Jamiyat | 16:07 / 19.07.2023
25330
5 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet”da g‘olib bo‘lgan ko‘cha qolib, boshqasi ta’mirlandi. Aholi g‘oliblik uchun pul to‘plagandi

2023 yil boshida Koson tumani Ushoqtepa mahallasi hududidagi bir nechta ko‘chani asfalt qilish taklifi berilgan.

Ushoqtepa mahallasidagi asfaltlash ishlari

Ma’lum bo‘lishicha, Ushoqtepa mahallasi ahli hududdagi eng og‘ir to‘rtta – Tong yulduzi, Asqad Muxtor, Said Ahmad, Odil Yoqubov ko‘chalarini asfalt qilish taklifi bilan chiqadi. Jami 3,5 kilometr masofani asfalt qilish uchun 1 mlrd 200 mln so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, loyiha 13 327 ta ovoz bilan g‘olib deb topiladi.

“Taklif mahalladoshimiz Artur Asrorov nomidan yuborildi. Bu yigit haqiqatan ham ovoz yig‘ish jarayonlarida faollik ko‘rsatdi. Toshkentda turib, ancha ovoz yig‘ib berdi. Sir emas, mahallamizdan tashqari yashovchi insonlardan ham ovoz yig‘ishga majbur bo‘ldik. Buning evaziga ovoz beruvchilarga biror xil salqin ichimlik yoki shunga o‘xshash nimadir berishga to‘g‘ri keldi. Mahalladoshlar pul yig‘ib, Arturga jo‘natib turdik. Bu loyihada g‘olib bo‘lishimiz uchun 45-50 million so‘m atrofida mablag‘ sarflandi. Buning uchun butun mahalla ahli jipslashdi, ko‘chalarimiz asfalt bo‘lishiga umid bog‘lashdi.

Yetarlicha ovoz to‘plab g‘olib bo‘ldik va taklifimiz tasdiqlangani bo‘yicha openbudget.uz saytida e’lon ham joylashtirildi. Unda 1 mlrd 200 mln so‘m mablag‘ Ushoqtepa mahallasidagi Tong yulduzi, Asqad Muxtor, Said Ahmad, Odil Yoqubov ko‘chalarini asfalt qilish uchun sarflanishi aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilgan. Mahalla va tuman mutasaddilari ishtirokida tayyorlangan loyiha chizmasini ham qo‘limizga oldik.

Shu kecha-kunduzda mahallamiz ko‘chalarini asfaltlash jarayoni boshlandi. Biroq negadir Odil Yoqubov ko‘chasi asfalt qilinmasligini aytishyapti. Loyiha bo‘yicha bu ko‘chaning qariyb 700 metr qismi asfaltlanishi kerak”, – dedi murojaatchilar.

Hozircha aholi tomonidan Koson tumani hokimligiga qilingan murojaatlar javobsiz qolmoqda.

Biz Koson tumani hokimining soha bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Ochilov bilan telefon orqali bog‘landik.

Ochilovning aytishicha, dastlab Ushoqtepa mahallasining jami 5 kilometr yo‘lini asfalt qilish taklifi berilgan. Biroq loyihaga ajratilgan 1 mlrd 200 mln so‘m jami uch kilometr yo‘lni asfalt qilishgagina yetgan.

“Loyiha tashabbuskorlari ko‘rsatgan ko‘chalarga asfalt yotqizyapmiz. Mahalla ahli hokimiyatga kelishdi, ular bilan gaplashdik, mahalla yo‘llarini yana “Tashabbusli budjet”ga qo‘yishadigan bo‘lishdi. Odil Yoqubov ko‘chasi ham navbati bilan asfalt qilinadi”, – dedi hokim o‘rinbosari Ochilov.

Ushoqtepa mahallasida yashovchilar ikkinchi marta Kun.uz’ga bog‘lanib, hokim o‘rinbosari aytganidek, mahalla ko‘chalarini ikkinchi marta tashabbusli budjetga qo‘yish taklifiga rozi emasligini bildirdi. Ularning aytishicha, loyihada asfalt qilinishi ko‘rsatilgan Odil Yoqubov ko‘chasi qolib, mahalla markazidagi boshqa ikkita – Shohimardon va Maqsud Shayxzoda ko‘chalari asfalt qilinibdi. Murojaatchilarga ko‘ra, bu ikki ko‘chada yashovchi aholidan asfaltlash uchun pul yig‘ib olingan.

“Biz loyihadan umid qilganmiz, halovatimizni yo‘qotib ovoz to‘plaganmiz. Har bir ovoz uchun bolalarimizning rizqini qiyib pul yig‘ganmiz”, – deydi murojaatchilar.

Haqiqatan ham, bizga taqdim qilingan loyiha chizmasida Odil Yoqubov ko‘chasining ham qariyb 700 metr qismi asfalt qilinishi rejalashtirilgan. Bu loyiha chizmasi tayyorlanayotgan paytda Koson tuman hokimining o‘rinbosari, “Qashqadaryo mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK mas’ul xodimi yoki bevosita yo‘lni qurishi kerak bo‘lgan “Obod yo‘l qurilish ta’mir” MChJ mutasaddilari qancha masofa alfalt qilinishi kerakligi, unga qancha mablag‘ sarflanishi haqida nahotki tasavvurga ega bo‘lmagan?

Qolaversa, hokim o‘rinbosari Ochilov aytganidek pul yetmay qoldi, degan vaj noo‘rin. Chunki “Tashabbusli budjet” loyihasiga kiritilgan takliflar ovoz berish jarayonigacha ma’lum muddat davomida ko‘rib chiqiladi. Sodda qilib aytganda, 10 so‘mlik ishga 5 so‘m ajratilmaydi yoki teskarisi...

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Ushoqtepa mahallasidagi Shohimardon va Maqsud Shayxzoda ko‘chalari esa dastlabki taklifda bo‘lmagan, loyihaga ham kiritilmagan.

Biz bu ko‘chalarning ham asfaltlanishini qo‘llab-quvvatlagan holda, ovoz yig‘ib g‘olib bo‘lganlarga erishgan haqli yutug‘i to‘liq berilishi kerak, degan fikrdamiz. Holat bo‘yicha mutasaddilardan asoslantirilgan izoh va amaliy harakatlar kutib qolamiz.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid