Jahon | 11:20 / 08.07.2023
25407
14 daqiqa o‘qiladi

Bir inson taqdiri – 2-jahon urushida uchta armiya safida jang qilgan koreys haqida hikoya

1944 yilda Normandiya qirg‘oqlariga tushirilgan ittifoqchilar armiyasi nemislarga qarshi jangda g‘alaba qozonadi. Asir tushganlar orasida osiyo millatiga mansub askarlar ham bor edi. Amerikaliklar ulardan birini yapon deb o‘ylaydi va suratga oladi. Biroq asir yapon emas, koreys edi. Keyinchalik surat e’lon qilinganda koreysning o‘zaro dushman bo‘lgan Yaponiya, SSSR va Germaniya armiyalari safida xizmat qilgani va Fransiyaga borib qolgani oshkor bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushi Er yuzi bo‘ylab ko‘plab insonlar hayotiga ta’sir ko‘rsatgan. Millionlab insonlar halok bo‘lgan, boshqalari nogironga aylangan. Ota-onalar farzandlaridan ayrilgan, bolalar yetim qolgan.

Bu urushda g‘aroyib sarguzashtlarga duch kelgan insonlar ham talaygina. Ulardan biri koreys millatiga mansub Yan Kyonjon hisoblanadi. Bu inson urushga Uzoq Sharqda qo‘shiladi va uni Yevropa g‘arbida tugatadi.

Yan Kyonjonning mashhur bo‘lishiga 1944 yilda olingan bir fotosurat sabab bo‘ladi. O‘sha fotosuratda Yan o‘zini asir olgan amerikalik askarlar bilan birga tasvirlangandi.

Suratning orqa tomoniga «yapon asiri amerikalik zobitga ism-sharifini aytmoqda», deb yozilgan, biroq «yapon»ning ism-sharifi ko‘rsatilmagan edi. Shu sababli suratda hech kim koreys millatiga mansub askar tasvirlanganini bilmas, barcha uni Germaniya armiyasida xizmat qilgan yapon deb o‘ylaydi.

Keyinchalik suratda yapon emas, koreys millatiga mansub shaxs tasvirlangani ochiqlanadi. Biroz o‘tib uning ism-sharifiga oydinlik kiritiladi. Shu tariqa Yan Kyonjon haqida butun dunyo xabar topadi.

Yan Kyonjon haqidagi ilk ma’lumotlar

1994 yilda amerikalik tarixchi Stiven E. Ambroz o‘zining «D» kuni. 1944 yil 6 iyun» kitobida Normandiyada asirga olingan to‘rt koreyalik harbiy asirni eslab o‘tadi.

Kitobda yozilishicha, to‘rt koreysning barchasi Ikkinchi jahon urushidan avval Xalxin-Golda yaponlar bilan o‘tgan to‘qnashuvda sovet askarlariga asirga tushadi. Urush boshlangach GULagda saqlanayotgan koreyslar nemislarga qarshi jangga yuboriladi.

1943 yilda Xarkov uchun bo‘lgan janglarda koreyslar nemislar tomonidan asirga olinadi va ittifoqchilarga qarshi jang uchun Fransiyaga yuboriladi. Shu tariqa ular Normandiyada paydo bo‘lishadi.

«Yuta» (Normandiyadagi ittifoqchi kuchlar kelib tushgan qirg‘oq shunday atalmoqda) qirg‘og‘ida AQSh qurolli kuchlarining 101-havo-desant diviziyasi 506-parashyut piyoda polki leytenanti Robert Bryuyer nemis harbiylari formasida bo‘lgan to‘rt nafar osiyolikni qo‘lga oldi. Ma’lum bo‘lishicha, ularning barchasi koreyslar ekan. Koreyslar qanday qilib Hitler armiyasi safida paydo bo‘lib qoldi? Aftidan, ular 1938 yilda Yaponiya armiyasiga chaqirilgan (Koreya o‘sha paytda Yaponiya mustamlakasi edi). 1939 yilda ular chegara hududdagi janglarda sovetlarga asirga tushib, qizil armiya safida xizmat qilgan. 1941 yil dekabr oyida Moskva yaqinida nemis harbiylari tomonidan asirga olingan va biroz o‘tib nemis askarlari sifatida Fransiyaga yuborilgan. (Leytenant Bryuyer koreyslarning keyingi taqdiridan bexabar qolgan. Agar Koreyaga ketgan bo‘lishsa, ular 1950 yilda Koreya yarimorolida boshlangan fuqarolar urushida Janubiy yoki Shimoliy Koreya armiyasiga xizmatga chaqirilgan bo‘lishlari va amerikaliklar tomonidan yoki ularga qarshi urushgan bo‘lishlari mumkin. 20-asrda odamlar mana shunday g‘alati taqdirlarga duch keldilar)», deyilgandi Stiven E. Amrbrozning kitobida.

