Jahon | 11:05 / 28.07.2023
7078
2 daqiqa o‘qiladi

YeMB bazaviy stavkalarni ketma-ket to‘qqizinchi marta oshirdi

Yevrohududda doimiy yuqori inflatsiyaga qarshi kurashda YeMB foiz stavkalarini 0,25 foizga oshirdi. Bir kun avval AQSh Federal zaxira tizimi bazaviy stavkani deyarli chorak asr ichida rekord darajaga ko‘tardi.

Foto: Getty Images

Yevropa Markaziy banki (YeMB) yevrohududda yuqori inflatsiyaga qarshi kurash maqsadida ketma-ket to‘qqizinchi marta bazaviy foiz stavkalarini oshirdi. YeMB kengashi 28 iyul, payshanba kuni ushbu asosiy ko‘rsatkichlarni yana 0,25 foiz punktga oshirishga qaror qildi. Natijada, tijorat banklari YeMBdan qarz olishlari mumkin bo‘lgan bazaviy stavka 4,25 foizga ko‘tarildi. Oxirgi marta stavka 2008 yil oktabr oyida global moliyaviy inqiroz boshida shunday darajada bo‘lgan edi. 

Shu bilan birga, YeMBning depozitlar bo‘yicha bazaviy stavkasi 3,75 foizga, marjinal kreditlar bo‘yicha stavkasi esa 4,5 foizgacha oshirildi. 

Ko‘p yillik nol va hatto salbiy bazaviy stavkalardan so‘ng, Yevropa regulyatori yuqori inflatsiya tufayli ushbu ko‘rsatkichni 2022 yil iyulidan beri doimiy ravishda oshirib kelmoqda. Bir kun avval AQSh Federal zaxira tizimi bazaviy stavkasini so‘nggi 22 yil ichida rekord darajaga – 5,25-5,5 foizgacha oshirdi. 

Yuqori foiz stavkalari kreditlarni qimmatroq qiladi. Bu talabni sekinlashtirishi va narxlarni pasaytirishi mumkin. Shu bilan birga, qimmat kreditlar iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. 

Mavzuga oid