O‘zbekiston | 11:53 / 31.07.2023
10949
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy shahri yana tutun ichida qoldi. Bu safar chiqindi poligoni yonib ketdi

Ohak sexlarida ko‘mir yoqilishi sabab atmosferasi buzilgan Navoiy shahri yana tutun ichida qoldi: Karmana tumanidagi qattiq maishiy chiqindilar joylashtirish poligoni yonib ketdi. «Berejlivost» MChJga qarashli mazkur chiqindi poligonida 3 oy oldin ham yong‘in chiqqandi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

Navoiy viloyati Karmana tumanidagi chiqindi poligonida yong‘in sodir bo‘ldi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, 30 iyul kuni soat 14:20lar atrofida Karmana tumani “Yangi ariq” MFY hududida joylashgan «Berejlivost» xususiy ishlab chiqarish korxonasiga tegishli qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash poligonida yong‘in kelib chiqqan. Holat shu kunning o‘zida Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi davlat inspektorlari, IIB, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida voqea joyiga borib o‘rganilgan.

Shu kunning o‘zida yong‘inni o‘chirishga 50 ta turli texnikalar hamda 150 nafar xodimlar safarbar qilingan hamda o‘chirish va chiqindilarni to‘liq ko‘mish ishlari hozir ham davom etmoqda.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

«Berejlivost» xususiy ishlab chiqarish korxonasiga tegishli mazkur chiqindi poligonida joriy yil aprel oyi oxirida hamda 2021 yil 19 iyun kuni ham yong‘in sodir bo‘lgandi.

Kun.uz oldinroq Navoiy shahri havosining ifloslik darajasi ortib ketgani va bunga shahar chetidagi ohak ishlab chiqarish sexlarining ko‘mirga o‘tkazilgani sabab bo‘lgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Kun.uz tanqididan so‘ng viloyat hokimi Normat Tursunov va sektor rahbarlari masalani joyiga borib o‘rgandi. Ammo holat to‘liq bartaraf qilinmadi: tahririyat manbasiga ko‘ra, ayrim ohak sexlari hamon tungi paytlarda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda va bu shahar atmosferasiga katta zarar yetkazyapti.

Mavzuga oid