Yan Kyonjonni mashhur qilgan fotosurat

Stiven E. Amrbrozning kitobida amerikaliklar tomonidan asirga olingan to‘rt koreysning ism-sharifi yo‘q edi. Shu sababli Janubiy Koreyada ularning kim bo‘lganiga qiziqish paydo bo‘ladi.

Koreys OAV xodimlari va tarixchilari to‘rt koreys haqida ma’lumot qidira boshlaydi va ulardan biri tasvirlangan fotosuratni topadi.

2002 yilda Janubiy Koreyaning Weekly Korea jurnalida o‘sha fotosurat e’lon qilinadi va u haqda maqola chop etiladi.

Maqolada yozilishicha, surat 1944 yilda amerikaliklar tomonidan nemis harbiylari formasida bo‘lgan bir necha osiyolik asirga olingan paytda tushirilgan.

Suratning orqa tomoniga «yapon asiri amerikalik zobitga ism-sharifini aytmoqda», deb yozilgandi. Biroq «yapon»ning ism-sharifi yo‘q edi.

1944 yilda amerikalik harbiylar tomonidan olingan surat. Germaniya armiyasi formasida bo‘lgan Yan Kyonjon amerikalik harbiylar oldida.

Foto: www.alamy.com

Maqolada 1944 yilda amerikalik harbiylar tomonidan tushirilgan fotosuratda tasvirlangan shaxs yapon asiri deyilgan bo‘lsa-da u odam koreys ekani aytilgandi. Biroq suratdagi koreysning kim ekani noma’lumligicha qolgandi.

2005 yilda Koreyaning SBS telekompaniyasi suratdagi shaxs kimligini aniqlash uchun jurnalistik tekshiruv o‘tkazadi. Buning uchun telekanal jurnalistlari Germaniya, Fransiya va AQShda bo‘ladi.

Ular Germaniya Bundesarxivi va Amerikaning milliy arxiv boshqarmasi – NARA hujjatlarini o‘rganadi. Jurnalistlar «Normandiyadagi koreys askari» kimligini aniqlay olmaydi.

Biroq boshqa tafsilotlar ochiqlanadi. Unga ko‘ra fotosuratdagi koreys askari va boshqa koreyscha ism-sharifli harbiylar nemislarning Atlantika qirg‘oqlarini himoya qiluvchi batalonlarida xizmat qilishgan.

2012 yilda britaniyalik tarixchi Entoni Bivor fotosuratdagi odamning shaxsini aniqlaydi va bu haqda o‘zining «Ikkinchi jahon urushi» («The Second World War») kitobida ma’lumotlar keltiradi.

Unga ko‘ra fotosuratdagi harbiyning ism-sharifi Yan Kyonjon bo‘lib, u avvaliga Yaponiya armiyasida, so‘ng qizil armiya hamda Vermaxt (Hitler armiyasining nomi) safida xizmat qilgan. 1944 yilda ittifoqchilar qo‘shini Normandiyaga tushgandan so‘ng amerikaliklar tomonidan asirga olingan.

Entoni Bivor o‘z asarida Yan Kyonjon haqida shunday deydi:

«Butun dunyo bo‘ylab davom etgan va millionlab insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan urushda yapon, sovet va nemis armiyalarida xizmat qilgan bu urush faxriysiga omad kulib boqadi. Shunday bo‘lsa-da, Yan Kyonjon oddiy odamlar tarixiy kuchlar qarshisida ojiz ekanining eng yorqin namunasi bo‘lib qolaveradi».

