O‘zbekiston | 18:55 / 12.07.2023
14149
7 daqiqa o‘qiladi

«Olomon» xalqqa aylandimi? - faylasuf, yozuvchi va siyosatshunos bahsi

Shoir she’rida qalamga olgan bu masala hozir qanchalik dolzarb?

Shoir, tarjimon va davlat arbobi Abdulla Oripov 1980 yilda yozilgan «Olomon» she’rida jamiyatga qarata shunday xitob qilgan edi:

Qarshingda hasratli o‘yga tolaman,
Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon?!

Xo‘sh, o‘sha 80-yillarda o‘zbek jamiyati uchun olomonchilikdan qutulib, xalq bo‘lish mavzusi dolzarb bo‘lgan, ziyolilarga og‘riq bergan ekan, o‘tgan o‘n yilliklar bizga bir millat, bir xalq bo‘lish uchun yetarli bo‘ldimi? Ha bo‘lsa, buni qanday bilamiz-u, yo‘q bo‘lsa, nega, nimalar to‘siq bo‘lyapti?

O‘zi umuman, xalq, millat, olomon nima degani? Ularning belgilari, parametrlari qanday? 

Kun.uz muxbiri ayni savollar atrofida bir guruh ziyolilar bilan intervyu o‘tkazdi. Intervyu mehmonlari yozuvchi Ulug‘bek Hamdam, faylasuf Viktor Alimasov va siyosatshunos Hamid Sodiq bo‘ldi.

— Intervyuga kirish so‘zimda bugun olomon, millat va xalq haqida gaplashamiz, dedim. Keling, dastlab mana shu tushunchalarga birma-bir ta’rif bersak, ya’ni ular nima o‘zi, belgilari, parametrlari qanday? 

Nazdingizda biz, o‘zbekistonliklar bugun ularning qay biriga mansubmiz?

Viktor Alimasov:

— Birinchidan, shoirlarning hamma gapiga ham qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunki ular oniy kayfiyat bilan ham yozadi, Oripov ham shunday qilgandir balki.

Etnografik nuqtayi nazardan qarasak, o‘zbeklar Baqtriya, So‘g‘d davlatlari mavjud bo‘lgan davrdan beri bor deyiladi. Millat sifatida 16-17 asrda shakllangan deyiladi. Tarixiy fakt bular. Olomon esa mudom bo‘lgan. Maqsadlari, istaklari oniy bo‘lgan, harakatlari ayni his-tuyg‘ularidan ko‘chgan odamlar jamlanmasi olomon bo‘ladi. Ularning maqsadi juda tez o‘zgaradi, idora qilib bo‘lmaydi. Ijtimoiy davlat yaratishda bizga millat, xalq va olomondan qay biri kerak, degan savollar ham uyg‘onadi, o‘rinli masala bu.

Ulug‘bek Hamdam:

— Shoirning o‘ziga ishonmasak ham, so‘ziga ishonsa bo‘ladi. Oripov ko‘targan mavzu bugun ham yashayapti, mana Kun.uz studiyasi muhokamasida epigraf qilib olyapmiz bu misralarni. Demak, hali ham olomonchilik kayfiyati bor, millat ziyolilari esa xalq bo‘lishni hali ham orzu qilyapti.

Etimologiyasi aytildi yuqorida. Iyerarxik jarayonda qabilalar elatga, elatlar millatga aylanadi. Xalq tushunchasi esa millat tushunchasiga qay bir ma’noda sinonim.

Shunday bir davrlar bo‘ladiki, boshqaruv, umumg‘oya ko‘magida elatlarning millatga aylanishi tezlashadi. Abdulla Oripov o‘sha she’rni yozgan 80-yillarda millatlik xususiyatlari bor edi bizda. Ba’zi omillar, xususan, boshqaruv omili bilan millatlar elat, olomon darajasiga tushib qolishi ham mumkin ekan. O‘z hayotiy kuzatishlarimda bunga guvoh bo‘ldim ko‘p bor.

Millat tarixiy taraqqiyot davrida tili, iqtisodiy doirasi, hududi bir bo‘lishi va muayyan mushtarak dunyoqarashga ega bo‘lishi kerak. Mana shunday omillar ichida rivojlanuvchi odamlarga millat deyiladi. Hali millat bo‘lish orzu. Bugungi O‘zbekiston xalqi hali millat bo‘lib, xalq bo‘lib shakllanganicha yo‘q. Lekin jarayondamiz, shunga qarab borilyapti. Millat sifatida shakllanishni tezlashtirish yoki terslashtirish boshqaruvga bog‘liq. Hatto mahalliychilik, urug‘lashtirish darajasiga ham tushib qolish mumkin.

Men Turkiyada o‘qiganman. U yerda qayerda tug‘ilgansan, deb so‘ralishi mumkin edi, xolos. Qolgani umumiy g‘oyalar, dunyoqarashga bog‘liq edi. Urug‘ surish, mahalliychilik yo‘q edi. Millat mana shunday darajada bo‘ladi. Bizda ham yaxshi tadbirlar bo‘lsa, millatlik sari tez siljiymiz, aksi bo‘lsa, tubanlaymiz.

Hamid Sodiq:

— Millat, xalq, olomon tushunchalari oxir-oqibatda siyosiy tushuncha. Chunki davlatchilik bilan belgilanadi. Aristotel fikriga ko‘ra, etnoslar qachonki politiya bo‘lsa (siyosiylashsa), o‘shanda millatga aylanadi. Bir etnos davlat qura olsa, u xalq bo‘lgan bo‘ladi.

Tarixiy jihatdan O‘zbekistonning o‘z davlatchiligi bor. Hozir yuridik nuqtayi nazardan, xalqaro doirada ham bizning davlatchilik bor va xalq hisoblanamiz. Lekin boshqa masala bor: biz siyosiy xalqmizmi? Shunchaki xalq boshqa, siyosiy xalq boshqa. Demak, shu masalada bahs bo‘lishi kerak.

Siyosiy xalq shundayki, ular siyosiy elitaga bergan huquqlarni nazorat qila oladigan, prezidentini, Oliy Majlisini, Vazirlar Mahkamasini balanslay olib, nazorat qiloladi. Elita noqonuniy harakatlar qilsa, hokimiyatdan hayday oladigan va chuqur tushunadigan, siyosiy tomondan birlashish nuqtalarni topa oladigan bo‘ladi. Birlashish nuqta qanday: deylik, Andijonda bir kishining ichki ishlar idorasidan jasadi chiqsa, Xorazmdagi millat vakili o‘zida og‘riq sezadi va bu umumiy O‘zbekistonda sodir bo‘ladi. Natijada hukumatga bosim o‘tkazadi.

Bizda bir chalkashlik bor. Tushunib olish kerak. Platon, Aristotel va boshqa faylasuflar aytadiki, jamiyatning massasini omma tashkil qiladi. Mana shu ommadan elita yetishib chiqadi. Bizdagi omma elitani generatsiya qilolmayapti. O‘rta asrlarda massadan yetishib chiqqan elita o‘sha yerning o‘zida bo‘lardi, chetlashib ketishi qiyin edi. Bugun esa bemalol massadan yiroqlashadi elita. Hokimiyatni tiyib turishga o‘rgatadigan elita yo‘q, uzilib qolyapti.

Bugun bizda davlatchilik bormi, demak, xalq ham bor. Hozirgi muhokama, ko‘tarilayotgan masala hokimiyatni tiyib tura oladigan siyosiy xalq, millatga aylanish yo‘lida bo‘lyapti.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid