Jahon | 10:57 / 19.07.2023
10020
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml Ukrainani Qora dengiz orqali don eksport qilish xavfi haqida ogohlantirdi

Rossiya Qora dengiz shimoli-g‘arbiy qismini «vaqtinchalik xavfli hudud» deb e’lon qildi va Istanbuldagi Qo‘shma muvofiqlashtirish markazi tarqatib yuborilganini e’lon qildi. Ushbu zonada savdo kemalari uchun xavfsizlik kafolatlari yo‘q.

Foto: Getty Images

«G‘alla bitimi»dan chiqqanidan keyin Rossiya Ukrainani Qora dengiz portlaridan don eksportini davom ettirish xavfi haqida ogohlantirdi. Agar kelishuv Rossiya ishtirokisiz amalga oshirilsa, «tegishli xavfsizlik kafolatlari» yo‘qligi sababli «ma’lum xavflar yuzaga keladi», dedi 18 iyul, seshanba kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Bir kun avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Turkiya va BMTni Rossiya ishtirokisiz «g‘alla bitimi» ustida ishlashni davom ettirishga chaqirdi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, yuk kemalarining harakati «jangovar hududga to‘g‘ridan to‘g‘ri yaqin bo‘lgan» zonada amalga oshiriladi va «Rossiyasiz biror narsa rasmiylashtirilsa, xavfni hisobga olish kerak». Rossiya rasmiysi, shuningdek, Kiyev hududdan «jangovar maqsadlarda» foydalanayotganini da’vo qilmoqda. 

Shu bilan birga, Peskov Rossiyaning «Afrika muhtoj davlatlariga tekin g‘alla yetkazib berishga» tayyorligini ma’lum qildi va bu masala 27-28 iyul kunlari Sankt-Peterburgda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Rossiya-Afrika forumida muhokama qilinishiga va’da berdi. 

O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov turkiyalik hamkasbi Xoqon Fidan bilan telefon orqali suhbatda «Qora dengiz shimoli-g‘arbiy qismida vaqtinchalik xavfli hudud rejimi tiklangani, Kelishuv zonasidagi dengiz humanitar koridori cheklanishi va Istanbuldagi Qo‘shma muvofiqlashtirish markazi tugatilishi» haqida xabar berdi.

18 iyulga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Odessa va Mikolayiv port shaharlariga raketa va uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi buni Qrim ko‘prigidagi portlashlar uchun javob deb atadi. Ukrainaning «Yug» operativ qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, Odessada port obektlari va bir qator turar joy binolari urib tushirilgan raketalar parchalari va portlash to‘lqinlaridan zarar ko‘rgan. Mikolayivda, viloyat gubernatori Vitaliy Kimning so‘zlariga ko‘ra, sanoat korxonasiga hujum qilingan. 

Mavzuga oid