Jahon | 19:32 / 13.07.2023
25492
4 daqiqa o‘qiladi

Kaspiy ham qurimoqda. Qozog‘istonlik mutaxassislar dengizning sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarini e’lon qildi

Iqlim o‘zgarishlari dunyodagi eng katta ko‘l – Kaspiyga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda va uning suvi ham so‘nggi bir necha o‘n yildan buyon muttasil kamayib kelmoqda. Xususan, oxirgi 15 yilda Kaspiyning Qozog‘istonga tegishli qismi sezilarli darajada 7,1 foizgacha qisqargan.  

«Qazaqstan G‘arysh Sapary» milliy aksiyadorlik jamiyati oxirgi 15 yilda Kaspiy dengizining sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarini e’lon qildi. Yerni masofadan zondlash orqali to‘plangan ma’lumotlariga ko‘ra, Kaspiyning Qozog‘iston sektori akvatoriyasi sezilarli darajada - 7,1 foizga qisqargan.

Kaspiy dengizi, 2008 yil
Kaspiy dengizi, 2013 yil
Kaspiy dengizi, 2018 yil
Kaspiy dengizi, 2022 yil
Kaspiy dengizi, 2023 yil

Yuqoridagi rasmlarda 2008-2023 yillarda Qozog‘iston chegarasida suv sathining o‘zgarish dinamikasi keltirib o‘tilgan. Suratlarga e’tibor berilsa, Atirau shahri yaqini va Yoyiq daryosi deltasida ulkan yangi cho‘l hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin.

«Kaspiy dengizi Qozog‘iston sektorining suv yuzasi 2008 yilda 113 ming 866,67 kvadrat kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda 105 ming 745,23 kvadrat kilometrgacha kamaygan. O‘n besh yil davomida turli vaqtlarda olingan kosmik tasvirlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, suv sathining maydoni qisqargan, shu bilan birga umumiy dengiz sathi ham qisqargan bo‘lishi mumkin, bu har tomonlama o‘rganishlarni talab qiladi. Kaspiy dengizi sathining pasayishi ham ekotizimga, ham dengiz sanoatiga ta’sir qiluvchi bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yerni masofadan zondlash ma’lumotlariga ko‘ra, bu boradagi eng zaif joy Kaspiy dengizining Atirau shahri yaqinidagi Qozog‘iston qismidir», deyiladi tadqiqot xulosasida. 

Kaspiy suvining kamayish sabablari

Kaspiy suvining kamayib borayotganiga asosan iqlim o‘zgarishlari sabab bo‘lmoqda. Yog‘ingarchiliklar kam bo‘lishi tufayli baland tog‘lardagi muzliklar erib ketmoqda. Oqibatda, daryolarning sathi pasayib, Kaspiyga tushadigan suv miqdori kamayib bormoqda.

Ozarboyjonlik olim, uzoq yillardan buyon Kaspiy qirg‘oqlarini o‘rganib kelayotgan Amir Aliyevning ma’lum qilishicha, dengizga tushadigan suvning 80 foizi Volgadan, 5 foizi Uraldan quyiladi.

So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishlari tufayli Volgadan Kaspiyga tushayotgan suv miqdori 30 foizga kamaygan.

Bundan tashqari, Eron va Turmanistonda sodir bo‘layotgan anomal issiqlar tufayli Kaspiyning bu davlatlarga tutash qismida dengiz suvi yanada ko‘proq bug‘lanib ketmoqda. Oqibatda, ikki tomonlama «zarba ostida qolayotgan» Kaspiy suvi shiddat bilan kamaymoqda.

«Kaspiy dengizi qirg‘og‘ining qisqarishi uning turli hududlarida turlicha kechmoqda. Qayerdadir 200-300 metr, boshqa joyda bir necha kilometrlab qisqarmoqda», deydi Aliyev.

Qozog‘istonlik ekologlar fikriga ko‘ra, Kaspiyda suvning kamayishiga iqlim o‘zgarishlaridan tashqari, unga quyilayotgan daryolar to‘silib, ularga ko‘plab gidroelektrostansiyalarning qurilishi ham sabab bo‘lmoqda.

Kaspiy dengizining suvi kamaya boshlagandan buyon manfaatdor davlatlar olimlari tomonidan vaziyat kuzatib kelinmoqda. Ularning hisobotlariga ko‘ra, dengiz suvi har yili 7-10 santimetr pasaymoqda.

2019 yilda Volganing suvi keskin kamaygan va unda qurilgan GESlardan daryoning quyi oqimiga kamroq suv oqizilgan. Oqibatda o‘sha yili Kaspiy suvi 15 santimetrga kamaygan.

Asr boshidan buyon bugungacha Kaspiy suvi jami 1,5 metrga pasaygan. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, agar vaziyat shu taxlitda davom etsa XXI asr oxiriga borib Kaspiyning suvi 20 metrgacha pasayadi va dengizning yarmi qurib ketadi.  

Ma’lumot uchun, Kaspiy dengizi beshta davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarboyjon va Eronning o‘rtasida joylashgan. Dengizning umumiy qirg‘og‘i 6 500-6 700 kilometrni tashkil etadi va uning asosiy qismi cho‘llar bilan tutashgan.  

Mavzuga oid