Jahon | 13:37 / 16.07.2023
28894
18 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillardan dazmolgacha: SSSRda xorijdan o‘zlashtirib, ishlab chiqarilgan mahsulotlar

O‘zining kosmik tadqiqotlari va yadro qurollari bilan maqtangan sovetlar turli texnikalar, avtomobillar va elektron buyumlar ishlab chiqarishi bilan maqtana olmasdi. Hatto SSSR eng taraqqiy etgan 1970-80 yillarda ham juda ko‘p buyumlar xorijliklardan o‘zlashtirib ishlab chiqarilgan. Sovet konstruktorlari xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar va boshqa buyumlarni o‘zlashtirib, o‘z ixtirolari sifatida ko‘rsatishgan.

Fotokollaj: Kun.uz

Bugun SSSR haqida gap ketganda o‘sha zamonlarni ko‘rgan insonlar doim «gugurtning bir tiyin bo‘lgani» haqida gapiradi. Ammo gap odamlar hayotini yengil qilishi mumkin bo‘lgan turli texnologiyalar yoki buyumlar haqida gap ketganda ular hech narsa deya olmay qoladi.

Chunki dunyoning ikkinchi qutbi bo‘lishga da’vo qilgan va buni ma’lum ma’noda uddalagan o‘sha davlatda yadro qurollari va kosmosni tatbiq etish dasturidan boshqa maqtanadigan hech narsa yo‘q edi.

O‘tgan asrning 80-yillar boshlarida SSSRga tashrif buyurgan g‘arblik olimlardan biri «Agar kosmik tadqiqotlarni inobatga olmasa SSSR rivojlanayotgan davlatlar ro‘yxatining o‘rtalarida bo‘lar edi» deganida haq edi.

O‘sha paytda yadro qurollarining sinovi va kosmik tadqiqotlar uchun milliardlab rubl (dollar) mablag‘ sarflangan. Ammo aholi turmush darajasini ko‘tarish, sanoatda yangi texnologiyalar yaratish, zamonaviy buyumlar ishlab chiqarish uchun hech ish qilinmagan.

Uzoqqa bormaylik, SSSR eng kuch-qudratga ega bo‘lgan 1965-1970 yillarda bu mamlakat ixtirochilari tuzukroq avtomobil yarata olmay, VAZ zavodini italiyaliklarga qurdiradi.

Zavod qurilgandan so‘ng 30 yil davomida SSSR konstruktorlari VAZ-2121 «Niva», VAZ-2108 va VAZ-2109 avtomobillarini yaratadi xolos. Qolgan barcha modellar italiyaliklarniki edi va ular XXI asrda ham ishlab chiqarildi.

Qolaversa, bu davlat xalqaro patent idoralari bilan aloqa qilmagan va ularning turli e’tirozlarini e’tiborsiz qoldirib, boshqalarning mahsulotini o‘zlashtirib boshqa nom ostida ishlab chiqaravergan.

Shu o‘rinda «Shunday katta va qudratli davlatga boshqalar ishlab chiqargan narsalarni o‘zlashtirish nega kerak bo‘lgan? Nahotki kosmik kemani yasay olgan davlat oddiy mashinani yasay olmasa?!» degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Albatta, kosmik kema yasay olgan davlat uchun yangi turdagi mashina, elektron hisoblagich yoki oddiy dazmolni yasash oson edi. Ammo sovetlar tuzukroq ixtirochilarni, olimlarni harbiy va kosmik sanoatga jalb qilgan, boshqa texnikalarni yasab chiqarish no‘noq ixtirochilarga qolgan edi. Ular uchun yangi narsa ixtiro qilishdan ko‘ra xorij mahsulotining ko‘rinishini ozgina o‘zgartirib yangi ixtiro sifatida taqdim etish oson bo‘lgan.

Quyida, SSSR tomonidan o‘zlashtirilgan turli xorijiy mahsulotlarga nazar tashlaymiz. Ular orasida avtomobillardan tortib oddiy dazmollargacha bor.

 Ford Model A, 1927 yil va GAZ-A, 1932 yil

01. Ford Model A, 1927 yil va GAZ-A, 1932 yil.

Keling, misollarni mashinalardan boshlaylik. Ford Model A 1927 yildan 1931 yilgacha Ford Motor Company tomonidan ishlab chiqarilgan. Bu mashina asosan Genri Ford yoqtirgan qora rangda ishlab chiqarilgan. Ushbu modelga o‘sha davr uchun yaxshi ko‘rsatkich sanaladigan 40 ot kuchiga ega, hajmi 3,28 litr bo‘lgan to‘rt silindrli dvigatel o‘rnatilgan.

