Jahon | 13:13 / 06.07.2023
17343
8 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘ uchun Donbass ssenariysi: arman-ozarboyjon mojarosi keskinlashuvidan kim manfaatdor?

Ozarboyjon va Armaniston sulh shartnomasi imzolash sari qadamlar tashlar ekan, Rossiya Kavkaz ortida o‘z ta’sir kuchini saqlab qolishga urinishlardan aslo voz kecha olmayapti. Biroq Ozarboyjon kichik va katta provokatsiyalarga qiynalmasdan javob qaytara olyapti.

Qorabog‘da Ozarboyjon armiyasi askarlari. Foto: caliber.az

O‘tgan haftada Vashington ostonasidagi Arlington shaharchasida Ozarboyjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari Jayxun Bayramov va Ararat Mirzoyan o‘rtasida uch kunlik muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar mavzusi 2020 yil noyabrida Ozarboyjonning to‘liq g‘alabasi bilan yakunlangan Ikkinchi Qorabog‘ urushidan so‘ng ikkitomonlama munosabatlarni tartibga solish mavzusiga bag‘ishlandi. Muzokaralarda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken faol ishtirok etdi.

Muzokaralar yakunida Blinken Kavkazorti davlatlarida tinch tartibga keltirishda olg‘a siljish kuzatilgani haqida gapirdi. «Uch kun davomida olib borilgan keng ko‘lamli ishlar uchun rahmat. Erishilgan ilgarilash va keyingi haftalar va oylar davomida bu yo‘nalishda ishlarni davom ettirish qat’iyati uchun tashakkur bildiraman», — degandi Blinken 29 iyun kuni.

Lekin hammasi bu qadar xayrli yakunlanmasligi ham mumkin edi. Muzokaralar o‘tkazilayotgan chog‘da Qorabog‘ mojarosi zonasida keskinlashuv kuzatildi. RF mudofaa vazirligi va bir qator arman nashrlari xabarlariga ko‘ra, 28 iyun kuni Ozarboyjon qurolli kuchlari artilleriya va pilotsiz uchar qurilmalardan foydalanib, Qorabog‘ning Oqdara va Xo‘javand tumanlarida joylashgan arman guruhlari pozitsiyalariga zarba bergan va oqibatda to‘rt (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra besh) nafar arman harbiylari halok bo‘lgan.

Bu voqealar fonida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi Milliy yig‘ilishi (parlamenti) Vashingtondagi arman delegatsiyasidan «Qorabog‘dagi va Armaniston chegarasidagi to‘qnashuv chiziqlarida otashkesimga to‘liq erishilgunga qadar boshlangan muzokaralarini zudlik bilan to‘xtatish»ni talab qildi. Biroq tan olinmagan respublika parlamentchilarining bu otashin chaqiruvi Vashingtondagi rasmiy arman delegatsiyasi tomonidan rad etildi. Muzokaralar davom ettirildi va AQSh Davlat departamenti rahbari tomonidan muvaffaqiyatli deb baholandi.

O‘sha kunlari Qorabog‘da ro‘y bergan voqealar bo‘yicha Ozarboyjon tomonining o‘z talqini bor. Unga ko‘ra, 27 iyun kuni (ya’ni, Vashingtonda muzokaralar boshlanayotgan chog‘da) Qorabog‘dagi «noqonuniy arman guruhlari» Ozarboyjon kuchlari pozitsiyalariga qarata o‘t ochgan va natijada ozarboyjonlik harbiy yarador bo‘lgan. Bunga javoban 28 iyun kuni Ozarboyjon armiyasi «Qahr» operatsiyasini o‘tkazgan va Qorabog‘dagi arman ayirmachilariga qarata o‘t ochgan.

Siyosatshunos va jurnalist Aleksandr Jyelenin Qorabog‘dagi bu keskinlashuv kim uchun kerak bo‘lgani va u qanday yo‘llar bilan o‘z maqsadiga erishmoqchi ekani haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Rasmiy Yerevanning Qorabog‘ mojarosini va rasmiy Boku bilan munosabatlarning butun majmuasini tartibga solish bo‘yicha prinsipial pozitsiyasi avvalroq mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan tomonidan bayon qilingan edi: Armaniston Ozarboyjonning xalqaro e’tirof etilgan chegaralarini tan olishga tayyor. Bu oddiy, biroq uning mamlakatidagi juda ko‘pchilikka yoqmaydigan narsani anglatadi. Ya’ni ko‘proq arman tilida so‘zlashuvchi aholi joylashgan, uning uchun ko‘p qon to‘kilgan Qorabog‘ 30 yillik chala mustaqillikdan so‘ng Ozarboyjon tarkibiga qaytariladi.

Armanistonda, tabiiyki, o‘zlarining «urush partiyasi» bor va ular albatta Qorabog‘ning Ozarboyjonga qaytarilishini eshitishni ham xohlamaydi. Biroq, yodda tutish joizki, bu «partiya» (aslida bir necha partiyalar) 2020 yilning noyabrida Ikkinchi Qorabog‘ urushidan so‘ng 2021 yilgi parlament saylovlarida qaqshatkich tarzda mag‘lubiyatga uchragan. O‘shanda realist Nikol Pashinyanning «Fuqarolik kelishuvi» tinchlik partiyasi g‘olib chiqqan edi. Sirasini aytganda, bu arman jamoatchiligining Qorabog‘ uchun kurashni davom ettirish-ettirmaslik masalasiga javobi edi.

Bu tomonda tan olinmagan TQR rahbariyati Ozarboyjon tarkibiga qaytishga qat’iy qarshi. O‘zini mustaqil deya e’lon qilib olgan respublika milliy yig‘ilishi raisi Artur Tovmasyan shunday degan: «Qorabog‘ hech qachon mustaqil Ozarboyjon tarkibida bo‘lmagan va bo‘lmasligi kerak, bu boradagi har qanday muloqotlarni biz qabul qilmaymiz. Bu bizning qizil chizig‘imiz va uni hech kim buzish huquqiga ega emas».

Qorabog‘dagi parlamentchilar o‘zlari topinadigan Rossiya rahbariyatidan «RF tinchlikparvar missiyasi doirasida Ozarboyjonning aksilinsoniy va genotsidial harakatlariga yanada qat’iyroq usullar bilan javob qaytarish»ni talab qilmoqda.

Lekin ko‘rib turibmizki, bu otashin istaklar ham, qurolli provokatsiyalar ham o‘z maqsadiga erisha olmadi. Tan olinmagan TQR vakillarining murojaatiga Vashingtonda nafaqat Ozarboyjon delegatsiyasi, hattoki Armaniston delegatsiyasi ham e’tibor qaratmadi.

Qorabog‘dagi provokatsiyalar muallifi kimligiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ochiq-ravshan ko‘rinib turibdiki, Ozarboyjon muzokaralarning ayni bosqichi barbod bo‘lishidan manfaatdor emas, chunki ular muzokaralarni g‘oliblar pozitsiyadan olib bormoqda. Boz ustiga, ular armanlarni eng asosiy yon berishga — xalqaro e’tirof etilgan chegalarni tan olish va Qorabog‘ ustidan o‘z suverenitetini tiklash huquqiga ega ekanligiga majbur qila olishdi.

Pashinyan hukumati Boku bilan konstruktiv muzokaralarni davom ettirish va u bilan sulh shartnomasi imzolashdan manfaatdor. Ozarboyjon bilan yangi urushga kuch ham, mablag‘ ham yo‘q. O‘zining KXShT bo‘yicha ittifoqchisi Rossiyadan umid qilmaslik kerakligini 2020 yil voqealari ham ko‘rsatib berdi. Ukrainaga urush ochishidan avvalgi holatda ham Moskva harbiy blok bo‘yicha rasmiy sherigi himoyasiga turib bermadi. Endi 16 oylik bu urushdan so‘ng Kremlning pozitsiyalari yanada zaiflashdi. Prigojinning isyoni, Putin va uning «vertikali»ning esankirab qolib, notavon ahvolga tushib qolgani Rossiya nufuzini yanada pasaytirdi.

Biroq, Kreml kichik, joyi kelsa yirik nobop ishlardan bo‘yin tovlamoqchi emas. Ular Kavkaz ortida o‘z ta’siri kuchini saqlab qolishdan ham voz kechmoqchi emas.

Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi sulh shartnomasi Kremlning bu mintaqadagi ta’sir kuchi tugaganini anglatadi. Sulh shartnomasi tuzilgach, eng kamida Rossiyaning Armanistonning Gyumri shahrida joylashgan, Qorabog‘ urushida o‘zining befoyda ekanini namoyish etgan harbiy bazasining maqsadga muvofiqligi masalasi ko‘tariladi.

Tan olinmagan TQRning Vashingtondagi arman delegatsiyasiga murojaatida «to‘qnashuv chiziqlarida otashkesim to‘liq ta’minlanmagunicha boshlangan muzokaralarni zudlik bilan to‘xtatish» talabi qo‘yilgani bejiz emas. Mohiyatan, bu Donbass ssenariysining o‘zginasi. Chunki tan olinmagan respublika hech qachon «to‘liq otashkesim»ga rioya qilmaydi va qachonlardir Moskva o‘ziga kelib, bir bahona o‘ylab topib, ular uchun jangga kirishishi uchun zamin hozirlab turadi. Ukrainada aynan shunday bo‘ldi.

Ozarboyjonni ham, uning ortida turgan Turkiyani ham, Yevropa Ittifoqini ham, AQShni ham, hattoki Armanistonni ham bu variant aslo qoniqtirmaydi. 27-28 iyun hodisalari shuni ko‘rsatdiki, kichik, joyi kelsa katta provokatsiyalarga Boku qiynalmasdan javob qaytara oladi. 

Mavzuga oid