Jahon | 10:11 / 18.07.2023
5603
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri: tanklarga sarmoya kiritish kerak

Ben Uollesga ko‘ra, Britaniya hukumati qo‘shinlar sonini oshirishga emas, balki tanklarga sarmoya kiritishi kerak. Vazir bilan suhbat Londonning qurolli kuchlar jangovar tayyorgarligini oshirish bo‘yicha yangi rejalari e’lon qilinishidan oldin bo‘lib o‘tdi.

Foto: Bloomberg

Buyuk Britaniya qo‘shinlarni ko‘paytirishga emas, balki tanklarga sarmoya kiritishi kerak. Bu haqda Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Londonning Ukrainadagi urush fonida o‘z qurolli kuchlari jangovar tayyorgarligini oshirish bo‘yicha yangi rejalarini e’lon qilinishidan oldin aytib o‘tdi. Uolles 18 iyul, seshanba kuni The Telegraph nashriga intervyu berdi.

Britaniya qurolli kuchlari modernizatsiya qilinadi va «o‘zgaruvchan global vaziyat»ga moslashtiriladi, bundan tashqari, fan va texnologiyaga ustuvor sarmoya kiritilishi kutilmoqda, deb yozadi gazeta. 

Uolles avvalroq 2025 yilga borib to‘liq tayyorgarlikdan o‘tgan britaniyalik askarlar soni 73 mingga kamayishini, bu mamlakat tarixidagi eng past ko‘rsatkich bo‘lishini aytgan edi. Taqqoslash uchun, bugungi kunda u 82 mingni tashkil etadi, deb yozadi The Telegraph. 

O‘z lavozimini tark etishga hozirlanayotgan vazir so‘zlariga ko‘ra, Ukraina urushidan asosiy xulosa shundaki, qurolli kuchlar «mukammal shakllangan» bo‘lishi kerak. Buyuk Britaniya, Mudofaa vazirligi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, «armiya asosiy qismi» bo‘lgan tanklarga sarmoya kiritadi. Shu bilan birga, investitsiyalar mashinalarning yaxshi saqlanishi va ulardan samarali foydalanishning kafolati bo‘lishi kerak, deya qo‘shimcha qildi Ben Uolles. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «to‘siqlarni yo‘q qilish» va harbiylarning turli bo‘g‘inlarini birlashtirish orqali qurolli kuchlarga yaxlit yondashuvni ilgari surish taklif etilmoqda. Shu bilan birga, hukumat yondashuvining uzoq muddatli amalga oshirilishini ta’minlaydigan «sanoat va boshqa tashkilotlar uchun poydevor qo‘yish» ham zarur, deya qayd etadi nashr. 

Mavzuga oid