O‘zbekiston | 21:14 / 27.07.2023
34313
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qondagi yig‘ilishda bir qancha mahalliy amaldorlar ishdan olindi

Ishdan olingan va chora ko‘rilgan mansabdorlar hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani qayd etilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Farg‘ona viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat soliq boshqarmasi rahbari hamda bir shahar va bir tuman hokimi, bir tuman soliqchisi ishdan ketdi, shuningdek, bir qancha mahalliy mansabdorlarga hayfsan berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish ishlari ham nomiga tashkil qilingani ko‘rsatib o‘tildi. 

Jumladan, aholi yashash joyidan uzoqda joylashgani, suv ta’minoti og‘irligi sabab 1 ming 157 gektar ekin yerlari tanlovga qayta-qayta qo‘yilmoqda.

Viloyatda ekinlarni yetishtirish uchun xarajatlar 1 sotix yer maydoniga o‘rtacha 220 ming so‘mni tashkil qilib, respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan 1,5 barobar ko‘p.

Shuningdek, o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, 32 foiz yer egalariga tuman hokimligi tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmagan.

Inflatsiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlashda hokimlar tomonidan ko‘rilayotgan choralar ham qoniqarsiz ekani qayd etildi.

Shu bois, hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun Farg‘ona viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Avaz O‘rinboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Tillavoldiyev, Rishton tumani hokimi S.Soliyev, Marg‘ilon shahar hokimi A.Ziyavitdinov va soliq boshlig‘i T.Husanov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, viloyat hokimining qurilish hamda investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari (Hojiqo‘zijon Isoqov va Iqboljon Ergashev), Bag‘dod (Yusufjon Husainov), Quva (Xalimjon Umarov) va Buvayda (Behzod Ibragimov) tumanlari hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.

Farg‘ona shahri hokimi (Vosiljon Nazarov) va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, viloyatning ishga solinmagan imkoniyatlarini aniqlash va ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha har bir tuman va shaharga respublikadan mas’ullar biriktirildi.

Ular tomonidan 2 milliard dollarlik qo‘shimcha zaxiralar aniqlandi va tadbirkorlar bilan uchrashib, aniq loyihalar shakllantirildi.

«Agar hokimlar vaqt ajratib, tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning dardiga quloq solsa, tashabbuslarini tinglasa, viloyatdagi tumanlarning barchasi yil yakuniga qadar bemalol kamida 100 million dollardan investitsiya jalb qilishi mumkin», - dedi davlat rahbari.

Davlat rahbari Quva va Beshariq tumanlari misolida ushbu imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Jumladan, Quva tumanida yaroqsiz holga kelib qolgan «Quva-2» nasos stansiyasini xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga berish va 9 milliard so‘m investitsiya evaziga zamonaviy uskunalar o‘rnatib, elektr xarajatlarini oyiga 2,5 milliard so‘mdan 360 million so‘mga, ya’ni 7 barobarga qisqartirish mumkin.

Bundan tashqari, Karkidon suv ombori atrofida har yili 100 ming nafar sayyoh uchun xizmat qiladigan zamonaviy turizm zonasini tashkil qilish mumkin.

Quva tumanidagi «Soyguzar» stansiyasini modernizatsiya qilish, 1,5 kilometr elektr tarmog‘i qurish va 2 ta yirik transformator o‘rnatish hisobiga tumandagi sanoat mahsulotlari hajmini qo‘shimcha 100 milliard so‘mga oshirish mumkin.

Tumandagi 3 ta sanoat zonasida bo‘sh turgan 10 gektar maydonda 50 ga yaqin loyihani amalga oshirish va 1 mingga yaqin ish o‘rni yaratish bo‘yicha ham tashabbuslar bor.

25 million dollar investitsiya hisobiga Mustaqillik mahallasidagi 26 gektarda Agrologistika va yoshlar markazini tashkil qilib, 1,5 ming aholini yuqori daromadli ish o‘rni bilan ta’minlash mumkin.

Farg‘onani Andijon bilan bog‘laydigan yirik magistral yo‘l Quva tumanidan o‘tgan bo‘lib, bu hududdan kuniga 2-3 mingta avtomobil qatnaydi. Bu – yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish uchun katta imkoniyat.

Umuman, yangi aniqlangan imkoniyatlar orqali birgina Quvada yil yakuniga qadar qo‘shimcha 150 million dollarlik 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratadigan 160 ta loyihani boshlash uchun sharoitlar yetarli.

Eng muhimi, bu loyihalar hisobiga xorijdagi 6 ming nafar migrantlarimiz qaytib kelishi uchun muhit yaratiladi, deb ta’kidlandi yig‘ilishda.

Mavzuga oid