Jahon | 18:42 / 29.07.2023
9899
2 daqiqa o‘qiladi

BMT global isishdan «global qaynash davri»ga o‘tilganini e’lon qildi

«Havodan nafas olishning iloji yo‘q, issiqlikka chidab bo‘lmayapti», dedi bosh kotib Antoniu Guterrish.

Foto: Reuters

2023 yil iyul oyi rekord darajadagi eng issiq oy bo‘ldi. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi shunday «qaynash davri» boshlanmoqda.

Ilgari iyul oyining o‘rtacha harorati Tselsiy bo‘yicha 16 daraja atrofida bo‘lgan. Ammo bu yil u 17 darajaga ko‘tarildi. Iqlimshunoslarning ta’kidlashicha, bundan oldin Yerda bunday issiqlik faqat 120 ming yil oldin bo‘lishi mumkin edi.

Shunday bo‘lsa-da, BMT qoshidagi Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) oy yakunlanmagani bois, yangi rekordni e’lon qilmadi. Biroq, Antoniu Guterrish buni ortiqcha deb hisoblamoqda. «Buni bilish uchun iyul oyining oxirigacha kutish shart emas», dedi bosh kotib.

«Iqlim o‘zgarishini hamma ko‘rib turibdi. Bu dahshatli. Va bu faqat boshlanishi. Global isish davri tugadi, global qaynash davri keldi - havodan nafas olishning iloji yo‘q, issiqlikka chidab bo‘lmayapti», dedi Antoniu Guterrish.

28 iyul kuni Leypsig universiteti (Germaniya) olimlari eng issiq oy haqidagi dastlabki xulosalarni tasdiqlovchi tadqiqotini e’lon qildi. Ularga ko‘ra, o‘rtacha global harorat avvalgi rekord o‘rnatilgan 2019 yil iyuliga nisbatan kamida 0,2 darajaga ko‘tarilgan.

Mavzuga oid