganiga qaramay, Musayevaning ishi bilan shug‘ullanish va sudda uning manfaatlarini himoya qilishni davom ettirmoqchi.
«Novaya gazeta» tahririyati so‘rovi bilan inson huquqlari bo‘yicha vakil Tatyana Moskalkova vaziyatga aralashgan. «Qiynoqlarga qarshi jamoa» rahbari shifoxonada Milashina Moskalkova bilan telefon orqali gaplashayotgani aks etgan suratni namoyish etgan.
Keyinroq Milashina va Nemov tez yordam mashinasida Beslandagi shifoxonaga yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Moskalkova bilan suhbatdan keyin shunday topshiriq bergan. Jabrlanuvchilarga chechen ombudsmeni Mansur Soltayev hamrohlik qilmoqda. Advokat esa Zarema Musayevaning sudiga bora olmagan. Aleksandr Nemov o‘rnini «Qiynoqlarga qarshi jamoa» vakili Aleksandr Savin egallagan.
- Grozniydagi Axmat rayon sudi Zarema Musayevani firibgarlik va politsiya xodimiga kuch ishlatishda aybdor deb topib, 5,5 yil muddatga umumiy tartibdagi koloniyaga hukm etdi.
Checheniston rahbariyati Yelena Milashinaga Zarema Musayeva ishi bo‘yicha tahdid qilib kelardi. Respublika rahbari Ramzan Qodirov 2022 yil boshida ushbu jurnalist va huquq himoyachisi Igor Kalyapinni «terrorchi» va «terrorchilarning hamtovoqlari» deb atab, huquq-tartibot organlarini ularni qo‘lga olishga chaqirgandi. Milashina Qodirovning tahdidlaridan keyin Rossiyani vaqtincha tark etmoqchi bo‘lgandi.
Yelena Milashinaga 2020 yilda ham Grozniyda hujum uyushtirilgandi. Jurnalist o‘shanda Grozniy markazida Ramzan Qodirovning qarindoshlari va unga yaqin bo‘lgan shaxslar yashovchi elita mahalladan video e’lon qilgan va noqonuniy qurol saqlashda ayblangan Islam Nuxanovning sudida ishtirok etish uchun Chechenistonga kelgandi. Milashina va Dubrovinga mehmonxonaga kirishda hujum qilingan va ularni kaltaklashgandi.
Mavzuga oid
19:20 / 15.12.2024
Ukraina dronlari Grozniydagi bazaga hujum qildi
22:28 / 12.12.2024
Ramzan Qodirov 100 mingga yaqin jangchisi urushda qatnashmayotganini tan oldi
10:50 / 06.12.2024
RF Tergov qo‘mitasi Qodirovning Bastrikinga qarshi da’volariga javob qaytardi
09:53 / 06.12.2024