O‘zbekiston | 13:07 / 14.07.2023
22304
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan uzil-kesil xayrlashamiz»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev tantanali qasamyod qilib, o‘z lavozimiga kirishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shundan so‘ng davlat rahbari nutq so‘zladi.

«Odamlar endi bizdan yangi amaliy ishlarni kutyapti. Millionlab insonlar – ota-onalarimiz, opa-singillarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz bugun bizga umid va ishonch bilan ko‘z tikib    turibdi. Ana shunday umid va ishonchni oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi natijalar bilan mustahkamlash bizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishi shart», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, barcha bo‘g‘indagi rahbarlarga chiroyli, balandparvoz gapiga qarab emas, faoliyatining aniq natijasiga qarab baho beriladi.

«Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qo‘pol munosabatda bo‘ladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan – u vazir yoki hokim bo‘ladimi, boshqa mas’ul vazifadagi amaldor bo‘ladimi – salbiy harakatlari bilan davlat obro‘siga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz. Ularning o‘rniga bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit-qizlarni qo‘yamiz.

Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda o‘qigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida avvalo ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini ko‘raman», - dedi prezident.

Mavzuga oid