Qabul va OTMda o‘qish jarayonlariga oid yangi qaror qabul qilindi. Qanday yangiliklar bor?
Yangi qaror bilan keyingi o‘quv yillaridan abituriyentlar kirish imtihonlarida ishtirok etib, keyin yo‘nalish tanlaydi, litseylar uchun yozma imtihon shakli olib tashlanadi, talabalar startaplari bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasi o‘rniga o‘tadi. Kun.uz qarordagi yangiliklar va ularning ahamiyati haqida mutaxassislardan izoh oldi.
3 iyul kuni prezident “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi. Unda ko‘rsatilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri 2024/2025 o‘quv yilidan abituriyentlar kirish imtihonlarida ishtirok etib, keyin yo‘nalish tanlaydi. Yangi tartibning abituriyentga beradigan afzalligi haqida Bilim va malakalarni baholash agentligi bo‘lim boshlig‘i Hasan Sobirov tushuntirish berdi.
“2019 yildan boshlab abituriyentlarga bir nechta ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyati berilgandi. O‘tgan yildan esa ta’lim yo‘nalishlarini turli ta’lim shakllarida (kunduzgi, kechki kabi) tanlash imkoni taqdim etildi. Bu o‘z samarasini ko‘rsatib, bilim darajasi yuqoriroq bo‘lgan abituriyentlarni qamrab olish imkoniyatini berdi. Endilikda abituriyentning o‘qishga kirish imkoniyatini oshirish uchun test javoblari chiqqandan keyin tanlov imkoniyati taqdim etiladi”, – deydi agentlik mutaxassisi.
Uning izohicha, bunda abituriyentlar tanlagan sohasi bo‘yicha fanlardan imtihondan o‘tadi va to‘plagan ballariga qarab ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi. Ya’ni OTMga kirish imkoniyati oshiriladi. Deylik, abituriyent ingliz tili ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha imtihon topshirdi va uning to‘plagan balli yetarli bo‘lmadi. Bunday holatda abituriyent test topshirgan fanlari to‘g‘ri keladigan va to‘plagan balli yetadigan boshqa yo‘nalishda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Hali buning batafsil mexanizm va tartiblari ishlab chiqiladi. Kvotalar masalasi ham bor. Teng ballilar ko‘payib ketishi mumkin bu vaziyatda, lekin qaysidir ta’lim yo‘nalishida talabalar soni ko‘payib ketmaydi”, – dedi Sobirov.
Yana bir jihat abituriyentlarga “davlat granti” yoki “ta’lim yo‘nalishi” ustuvorliklaridan birini tanlash va tanlagan ustuvorligi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ketma-ketligida tanlovda ishtirok etish huquqi berilishi bo‘ldi. Bu tartib o‘tgan o‘quv yili sinov tariqasida o‘tgan bo‘lsa, endilikda har yilgi qabulda saqlanib qoladi.
“Grant ustuvorligi tanlanganda, grantga tavsiya etish uchun ketma-ketlikdagi 5ta tanlangan joy ko‘riladi. Agar 5 tasida ham grant uchun ball yetarli bo‘lmasa, undan keyin xuddi shu tartibda to‘lov kontrakti asosida o‘qishga tavsiya etish bo‘yicha ko‘riladi. Ya’ni cheklov yo‘q, faqat ustuvorlikni tanlash imkoni beriladi. Masalan, abituriyent tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishida kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilyapti, ikkinchisida esa uning balli grant uchun yetarli. Shunday holatda abituriyent grant ustuvorligini tanlagan bo‘lsa, u ikkinchisi yo qolgan boshqa yo‘nalishlarda grant asosida tavsiya etiladi”, – deb izoh berdi Hasan Sobirov.
Qarordagi yana bir yangilik akademik litseylarga o‘quvchilarni qabul qilishda yozma imtihon bekor qilingani bo‘ldi. Vazirlik mutaxassisi Olimjon Yo‘ldoshev yozma imtihon olib tashlanganiga sabab abituriyentni sarson qilmaslik bo‘lganini aytadi.
“Oldingi yillarda bu tizimni ko‘rdikki, akademik litseylarga imtihon topshirayotganlar juda savodli, bilimli bolalar. Ular yozma imtihonni yaxshi topshirishyapti. Shuning uchun ularni yana bir marta ovora qilishni istamadik. Testdan ham yaxshi o‘tishyapti”, – deydi Yo‘ldoshev.
Shuningdek, qarorda keyingi o‘quv yillaridan talabalarga beriladigan imkoniyatlar ham ko‘rsatilgan. Masalan, 2023/2024 o‘quv yilidan talabaning startap loyihasi hamda ratsionalizatorlik g‘oyasini bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasi sifatida qabul qilinadi. Xo‘sh, bu hamma ta’lim yo‘nalishi uchun amal qiladimi va tartibi qanday bo‘ladi?
Bu haqda Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar bo‘lim boshlig‘i Inoyatullo Ne’matov ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida bitiruv malakaviy ish va magistrlik dissertatsiyasiga mos bo‘lgan Startap loyihalari bitiruv ishi sifatida qabul qilinadi.
“Bunday amaliyot kelajakda talabalarning innovatsion g‘oyalar ustida ishlashiga sharoit yaratib beradi. O‘z loyihalariga, biznes rejalariga ega bo‘lgan kadrlar yetishtirish imkoniyatini beradi bunday amaliyot. Rag‘batlantirish sifatida qo‘llash bo‘ladi”, – deydi Ne’matov.
O‘tgan o‘quv yildan boshlab OTMda masofaviy ta’lim yo‘nalishida ham kvotalar ajratiladigan bo‘ldi. 2023/2024 yilda ham shu yo‘nalishda 2825ta kvota ajratildi. Kun.uz muxbiri mutaxassisdan bu tartib o‘zini qanchalik oqlagani masalasida ma’lumot oldi.
Ne’matovning ma’lumot berishicha, masofaviy ta’lim kelajak ta’lim shakli hisoblanadi. Sirtqi ta’lim o‘z samarasini ko‘rsatmayapti hozir, shuning uchun uning o‘rniga gibrid yoki masofaviy ta’lim joriy etib boriladi.
“Masofaviy ta’lim deyapmiz, lekin bu gibrid shakl. Talaba baribir OTMga kelishi kerak. Yakuniy nazoratlarni topshirish uchun talaba o‘qishga keladi”, – deydi vazirlik vakili.
Mutaxassis bu tizimni joriy qilishda ayrim muammolar yuzaga kelganini ham aytdi. Masalan, kontentlar shakllantirish, videodarslar, topshiriqlar, sinxron va asinxron shaklda ta’lim jarayonini tashkil etish kabi masalalar bor. Yangi tizim bo‘lgani uchun bir qator: talabalar bilan muloqot qilish, vazifa berish, resurs bilan ta’minlash, nazorat ishlari o‘tkazish kabilarda muammolarga duch kelingan.
“Masofaviy ta’limning rivojlanishida to‘siq bo‘layotgan internet tezligi, foydalana olish imkoniyati, chekka hududlarning ham ta’minlanishi kabi muammolar bor. Bundan tashqari, shaxsning identifikatsiyani aniqlovchi dasturlar o‘rnatishda muammolar bo‘ldi. Umuman, shu jarayonlar to‘liq va talab darajasida bajarilishiga vaqt kerak. O‘rganishlar natijasida kamchiliklar topilyapti va joyida bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilyapti”, – dedi Inoyatullo Ne’matov.
Jurnalist – Zuhra Abduhalimova
Tasvirchi – Javohir Yo‘ldoshev
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
12:22 / 23.12.2024
Kurash trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilish yo‘lga qo‘yiladi
15:21 / 19.12.2024
Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
09:30 / 04.12.2024