Jahon | 19:20 / 15.12.2024
14090
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dronlari Grozniydagi bazaga hujum qildi

Chechenistonga dekabr oyi boshidan buyon uchinchi bor hujum qilinmoqda. Qodirov Rossiya armiyasi bunga javoban Xarkivdagi ukrain harbiylariga zarba berganini aytdi.

15 dekabr tongida Ukrainaning uchuvchisiz uchar qurilmalari so‘nggi hafta davomida ikkinchi bor Grozniyga uchib keldi. Checheniston rahbari Ramzon Qodirov hujumda ukrainlarning uchta droni ishtirok etganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchar qurilmalardan biri Rosgvardiyaning «Axmat-Grozniy» OMON bazasi hududiga qulagan, qolgan ikki dron havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilgan. Checheniston rahbari hujum oqibatida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar yo‘qligini aytgan.

Shu bilan birga, chechen muxolifatchilarining NIYSO telegram-kanali shaharda kamida beshta portlash ro‘y berganini xabar qilgan. NIYSO ma’lumotiga ko‘ra, ukrain dronlari hujumi nishoni OMON bazasi, Checheniston IIV patrul-post xizmatining ikkinchi polki hamda odamlar Ukrainadagi urushga yuboriladigan harbiy baza bo‘lgan. Qodirov ham, boshqa manbalar ham keyingi ikki obektga hujum haqida xabar bermagan.

Checheniston rahbari «hududdagi nishonlarga hujumlarga javoban yanada aniqroq va qattiqroq qasos zarbalari yo‘llanishi»ni aytgan. Uning aytishicha, hujumdan keyin rossiyalik harbiylarga razvedka aniqlagan, Xarkivdagi obektlardan birining hududida ukrain armiyasining ko‘plab harbiylari turgani to‘g‘risidagi operativ ma’lumot uzatilgan. Qodirovning yozishicha, Moskva vaqti bilan soat 12:00 da Rossiya armiyasi Xarkiv bo‘ylab «Iskander» kompleksidan ikkita raketa uchirgan, buning natijasida go‘yoki 200 nafar atrofidagi ukrain harbiysi halok bo‘lgan. Qodirov so‘zlariga hech qanday dalil keltirmagan, bu ma’lumot boshqa mustaqil manba orqali ham tasdiqlanmagan.

Rossiya chindan ham xuddi shu vaqtda Xarkiv bo‘ylab zarba berdi. Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov mahalliy vaqt bilan soat 11:11 da (Moskva vaqti bilan 12:11) rossiyalik harbiylar Xarkivning Kiyev rayoniga zarba yo‘llagani, natijada 48 yoshli ayol yaralangani to‘g‘risida xabar qoldirgan. Xarkiv shahri rahbari Igor Terexov esa rossiyalik harbiylar zarbasi «turar joy binolari joylashgan hudud»ga kelib tushgani, ammo uylarga tegmaganini aytgan. «Zarba yerga kelib urilgan», — deya yozadi Terexov.

Ukrainaning uchuvchisiz uchar qurilmalari Chechenistonga ilk bor 2024 yil 29 oktyabrida uchib kelgandi, dekabr oyida esa hududga hujumlar kuchaydi. Bungacha 4 va 12 dekabr kunlari ham hujum haqida xabarlar berilgandi: ikki holatda ham dronlar Grozniydagi Qodirovning qarorgohidan to‘rt kilometr masofada joylashgan, Axmat Qodirov nomidagi politsiya maxsus polki bazasiga kelib urilgan. 12 dekabr kungi zarba oqibatida to‘rt nafar politsiyachi yaralangan.

Mavzuga oid