Jahon | 11:28 / 08.07.2023
8330
2 daqiqa o‘qiladi

KQTT: dunyodagi barcha ma’lum bo‘lgan kimyoviy qurol zaxiralari yo‘q qilindi

AQSh tomonidan oxirgi kimyoviy o‘q-dorilar zaxirasi Kentukki shtatidagi Blyu-Grass kimyoviy moddalarni yo‘q qilish tajriba zavodida yo‘q qilindi.

Foto: AP

Dunyodagi barcha ma’lum bo‘lgan kimyoviy qurol zaxiralari qaytarib bo‘lmaydigan tarzda yo‘q qilindi. Bu haqda Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT)ning 7 iyul, juma kuni tarqatilgan xabarida aytiladi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, AQShning kimyoviy qurol zaxirasidagi so‘nggi kimyoviy o‘q-dorilar «Kimyoviy qurollar bo‘yicha konvensiyaga muvofiq 2023 yil 7 iyul, juma kuni Kentukki shtatidagi Blyu-Grass kimyoviy moddalarni yo‘q qilish bo‘yicha tajriba zavodida qaytarib bo‘lmaydigan tarzda yo‘q qilingan». Qo‘shma Shtatlar kimyoviy qurol zaxirasiga ega bo‘lgan Kimyoviy qurollar bo‘yicha konvensiyaning oxirgi a’zosi edi. 

«Kimyoviy qurollarning barcha ma’lum bo‘lgan zaxiralarini yo‘q qilishning yakunlanishi tashkilot uchun muhim bosqichdir. Bu barcha kimyoviy qurollarni butunlay yo‘q qilish bo‘yicha missiyani bajarish yo‘lidagi muhim qadam», - dedi KQTT bosh direktori Fernando Arias Gonsales.

Tashkilot bayonotida aytilishicha, KQTT AQShning Pueblo va Blyu-Grassdagi so‘nggi ikki kimyoviy qurolni yo‘q qilish obektlarining yopilishini, jumladan, yo‘q qilish jarayoni natijasida hosil bo‘lgan chiqindilarni utilizatsiya qilishni kuzatishda davom etadi.

Kimyoviy qurollar to‘g‘risidagi konvensiya 1997 yilda kuchga kirganidan beri, KQTT butun dunyo bo‘ylab ishtirokchi davlatlar tomonidan e’lon qilingan 72 304,34 metrik tonna kimyoviy qurol zaxiralarining yo‘q qilinishini qayd etdi, deyiladi press-relizda. Konvensiyani imzolamagan davlatlar orasida Isroil, Misr, Janubiy Sudan va Shimoliy Koreya bor.

Mavzuga oid