GAZ-A avtomobili SSSRda 1932 yilda ishlab chiqarila boshlangan. Ushbu maqoladagi boshqa misollardan farqli o‘laroq, GAZ-A ning texnik hujjatlari rasmiy ravishda Ford kompaniyasidan sotib olingan va mashina sovet ittifoqida litsenziya asosida ishlab chiqarilgan.

Bu texnika SSSR rasmiy ravishda xorijliklardan ishlab chiqarish litsenziyasini sotib olgan kam sonli holatlardan biri hisoblanadi.

Opel Kadett, 1937 yil va Moskvich-400, 1946 yil.

2. Opel Kadett, 1937 yil va Moskvich-400, 1946 yil.

Moskvich-400 (o‘ngdagi rasmda) Moskva avtomobil zavodida (ZMA) 1946 yildan yig‘ila boshlangan. Bu zavoddagi uskuna va moslamalar Germaniyaning Ryusselxaym shahridagi Opel AG zavodidan tovon sifatida ko‘chirib olib kelingan edi.

SSSRda avtomobil dizayni biroz o‘zgartiriladi va sedan varianti ishlab chiqariladi. Qizig‘i shundaki, aksariyat sovet fuqarolari «Moskvich»-400 ning Germaniyada ishlab chiqarilgan Opel Kadett ekanini yaqin yillargacha bilishmagan.

Opel Olympia Rekord (o‘ngda), 1947 yil va Moskvich-402, 1956 yil (chapda).

3. Opel Olympia Rekord (o‘ngda), 1947 yil va Moskvich-402, 1956 yil (chapda).

Urush tugagandan so‘ng, AQSh yordamida tez o‘nglanib olgan G‘arbiy Germaniyada avtomobil sanoati qayta tiklanadi. Jumladan, 1947 yilda Opel AG ham Ryusselxaym shahridagi zavodni qayta jihozlab ishga tushiradi. 1953 yilda zavod yangi model – Opel Olympia Rekord avtomobilini ishlab chiqara boshlaydi.

Qisqa muddatda avtozavod ushbu turdagi mashinalardan 58 000 dona ishlab chiqarib sotishga erishadi. Ko‘p o‘tmay sovetlar Opel Olympia Rekord modelini o‘g‘irlab o‘zlashtirishadi va uni «Moskvich»-402 nomi bilan ishlab chiqara boshlashadi.

SSSRda avtomobil yon qanotlari shaklini biroz o‘zgartirib, kupe o‘rniga to‘rt eshikli sedan yasashgan. Hatto orqa qanotdagi xrom qoplamasi ham ozgina o‘zgartiriladi. O‘sha paytda nemislar urush g‘olibi bo‘lgan davlatga hech qanday e’tiroz bildira olmagan.

Ford Mainline, 1952 yil va Volga GAZ-21, 1956 yil.

4. Ford Mainline, 1952 yil va Volga GAZ-21, 1956 yil.

Ford Mainline 1952 yildan 1956 yilgacha Ford motors kompaniyasida to‘rt eshikli sedan hamda kupe ko‘rinishida ishlab chiqarilgan. Ushbu avtomobil AQShdagi o‘rta sinf uchun mo‘ljallangan edi.

1956 yildan 1970 yilgacha SSSRda ishlab chiqarilgan GAZ-21 yoki xalq tilida ayttganda «Volga-21» amerikaliklarning Ford Mainline'ga ikki tomchi suvday o‘xshash.

Sovetlar amerikaliklarning avtomobilini o‘g‘irlab o‘zlashtirar ekan, uning tashqi ko‘rinishida uncha o‘zgarish qilishmaydi. Ayniqsa uning old qismi – panjara va bamperi Ford Mainline'dagi kabi deyarli 1 dyuymli qilib yasalgan.

Hatto GAZ-21 ning old kapotidagi «uchayotgan kiyik» ham Ford Mainline'ning dekorativ elementidan o‘zlashtirilgan.

Packard Patrician, 1956 yil va Chayka, 1959 yil.

5. Packard Patrician, 1956 yil va Chayka, 1959 yil.

SSSRda xorijdan nafaqat kichik va o‘rta toifali avtomobillarning, balki yuqori sinfga taalluqli bo‘lgan mashina dizayni ham o‘zlashtirilgan.