Entoni Bivor fotosuratda tasvirlangan asir haqidagi ma’lumotlarni internetdagi turli blok va forumlarda joylashtiradi. Shundan so‘ng nafaqat Janubiy Koreyada, Ikkinchi jahon urushi bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan boshqa tarixchilarda ham Yan Kyonjon shaxsiga qiziqish kuchayib ketadi.

Yan Kyonjonning murakkab hayoti – Yaponiya armiyasida xizmat

Yan Kyonjon 1920 yilda Koreya yarimoroli shimolidagi Siniyju shahrida tug‘iladi. O‘sha paytda Koreya yarimoroli Yaponiya tomonidan bosib olingan, hudud Koreya general-gubernatorligi deb atalardi.

Koreya yaponlar tomonidan boshqarilar ekan, 18 yoshga to‘lgan Yan Kyonjon Yaponiya qonunlariga binoan harbiy xizmatga chaqiriladi va yapon armiyasiga borib qo‘shiladi.

1939 yilda yaponlar Mo‘g‘ulistondagi hududlarini kengaytirishga qaror qiladi va Xalxin-Gol daryosi bo‘yida chegara hududda sovet harbiylariga hujum qiladi.

Avvaliga sovet harbiylari chekinishga majbur bo‘ladi. Biroq vaziyat Georgiy Jukov tomonidan nazoratga olingach yaponlarga qarshi qo‘shimcha kuchlar yuboriladi. Natijada yaponlar yengiladi va avvalgi marralariga qaytadi.

Janglardan birida Yan Kyonjon sovet askarlariga asirga tushib qoladi. Sovetlar uni mamlakat ichkarisidagi qamoqxona lageriga jo‘natib yuboradi.

Sovet armiyasi safida

1941 yilda Hitler Germaniyasi SSSRga hujum boshlagach kuchlar teng bo‘lmagani uchun sovet armiyasi chekina boshlaydi. Shunda qamoqxona lagerlarida saqlanayotgan turli mahbuslardan jazo batalonlari tashkil etiladi.

Yan Kyonjon ham boshqa mahbuslar bilan birga jazo bataloniga qo‘shiladi va 1942 yilda frontga jo‘natib yuboriladi. U endi sovet armiyasi safida turib nemislarga qarshi jang qila boshlaydi.

Germaniya armiyasida

1943 yilda Xarkov va Belgorod uchun bir necha marta qaqshatqich janglar bo‘lib o‘tadi. Ularda Yan Kyonjon xizmat qilayotgan batalon jangchilari ham qatnashadi.

Qisqa muddatda Xarkov uch marta qo‘ldan qo‘lga o‘tadi. Nemislar qo‘lida bo‘lgan shaharni hujum qilib borayotgan sovet harbiylari ozod qiladi. Biroq bir necha kundan so‘ng nemislar qarshi hujum tashkil etadi va Xarkovni qayta egallaydi. Ana shunda Yan Kyonjon nemislarga asirga tushib qoladi.

Koreys nemislarning harbiy asirlar lagerida ham uzoq qolib ketmaydi. O‘sha paytda mag‘lubiyatga uchrayotgan nemislarga askarlar suv va havoday zarur edi. Shu uchun ular Yan Kyonjonni armiya safiga qabul qilib Fransiyaga jo‘natib yuborishadi. U xizmat qilayotgan harbiy qism Fransiyaning dengiz qirg‘oqlarini himoya qila boshlaydi.

Amerikaliklar asiri va Britaniyadagi lager

1944 yilda AQSh va Britaniya harbiylaridan iborat ittifoqchilar qo‘shini Fransiya shimolidagi Normandiyaga tushiriladi. Shundan so‘ng Yan Kyonjon xizmat qilayotgan harbiy qism ularga qarshi jangga tashlanadi.

Janglardan birida Yan Kyonjonni amerikalik harbiylar asirga olishadi. AQSh qurolli kuchlari 101-desant diviziyasi 506-havo-desant polki leytenanti Robert Bryueyerning eslashicha, janglardan birida ular Germaniya armiyasi formasida bo‘lgan, ko‘rinishi osiyolikka o‘xshovchi to‘rt nafar harbiyni asirga olishadi. Ulardan biri Yan Kyonjon edi.

Avvaliga amerikalik harbiylar ularni so‘roq qila olmaydi. Chunki asirlarning tilini tushunadigan odam topilmaydi. O‘sha paytda Yaponiya va Germaniya ittifoqchiligi inobatga olinib Yan va uning sheriklarini yapon deb taxmin qilishadi.

Ko‘p o‘tmay amerikaliklar Yan Kyonjonni Britaniyadagi harbiy asirlar lageriga jo‘natib yuborishadi. 1945 yil may oyida Germaniya mag‘lub bo‘lgach Britaniyada saqlanayotgan barcha harbiy asirlar ozod qilinadi. Shu jumladan Yan Kyonjon ham.

Ikki yil Britaniyada yashagan Yan 1947 yilda AQShga ko‘chib ketadi va Illinoys shtatida, Chikago shahri yaqinida yashay boshlaydi.

Keyinchalik u uylanadi va uch nafar farzandli bo‘ladi. Yan 1992 yilda 72 yoshida AQShda vafot etadi. Amerikalik tarixchi Stiven E. Ambroz o‘zining kitobida Normandiyada asir tushgan koreys asirlari haqida umumiy ma’lumot berganini aytmaganda 2012 yilgacha Yan Kyonjon haqida omma hech narsa bilmagan.

O‘sha yili britaniyalik tarixchi Entoni Bivor 1944 yilda tushirilgan suratda Yan Kyonjon tasvirlanganini ma’lum qiladi. Shu tariqa koreys o‘limidan so‘ng Ikkinchi jahon urushida uchta armiya safida xizmat qilgan noyob askar sifatida mashhur bo‘ladi.

«Mening yo‘lim» filmi

Yan Kyonjon haqida ma’lumotlar ochiqlanar ekan, bu shaxs tarixiga Janubiy Koreyada juda katta qiziqish paydo bo‘ladi. Harbiy xizmatni Uzoq Sharqda, Xalxin-Gol daryosi bo‘yida boshlab, olti yildan so‘ng uni Atlantika okeani sohillarida tugatgan koreysning hayot yo‘li koreyaliklarga qiziq edi.

Shundan so‘ng Yan Kyonjonning qiziqarli va mashaqqatli hayoti haqida Janubiy Koreyada maqolalar e’lon qilinadi. Hujjatli filmlar namoyish etiladi.

Ana shu paytda Yan Kyonjonning kechmishi haqida xabar topgan koreyalik rejissyor Kan Ju Gyu uning hayoti haqida film olishga qaror qiladi. U 2001 yilda «Mening yo‘lim» nomli filmni suratga oladi va omma e’tiboriga havola qiladi. Filmda bosh rolni koreyalik taniqli aktyor Chan Dongon ijro etadi.

O‘sha paytda filmga 20 million dollar mablag‘ sarflanadi. Film taqdimotidan so‘ng dunyoning o‘nga yaqin tillariga tarjima qilinadi va ko‘plab mamlakatlarda namoyish etiladi.

Janubiy koreyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan «Mening yo‘lim» filmiga ishlangan banner

«Mening yo‘lim» kinotanqidchilar tomonidan ijobiy baholar oladi. Film 2013 yilda amerikaliklarning «Saturn» kinotanlovida “Xorijiy tillarda olingan eng yaxshi film” nominatsiyasida g‘olib bo‘ladi.

Film taqdimotidan so‘ng Kang Chjye Gyu Yan Kyonjon va u haqda ishlangan filmi haqida shunday degandi:

«Bu shok holati edi. Men «Bu dunyoda qanday voqea sodir bo‘ldi?» deb o‘yladim. Yosh koreysni Normandiyadagi jang maydonida tasavvur qiling. «Bu haqda film suratga olishim kerak», dedim o‘zimga. Yana «Bu rejissyor Kan Chjye Gyuga tarixdan sovg‘a. Hali hayot ekanman yana bunday voqea haqida filmni suratga olish boshqa nasib qiladimi, yo‘qmi?» deb o‘yladim».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid