Nuqtayi nazar | 11:15 / 31.07.2023
251404
3 daqiqa o‘qiladi

Davlatning reputatsiyasi – qimmatli resurs

Har bir voqea va jarayon, bir vaqtning o‘zida, ko‘plab mezonlarda o‘lchanadi. Ayniqsa, davlat ishlari. Misol uchun, birin-ketin qamalayotgan jurnalistlar va blogerlar haqida “axir o‘zlari xato qilishgan” deyaverish mumkindir, lekin...

Foto: Getty Images

Ha, huquqiy davlatchilik oyoqqa turmagan, siyosiy plyuralizm shakllanmagan davlatda so‘z erkinligidan foydalanuvchilarga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni bemalol isbotlab ham berish mumkin. Lekin boshqa tomondan, davlatlarning ichki va tashqi “reputatsiyasi” degan narsani hech kim inkor qilmaydi, qila olmaydi.

Tashqi dunyoda esa “O‘zbekiston jurnalistlari va blogerlariga qiron kelayaptimi?!” degan savol tug‘ilishi tabiiy, va ayni kunlarda shu savol tug‘ilmoqda ham. Dunyoning ko‘plab davlatlari O‘zbekiston bosib o‘tgan bosqichni allaqachon o‘tib bo‘lgan. Ular markazlashgan davlatchilik nima-yu, tanqid nima ekanini yaxshi bilishadi.

Davlat shunday bo‘lishi kerakki, o‘zining manfaatlarini har jihatdan to‘g‘ri chamalay olishi kerak. Ichki vaziyatni deb, tashqi global reputatsiyani qurbon qilish...

Bu yerda, boshqacha natija bo‘lmaydi, bu faqat vaqt masalasi. Natija esa, salbiy bo‘ladi. Bu salbiy natijalardan biri, masalan, xorijiy moliya institutlarining O‘zbekiston haqidagi fikri yomonlashishi, investitsiyalar oqimi kamayishi, natijada iqtisodiy o‘sish bo‘yicha berilgan va’dalarning amalga oshishi yanayam qiyinlashib ketishi tarzida namoyon bo‘lishi mumkin. Xalqaro tashkilotlarning bepul grantlari va nisbatan arzon qarzlari budjet kamomadlarini yopish va ko‘plab ijtimoiy xarajatlarni qoplab berishda katta ahamiyatga egaligini inkor qilib bo‘lmaydi.

Jurnalistlar va blogerlar xato yoki jinoyat qilgan bo‘lishining ehtimoli bordir. Lekin, siyosiy tizim shunday bo‘lishi kerakki, ular xato qilishga qadar ogohlantirish tizimi ishlashi kerak. Shu bilan birga, xolis tergov va adolatli sud ta’minlanishi zarur. Chunki qamalayotgan har bir jurnalist yoki bloger davlatga qimmatga tushadi.

Qonunlar davlatning milliardlarini o‘marayotgan amaldorga ham, “adashgan” blogerga ham birdek to‘g‘ri ishlashi kerak.

Shuningdek, jurnalist va blogerlarga o‘zlarini faoliyatini moliyalashtirish uchun aniq imkoniyatlar berilishi zarur.

Hech bir hokimiyat beqarorlikni yoqtirmaydi. Tanqidni esa – beqarorlik va anarxiya elchisi sifatida ko‘rish odatiy. Lekin davlat jamoatchilik bilan ishlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olsa, hech qanday beqarorlik yoki anarxiya tinchlikka rahna sola olmaydi.

Qisqa qilib aytganda, davlat o‘ziga ishonishi kerak. Bir tomondan jamoatchilik bilan muttasil ishlashi, ikkinchi tomondan, kuch ishlatar tizimlari va boshqa mulozimlarni tiyib turishi maqsadga muvofiq.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid