O‘zbekiston | 20:53 / 27.07.2023
31474
4 daqiqa o‘qiladi

«Bundan buyon hokimlar ham, vazirlar ham yangi qurilgan obektlarni ko‘rsatish bilan qutulmaydi» - Mirziyoyev

Qo‘qon shahridagi yig‘ilishda aholi saylovoldi dasturlarida ko‘tarilgan har bir tashabbus bo‘yicha aniq natijalarni bugundan kutayotgani ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qo‘qon shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ham qatnashmoqda.

Viloyatda bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida Farg‘ona aholisi turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, viloyat iqtisodiyotiga faol investitsiyalar jalb qilib, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha katta marralar olingani ta’kidlangan.

«Oldimizda hali yetti yil bor, bu ishlarni ertaga yoki keyingi yildan boshlaymiz», degan vazir, hokim yoki sektor rahbarlari qattiq adashadi.

Chunki, odamlarimiz, xususan Farg‘ona ahli saylovoldi dasturlarida ko‘tarilgan har bir tashabbus bo‘yicha bizdan aniq natijalarni bugundan kutyapti.

Bundan buyon hududlarga borganimda hokimlar ham, vazirlar ham yangi qurilgan obektlarni ko‘rsatish bilan qutulmaydi.

Endi hududlarni rivojlantirish bo‘yicha muammolarni ochiq-oydin gaplashamiz. Bu borada so‘rov qattiq bo‘ladi, masalani ichiga kirmagan rahbarlar shu joyning o‘zida ishdan olinadi», - dedi prezident.

Prezident to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyatidagi ayrim tuman va shaharlarning ko‘rsatkichlari qoniqarsizligini ko‘rsatib o‘tdi.

Misol uchun, Farg‘ona shahrida o‘tgan yilning olti oyida bor-yo‘g‘i 25 million dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu raqam atigi 12 million dollarni tashkil qilmoqda.

Marg‘ilon shahrida, O‘zbekiston, Bog‘dod, Toshloq tumanlarida jalb qilingan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmaydi.

«Davlat ajratgan har bir so‘mga hokimlarning o‘zi ham kamida shuncha miqdorda investitsiya jalb qilishi bo‘yicha topshiriq berganman.

Bu borada, so‘nggi uch yilda Farg‘onaga yo‘naltirilgan har bir million dollar davlat investitsiyasiga 2,7 million dollar xorijiy investitsiya to‘g‘ri kelgan.

Lekin, Farg‘ona shahri va Oltiariqda davlat ajratgan har bir million dollarga nisbatan 200 ming dollar kam, Buvayda tumanida esa 300 ming dollar kam investitsiya jalb qilingan.

Bu tuman va shahar hokimlari qanday qilib bosh ko‘tarib yuribdi? Har biriga investitsiya bo‘yicha o‘rinbosar, 3-4 tadan alohida shtatlar berilgan bo‘lsa!» - deya davlat rahbari mutasaddilarni tanqid qildi.

Yig‘ilishda bir paytlar Farg‘ona sanoat o‘sishi bo‘yicha peshqadamlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan olti oyda viloyatda sanoat hajmi 4,2 foizga o‘sib, respublikada 12-o‘ringa tushib qolgani ta’kidlandi.

Sanoat salohiyati hamma tumanda ham birdek ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, birinchi yarim yillikda sanoat hajmi Toshloqda 17, Qo‘qonda  3 foizga, Oltiariqda 1,3 foizga va Quvada 1,2 foizga kamaygan.

Viloyatda aholini arzon va sifatli uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha ham ahvol yaxshi emas. Joriy yilda viloyatda qurilishi rejalashtirilgan 212 ta uy-joydan bugungi kungacha 42 tasi foydalanishga topshirilgan, xolos.

Mebelchilikda viloyatda o‘tgan olti oy davomida 250 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, Oltiariq, Rishton, Dang‘ara, Furqat, Yozyovon va Farg‘ona tumanlaridagi jami mebel mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10 milliard so‘mga ham yetmaydi.

Shu bilan birga, viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar ahvoli ham qoniqarli emas.

Mavzuga oid