O‘zbekiston | 15:35 / 29.07.2023
44899
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda bir guruh haydovchilar yo‘lovchi avtobusni toshbo‘ron qildi

Videodan kadr

Kun.uz’ga mushtariylar yo‘llagan videolavha kelib tushdi. Unda Oqdaryo tumani Yangiqo‘rg‘on mahallasi hududida Buxoro-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi avtobus bir nechta raqamsiz yengil mashinalar tomonidan ta’qib qilib to‘xtatilgani va toshbo‘ron qilingani aks etgan.

Tasvirlardan ko‘rish mumkinki, dastlab yigirmadan ortiq zo‘ravon yigitlar avtobus eshiklarini ochishni talab qilishgan. Shundan so‘ng yo‘lovchilari bo‘lgan avtobusga qarata tosh otib, uning derazalarini sindirishgan.  

Kun.uz’ga ma’lum qilinishicha, 2023 yil 28 iyul kuni soat 15:30 larda Toshkentdan Buxoroga harakatlanayotgan avtobus “Damas” mashinasi bilan yo‘l talashib qolgan. O‘rtada biroz tortishuv yuzaga kelgan. Shundan so‘ng “Damas” mashinasining egasi o‘z tanishlari yordamida avtobusni ta’qib qilib borgan va Oqdaryo tumani hududida siqib to‘xtatgan. Shundan so‘ng yuqoridagi holat yuzaga kelgan.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sagdullayev munosabat bildirdi. Sagdullayev Oqdaryo tumani hududida bir guruh fuqarolar avtobus yo‘lini to‘sib, uning oynasiga tosh otganligi holati sabablari viloyat IIB tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi. O‘rganishlar yakuni bilan ushbu holatda ishtirok etgan barcha shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishini bildirdi.  

Mavzuga oid