O‘zbekiston | 10:51 / 22.07.2023
12734
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiqda tunnel devoriga urilgan «Isuzu»da yong‘in kelib chiqdi

Sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Videodan kadr

Bugun, 22 iyul kuni soat 03:20da A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining «Rezak» tunnelida «Vodiy-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan «Isuzu» rusumli yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, tunnel devoriga urilishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, hodisa tonnelga biriktirilgan mas’ul xodimlar tomonidan aniqlanib, voqea joyiga «Qamchiq» dovonidagi FVV qutqaruvchilarining 13 nafari, 2ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va qutqaruv otryadidan 1ta texnika soat 03:22da yetib borgan va yong‘in soat 03:27da o‘chirilgan. 

Shundan so‘ng soat 03:50da yuk avtomobili «Rezak» tunnelidan olib chiqilib, sovitish ishlari o‘tkazilgan. «Isuzu» avtomobili yukxonasidagi jami 4,2 tonna yukning 95 foiz mahsuloti yong‘indan saqlab qolingan.

Sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Mavzuga oid