Jahon | 15:03 / 06.07.2023
34059
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Lvivga urush boshidan buyon eng yirik hujumni amalga oshirdi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Lviv bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. Ko‘p kvartirali turar joy binosining bir qismi qulab tushgan, tinch aholi vakillari halok bo‘lgan va yaralangan. Shahar meri bu urush boshidan buyon qilingan eng yirik hujum bo‘lganini ma’lum qildi. Ukrain harbiylari shaharga Qora dengiz hududidan turib uchirilgan «Kalibr» raketalari kelib tushganini bildirdi.

Foto: Presidential Press Service / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina IIV turar joy binosining uchta pod’yezdida uchinchi va to‘rtinchi qavatlar vayron bo‘lgani, kamida to‘rt kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Ukraina FVDX ma’lumotlariga ko‘ra, 37 kishi yaralangan, ular orasida yosh bola ham bor. Xarobalar ostidan 7 kishi qutqarilgan.

Xarobalarni tozalash ishlari davom etmoqda. Uyning qulab tushgan uchta pod’yezdi vayronalari ostida hamon odamlar qolayotgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina QK havo kuchlari ma’lum qilishicha, tungi soat bir atrofida Qora dengiz akvatoriyasidagi kema va suvosti kemasidan «Kalibr» qanotli raketalari bilan zarbalar yo‘llangan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, avvaliga mahalliy relef va Dnipro o‘zanidan foydalangan holda shimoliy yo‘nalishda harakatlanib, keyin yo‘nalishni keskin g‘arbga o‘zgartirgan bir necha raketalar guruhi qayd etilgan.

Bayonotda aytilishicha, yakunda ukrain kuchlari 10 ta «Kalibr» qanotli raketasidan yettitasini to‘xtatgan. Qolgan uchtasi Lvivdagi fuqarolik obektlariga kelib urilgan.

Ko‘p kvartirali uyga eng ko‘p zarar yetgan, bu yerda uchta pod’yezdda uchinchi va to‘rtinchi qavatlar vayron bo‘lgan, xarobalar ostidan to‘rt kishining jasadi olib chiqilgan.

Lviv meri Andriy Sadoviy tunda uyga rossiyaliklar raketasi qoldiqlari tushganini aytgandi, ammo oblast harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy binoga raketa to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilganini tasdiqladi. Prokuratura ham bu versiyani qo‘llab-quvvatlagan: rossiyaliklar raketasi kelib urilgan.

«„Rus dunyosi“ Lvivga shunday qilib keldi», — degan u vayron bo‘lgan uy fonida olingan videoda. Tungi chiqishida u Lvivda boshqa muhim infratuzilma obekti ham zarbaga uchraganini ma’lum qilgandi.

Merning hisoblariga ko‘ra, shaharda jami 35 ta uy shikastlangan. «Bu keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Lvivda fuqarolik infratuzilmalariga qilingan eng katta hujumdir, — deya yozgan tunda Sadoviy o‘z telegram-kanalida. — Uylarning tomlari butunlay uchib ketgan».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning telegram-kanalida tongda Lvivdagi vayrongarchilikning dron orqali olingan videosi e’lon qilindi. «Dushmanga javob albatta bo‘ladi. Sezilarli darajada», — degan Zelenskiy.

Vayronalar ostidan odamlarni qidirish ishlari davom etmoqda
Foto: t.me/mvs_ukraine

Raketa parchalaridan jami 60 kvartira vayron bo‘lgan. Boshpanasidan ayrilgan odamlar mehmonxonalarga yoki Striyskiy parkidagi modul shaharchaga joylashtiriladi. Turar joylarni tiklash uchun 100 million grivna ajratiladi. Zarba oqibatida 50 avtomobil shikastlangan.

Raketa zarbasi vaqtida shaharda kamida o‘nta boshpana yopiq bo‘lgan. Politsiya tekshiruv ishlarini boshlagan. Kozitskiyning xabariga ko‘ra, vayron bo‘lgan uy atrofidagi boshpanalar zarba chog‘ida ochiq bo‘lgan, ammo o‘shanda unga faqat besh kishi yashiringan.

Gubernator Kozitskiy shuningdek Lviv oblastida turli rayonlardagi ikki qishloqqa raketa parchalari tushganini aytgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, bu hududlarda jabrlanganlar bo‘lmagan.

Lvivda yashovchi Pavel bu tundagi voqealar haqida BBC Ukraina xizmatiga so‘zlab bergan, uning kvartirasi zarba oqibatida butkul vayron bo‘lgan, o‘zi esa oilasi bilan birga bazo‘r omon qolishgan. Tunda trevoga yangraganida, ular avvaliga vannaxonaga chopishgan, yaqin atrofda raketa qulaganidan keyin esa qo‘shni pod’yezdning yerto‘lasidagi boshpanaga yo‘l olishgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p o‘tmay uyga raketa kelib urilgan va ularning pod’yezdini va uyning butun qanotini vayron qilgan.

«Men, rafiqam va bolam changga belandik, ammo yerto‘la bizni qutqardi», — deydi Pavel. Shundan keyin, ular yerto‘ladan chopib chiqishgan, politsiya esa ularni yaqindagi xiyobonga yuborgan. Ular parkka borishganida, yaqin atrofda yana portlash ovozlari eshitilgan.

«Lviv. Shaharning tarixiy qismi YuNeSKO merosi ro‘yxatida. Rossiya raketasi zamonaviy Yevropa davlatida fuqarolar ustiga uchib kelmoqda. Odamlar halok bo‘lmoqda. Bunga jim turish va ko‘z yumish mumkin emas», — deya yozgan Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andriy Yermak o‘z telegram-kanalida.

Rossiya mudofaa vazirligi va Rossiya hukumati hozircha Lviv bo‘ylab raketa zarbasi yuzasidan izoh bermadi.

Sadoviyning xabar qilishicha, shaharda rossiyaliklar zarbasi qurbonlari xotirasiga ikki kunlik motam e’lon qilinadi.

Lvivga raketa zarbasi oqibatida jabrlangan tinch aholi vakilini olib chiqayotgan qutqaruvchilar
State Emergency Service of Ukraine / Reuters / Scanpix / LETA
Foto: Presidential Press Service / Reuters / Scanpix / LETA
Foto: Presidential Press Service / Reuters / Scanpix / LETA

Mavzuga oid