Ucell kompaniyasi va markirovkalash operatoriga egalik qiluvchi holding ta’sischilari o‘zgardi
Alisher Usmonovga aloqador Digital Invest kompaniyasi, AQSh sanksiyasiga uchrashi ortidan, Digital Holding'dagi ulushlarining qariyb 5 foizini begonalashtirdi va endilikda holding ulushlarining nazorat paketi egasi hisoblanmaydi.
Ucell aloqa operatori, CRPT Turon markirovkalash kompaniyasi va ICS Holding Uzbekistan'ga egalik qiladigan “Digital Holding” MChJ ta’sischilari ro‘yxatida o‘zgarish ro‘y berdi.
Jamiyat ta’sischilari qatoriga 4,9 foiz ulush bilan jismoniy shaxs Kim Vadim Anatolevich qo‘shildi. O‘z navbatida, Rossiyaning Digital Invest kompaniyasining ulushi xuddi shunchaga kamayib, 51 foizdan 46,1 foizga tushdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 49 foizlik ulushi o‘zgarishsiz qoldi.
Bu holat Digital Invest'ga AQSh sanksiyalari qo‘llanishi ortidan ro‘y bermoqda. Aprel oyida AQSh Moliya vazirligi Alisher Usmonovga aloqador kompaniyalar qatorida Digital Invest'ni ham qora ro‘yxatga kiritgandi. Sanksiyaga uchragan bu kompaniya yuqoridagi o‘zgarish natijasida endilikda Digital Holding kompaniyasidagi ulushlarning nazorat paketi egasi hisoblanmaydi.
Qayd etish lozim, AQSh yuqoridagi sanksiyani e’lon qilish asnosida, Digital Invest va “MegaFon” foydasiga istisno haqida ham ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, Amerika fuqarolari va kompaniyalari Rossiyaning bu ikkita kompaniyasi bilan Tojikiston va O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan har qanday bitimlarni tuzishi, xususan ularga Amerika mahsulotlari va texnologiyalarini ularga sotishi mumkin.
Digital Holding ishtirokchisiga aylangan Kim Vadim Anatolevich ayni paytda yana kamida to‘rtta korxonaning ham ta’sischisi hisoblanadi. U “Vakdesign” XK (tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish), “Malon Commerce” XK (bojxona agentlarining xizmatlari), “G-Will” MChJ (ovqatlanishni tashkil qilishning boshqa turlari) va “E-Car Dealer” MChJ (boshqa toifalarga kiritilmagan, axborot xizmati ko‘rsatish bo‘yicha boshqa faoliyat)ning yagona ta’sischisi sifatida ko‘rsatilgan.
O‘tgan kunlarda Digital Holding'ning ta’sischilari bilan birga, uning yuridik nomi ham o‘zgargan. Gazeta.uz'ning yozishicha, 3 va 5 iyul kunlari holatiga davlat reyestrida korxona nomi bitta harfni olib tashlagan holda Digital Olding sifatida qayd etilgan, 5 iyul oqshomda avvalgi nomi qaytarib qo‘yilgan.
Rossiyaning Digital Invest kompaniyasi Digital Holding'dagi ulushidan 4,9 foizini qay tarzda begonalashtirgani (oldi-sotdi yoki boshqacha tarzda voz kechish) ma’lum emas. Agar bu oldi-sotdi tarzida ro‘y bergan bo‘lsa, u holda MChJlar to‘g‘risidagi qonunga asosan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligida sotilayotgan ulushni sotib olishda uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquq yuzaga kelgan bo‘ladi. Kun.uz bu borada aniqlik kiritishni so‘rab, agentlik matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.
Digital Holding haqida
Digital Holding – 2019 yilda O‘zbekiston hukumati va milliarder Alisher Usmonovga qarashli “MegaFon” o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma korxona hisoblanadi.
Qo‘shma korxona Ucell aloqa operatori hamda USM'ning shu’ba korxonalari – “CRPT Turon” va “ICS Holding Uzbekistan”ni o‘z ichiga oladi.
2019 yilda qabul qilingan prezident qaroriga muvofiq, qo‘shma korxonaning 51 foiz ulushi “MegaFon” va “USM Telecom”ning qo‘shma korxonasi hisoblangan “Digital Invest”ga, 49 foizi esa O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli bo‘lishi belgilangandi.
Qarorda “Digital Holding” zimmasiga respublikada axborotlashtirish sektori samaradorligini oshirish va zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishda maslahat yordamini ko‘rsatish, xalqaro standartlarga muvofiq raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun yuqori texnologik telekommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirishga hissa qo‘shish, O‘zbekiston Respublikasi hududida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va ularni taqdim etish sifatini oshirish maqsadida mavjud telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish va yangi telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish kabi vazifalar yuklangan.
Bundan tashqari, kompaniya mahsulotlarning ayrim turlarini markirovka qilish va ularning harakatini nazorat qilish (kuzatib borish) tizimini yaratishda ishtirok etishi belgilangan.
Kompaniyaga bir qator imtiyozlar berildi. Xususan, “COSCOM” MChJ, “CRPT Turon” MChJ, “ICS Holding Uzbekistan” MChJ va “Digital Holding” MChJning boshqa shu’ba korxonalari foydasini taqsimlashda va dividendlarni to‘lash jarayonida to‘lov manbaida yuzaga keladigan dividendlar ko‘rinishidagi daromadlardan kelib chiqadigan foyda solig‘idan ozod etildi.
Shuningdek, “Digital Holding”ni tashkil etish paytidagi uning ustav fondini shakllantirish jarayonida, shuningdek, ustav fondining kelgusida ko‘paytirilishi jarayonida yuzaga keladigan yoki hisoblangan soliqlarning barcha turlaridan ham ozod etildi.
Mavzuga oid
23:23 / 04.12.2024
Alisher Usmonov FIE prezidentligiga saylanganidan biroz vaqt o‘tib, lavozimini ixtiyoriy ravishda topshirdi
17:14 / 30.11.2024
Kipr Alisher Usmonovning singlisini “oltin pasport”dan mahrum qildi
16:36 / 30.11.2024
Alisher Usmonov FIE rahbarligiga qaytdi
17:38 / 04.11.2024