Chapdagi fotosuratda - 1956 yilda «g‘ayrikosmik» uslubda ishlab chiqarilgan Packard Patrician. Bunday uslub o‘sha yillarda urfda edi. Avtomobilning orqa qanotlari raketa qismlariga o‘xshaydi.

O‘ngdagi fotosuratda – SSSRda KPSS bosh kotiblari va partiyalarning yuqori lavozimli amaldorlari foydalangan «Chayka» mashinasi tasvirlangan.

Chayka dizayni Packard Patrician'ga juda o‘xshashligidan tashqari, hatto mashinaga yozilgan shriftni ham bir xilda yozishgan. Agar suratlarni yaqinlashtirib ko‘rsangiz bunga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz.

Fiat-125, 1967 yil va VAZ 2103, 1972 yil.

6. Fiat-125, 1967 yil va VAZ 2103, 1972 yil.

Fiat-125 avtomobili ilk bor Italiyaning Fiat kompaniyasi tomonidan 1967 yilda ishlab chiqarilgan. 1960-yillarning ikkinchi yarmida bunday mashinalar 50-yillardagi mashinalarga qaraganda g‘ayrioddiy va juda zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan.

O‘sha paytda SSSR rahbariyati tomonidan zamonaviy avtomobil ishlab chiqaruvchi avtozavod qurishda hamkor sifatida Fiat kompaniyasining tanlanishi ham aynan shu zamonaviy modellar uchun edi.

Ushbu avtomobil Italiyaning o‘zida bir nechta ko‘rinishda ishlab chiqarilgan. Bundan tashqari u Polshada ham litsenziya asosida Polski Fiat 125 nomi ostida yig‘ilgan.

VAZ-2103 «Jiguli», Fiat bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan Fiat-125'ning o‘zi. Fiat-125 Italiyada qanday chiqarilgan bo‘lsa, VAZ-2103 «Jiguli» Samara viloyatida italyan kommunisti Palmiro Tolyatti nomi qo‘yilgan shahardagi zavoddan shu ko‘rinishda chiqarilgan.

Chrysler Simca 1307, 1975 yil va Moskvich-2141, 1986 yil.

7. Chrysler Simca 1307, 1975 yil va Moskvich-2141, 1986 yil.

Chrysler Simca 1307 1975 yildan 1986 yilgacha AQShga tegishli Chrysler kompaniyasing Yevropadagi Chrysler Europe bo‘limi tarkibiga kiruvchi Fransiyaning Simca avtozavodlarida ishlab chiqarilgan.

1986 yilda ushbu avtomobil ishlab chiqarishdan olib tashlangan. Aynan o‘sha yilda SSSRda Moskvich-2141 xetchbekini ishlab chiqarish boshlanadi. Bu mashina Chrysler Simca 1307 mashinasiga juda o‘xshash edi.

O‘shanda SSSR Chrysler kompaniyasidan hech qanday litsenziya olmagan. Moskvich-2141 Rossiyada 2002 yilga qadar ishlab chiqarilgan.

Leica 2, 1932 yil va FED, 1934 yil.

8. Leica 2, 1932 yil va FED, 1934 yil.

Chapdagi fotosuratda – 1932 yilda Germaniyada ishlab chiqarilgan Leica 2 fotoapparati. O‘ngdagi fotosuratda – 1934 yilda SSSRda ishlab chiqarilgan FED fotoapparati.

Fotosuratlarga e’tibor berilsa SSSRda nemislar fotoapparati hech bir o‘zgarishlarsiz ishlab chiqarilganini ko‘rish mumkin. Hatto, fotoapparatning tepasidagi o‘yiq yozuvlargacha bir xil.

Grundig TK820, 1955 yil va Melodiya MG-56, 1956 yil.

9. Grundig TK820, 1955 yil va Melodiya MG-56, 1956 yil.

Chapdagi fotosuratda – nemislar tomonidan 1955 yilda ishlab chiqarilgan Grundig TK820 magnitofoni. O‘ngdagi fotosuratda – 1956 yilda Novosibirsk mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilgan Melodiya MG-56 magnitofoni.

SSSRda nemislarning magnitofoni hech bir joyi o‘zgartirilmasdan va ruxsat hamda litsenziya olmasdan ishlab chiqarilgan.

Sharp Compet CS-30A, 1967 yil va Elektronika DD, 1968 yil.

10. Sharp Compet CS-30A, 1967 yil va Elektronika DD, 1968 yil.

Ikkinchi jahon urushida yengilib, vayron bo‘lgan Yaponiya G‘arb davlatlari yordamida tezda o‘zini o‘nglab oladi va ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan elektronika buyumlari ishlab chiqara boshlaydi.

Shu sababli 1960-yillarga kelib dunyoda «yapon mo‘jizasi» iborasi paydo bo‘ladi. O‘shanda yaponlar elektronika sohasida boshqalardan ikki qadam oldinga o‘tib ketgan edi. Ayniqsa elektron hisoblash mashinalari ishlab chiqarishda ularning oldiga tushadigan topilmasdi.

Chapdagi fotosuratda – Yaponiyaning Sharp kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Sharp Compet CS-30A elektron hisoblash mashinasi (EHM).

O‘ngdagi fotosuratda – 1968 yilda SSSRda ishlab chiqarilgan Elektronika DD elektron hisoblash mashinasi.

Ikkita qurilma ko‘rinishidan va kalitlarning joylashuvi hamda soni bo‘yicha ham bir-biriga juda o‘xshash. Sovetlar bu EHMni yaponlardan ruxsat olmasdan ishlab chiqarishgan.

Clem, 1954 yil va UE-4, 1967 yil.

11. Clem, 1954 yil va UE-4, 1967 yil.

Chapdagi fotosuratda Clem dazmoli. U Buyuk Britaniyaning A. B. Metal Producs Ltd kompaniyasi tomonidan 1954 yilda ishlab chiqarilgan. O‘ngdagi fotosuratda – SSSRda ishlab chiqarilgan UE-4 dazmoli.

O‘zlashtirish bundan ortiq bo‘lmasa kerak?! Qizig‘i, har doim xorij mahsulotini yangi ishlab chiqarilganidan o‘zlashtiradigan sovetlar bu dazmol masalasida unday yo‘l tutmagan. U xorijda ishlab chiqarila boshlangandan 13 yil o‘tib o‘zlashtirilgan. Albatta, ruxsatsiz va litsenziyasiz.

Sharp EL-805, 1973 yil va Elektronika BZ-04, 1974 yil

12. Sharp EL-805, 1973 yil va Elektronika BZ-04, 1974 yil

Yuqoridagi fotosuratlarda SSSRdagi o‘zlashtirishning yana bir namunasi ko‘rsatilgan. Chapdagi fotosuratda – Yaponiyaning Sharp kompaniyasi tomonidan 1973 yilda ishlab chiqarilgan Sharp EL-805 elektron hisoblagichi.

O‘ngdagi fotosuratda – SSSRda 1974 yilda ishlab chiqarilgan Elektronika BZ-04 elektron hisoblagichi. O‘xshashlik tasodif emas. Sovetlar yapon elektron hisoblagichini ruxsatsiz va litsenziyasiz ko‘chirishgan.

Casio FX-700P, 1983 yil va Elektronika MK-85, 1986 yil.

13. Casio FX-700P, 1983 yil va Elektronika MK-85, 1986 yil.

Chapdagi fotosuratda – Yaponiyaning Casio kompaniyasi tomonidan 1983 yilda ishlab chiqarilgan Casio FX-700P elektron hisoblagichi. O‘ngdagi fotosuratda – SSSRda 1986 yilda ishlab chiqarilgan Elektronika MK-85 elektron hisoblagichi.

Ayrim kichik o‘zgarishlarni aytmasa har ikki elektron hisoblagich aynan bir xil. Kim kimdan ko‘chirgani esa shundoq ham ma’lum.

Nintendo, EGG, 1981 yil va «Nu, pogodi!», 1984 yil

14. Nintendo, EGG, 1981 yil va «Nu, pogodi!» 1984 yil.

SSSRda xorijdan nafaqat avtomobilar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va elektron hisoblagichlar balki elektron o‘yinlar ham ko‘chirilgan.

Chapdagi fotosuratda – yaponlar tomonidan ishlab chiqarilgan Nintendo, EGG bolalar elektron o‘yinchog‘i. O‘ngdagi fotosuratda – SSSRda ishlab chiqarilgan «Nu, pogodi!» bolalar elektron o‘yinchog‘i.

Agar har ikkala o‘yinchoqdagi yozuvlar olib tashlansa ular bir xil bo‘lib qoladi. Yaponlar o‘yinchog‘ida bo‘rining bosh qahramon qilinishi, SSSRdagi ishlab chiqaruvchilarga qo‘l keladi. Sovet «ixtirochi»lari o‘yinni o‘zlashtirib, unga quyon obrazini qo‘shadi va shu tariqa «Nu, pogodi!» elektron o‘yinchog‘i paydo bo‘ladi.

StG44, 1944 yil va «Kalashnikov» 1949 yil.

15. StG44, 1944 yil va «Kalashnikov» 1949 yil.

Bugun «Kalashnikov» deyilsa bu qurolni dunyoning barcha burchaklarida bilishadi. Sovet konstruktori Mixail Kalashnikov tomonidan ixtiro qilinganiga 70 yildan oshgan ushbu avtomat hanuzgacha ishlab chiqariladi. Ushbu qurol bir paytlar dunyodagi eng mukammal avtomat o‘q otish quroli deb topilgan.

1990-yillardan so‘ng Kalashnikov bu qurolni o‘zi ixtiro qilmagani, balki 1945 yildan keyin majburiy tarzda SSSRga olib kelib ishlatilgan nemis konstruktori Hugo Shmaysserning ixtirosi ekanligi haqida gap-so‘zlar chiqadi. O‘sha gap-so‘zlar qanchalik haqiqatga yaqinligi biroz bahsli masala.

Ammo Shmaysser va Kalashnikov tomonidan ixtiro qilingan qurollarga qarab ham ko‘p narsani anglasa bo‘ladi. Har ikkala qurol bir-biriga juda o‘xshash va buni tasodif deb bo‘lmaydi.

Yuqoridagi fotosuratda – Shmaysser 1944 yilda ixtiro qilgan StG44, pastdagi suratda – Kalashnikov 1947 yilda ixtiro qilgan «Kalashnikov» avtomati.

Hugo Shmaysser SSSRda 1952 yilgacha majburan ishlatiladi. 1952 yilda Germaniyaning sharqiy qismi sotsialistik yo‘ldan ketishi uzil-kesil aniq bo‘lganidan keyin uni vataniga jo‘natib yuborishadi.

Shuningdek, SSSRda ikkinchi jahon urushi paytida AQShdan Lend-liz dasturi asosida yordam tariqasida yuborilgan ikkita mashina o‘zlashtiriladi.

Jumladan, Willys MB yo‘ltanlamasi UAZ, Studebaker US6 yuk mashinasi GAZ-51 nomi bilan ishlab chiqariladi.

Amerikaliklar ishlab chiqargan va urush paytida  SSSRga yordam tariqasida berilgan Willys MB yo‘ltanlamasi.
Urushdan so‘ng sovetlar ishlab chiqargan GAZ-67 mashinasi

Shuningdek, 1960-yillar oxiri, 1970-yillar boshida Fransiya va Britaniya aviasozlari tomonidan ishlab chiqarilgan «Konkord» samolyoti Tu-144 ko‘rinishida o‘zlashtirilgan.

Bunda sovetlar «Konkord»ning ichki va tashqi ko‘rinishini o‘zlashtirishadi, biroq unga o‘rnatilgan reaktiv dvigatelni o‘xshata olishmaydi. Shu sababli Tu-144 samolyotlari bor-yo‘g‘i 2-3 yil davomida bir nechta parvozni amalga oshiradi va keyin foydalanishdan chiqariladi. «Konkord» samolyotlari esa 2012 yilgacha parvoz qiladi.

Fransiya va Britaniya aviasozlari hamkorlikda ishlab chiqargan «Konkord» samolyoti
Foto: kolyan.net
SSSRda ishlab chiqarilgan Tu-144 samolyoti
Foto: bun.com.ua

Bundan tashqari, 1980-yillarning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilgan yagona nusxadagi ko‘p marta foydalanishga mo‘ljallangan «Buran» kosmik kemasi ham amerikaliklarning ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan «Kolumbiya» shatliga juda o‘xshash edi.

Amerikaliklarning «Kolumbiya» kosmik kemasi
Foto: alamy.com
SSSRda yasalgan «Buran» kosmik kemasi. U amerikaliklarning «Kolumbiya» kosmik kemasiga bir tomchi suvday o‘xshash.

Amerikaliklar «Kolumbiya» shatlining sinov parvozini 1981 yilda muvaffaqiyatli amalga oshirishadi va kosmosga uchishda undan foydalana boshlashadi. Sovetlar esa «Buran»ning sinov parvozini 1988 yilda o‘tkazishadi. Biroq kosmik kema qo‘nayotganda unda texnik nosozliklar kuzatiladi va «Buran» boshqa parvoz qilmaydi.

Sovetlar ikkinchi parvozda kosmik kema halokatga uchrasa amerikalik raqiblari oldida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqishadi. Uzoq vaqt Boyqo‘ng‘ir kosmodromida qolgan va yaroqsiz holga kelgan «Buran» keyinchalik Rossiyaga olib chiqib ketiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid