Bolsheviklar merosi: odam va iqtisodiyotga nisbatan sovetcha munosabat Zoyir Mirzayev misolida
Sovetlar mamlakatining 70 yillik tarixi – insoniyatga atalgan katta ishora: total boshqaruv va majburlov ostida na insonning, na iqtisodiyotning potensiali yuzaga chiqadi. Yakka istisnolar esa umumiy rivojlanishni ta’minlab berolmaydi va iqtisodiy nopragmatizm bir kun kelib iqtisodiy tanazzulni keltirib chiqaradi. Iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni faqat huquq ustuvorligi bilan cheklangan erkinlik ta’minlar ekan – bu isbotini topib bo‘ldi.
Eskirgan uslublar, eskirgan yondashuvlar haqida so‘z yuritishda davom etamiz.
Zoyir Mirzayev – fermerlarni ariqqa tiqib qo‘ygani voqeasi bilan mashhur bo‘lgan hokim. Hozir Toshkent viloyatini boshqaryapti. Uning ishlash uslubi ham avvalgi qahramonimiz – Shuhrat G‘aniyevniki kabi.
Bu yerda ham biz insonlarga nisbatan o‘ziga xos bir munosabatni, ya’ni go‘yo inson bu bir jonivor-u, uni albatta urib-so‘kib majburlamasangiz, ishlamaydi. Ya’ni bu yerda hazrati Insondan buyuk ne’mat bo‘lmish – ong tortib olinadi, go‘yo insonni yaratgan Zot uni yuksak ong bilan ne’matlamagan.
Insonni quyi maqomga tushirib, faqat majburlash oqibatida, insoniyat boshiga ulkan ofatlar yog‘ilgan. Bularni tarix o‘z sahifalarida muhrlagan, xulosa qilish, dars olish qoldi, xolos.
G‘aniyev-Mirzayevlar o‘sha – noto‘g‘ri, yashab qololmagan va yashab qolmasligi aniq bo‘lgan, Insonning buyukligini tortib olishga uringan mafkura tarbiyalanuvchilari. Qurbonlari desak ham bo‘ladi.
Mana bir misol. Toshkent viloyatida fermer Bekzod Shiranov muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan edi. Keyin bu hududda yangi massiv qurilishi rejalashtirildi. Zoyir Mirzayevning topshirig‘i bilan yangi massiv – faoliyat yuritib kelayotgan fermerning yerida qurila boshlangan.
Fermer sudga da’vo kiritgan, tortishuv ketyapti, ammo noqonuniy qurilish davom etyapti.
Ish sudlarda ko‘rilmoqda
2022 yil 4 noyabrda Olmaliq shahar hokimligi Ohangaron tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritgan. Sudning 2023 yil 10 apreldagi qarori bilan Piskent tuman hokimligi va Inoyatov Bekzod Inoyatovich fermer xo‘jaligi o‘rtasida 2019 yil 15 fevralda tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatga ijaraga olish to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilinib, “Namuna” hududidagi jami 36,61 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilishi belgilangan.
2023 yil 13 iyun kuni apellyatsiya instansiyasi – Toshkent viloyati sudi iqtisodiy ishlar buyicha sudlov xay’atining qaroriga asosan, Ohangaron tumanlararo sudining qarori bekor qilingan. Olmaliq shahar hokimligi apellyatsiya instansiyasi qarori ustidan kassatsiya tartibida Oliy sudga shikoyat kiritgan.
16 iyun kuni da’vo predmeti o‘zgartirilgan holda Pskent shahar hokimligi tomonidan Ohangaron tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilingan. Sud hokimlik va fermer o‘rtasidagi ijara shartnomasini bekor qilgan. Lekin fermer bu ijara shartnomasi kuchda emasligi, yerga ijara huquqini auksionda yutib olganini aytmoqda.
Sirli kuzatuv
Qurilish joyini borib ko‘rdik, mas’ullar bilan gaplashdik. Darvoqe, surishtiruv davomida biz kuzatuvda bo‘ldik – bir necha joyda noma’lum shaxslar bizni telefoni kamerasida tasvirga olib turishdi.
Viloyat hokimligida mas’ullar vaziyatdan hayron ekanliklarini bildirishdi, ammo kameraga gapirishmadi.
Holatni ihota qilish – fermerni boshqa yer maydoni bilan ta’minlash maqsadida viloyat hokimining matbuot kotibi Bekzod Qobulov bizni (fermer va jurnalistlarni) Piskent tumani hokimligiga olib bordi. Biz ko‘chada kutib turishimiz kerakligi aytildi. Fermer va B.Qobulov Piskent hokimi bilan suhbat qilishga hokimiyatga kirishdi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, suhbat davomida Piskent hokimi fermerga yaqinda auksionga qo‘yilishi kutilayotgan yer maydonlaridan birini yutib olishga harakat qilishini mumkinligini aytgan. Tabiiyki, fermerga bu taklif ma’qul kelmagan.
Fermer Bekzod Shiranovni eshitamiz
— 16 yildan beri fermerlik bilan shug‘ullanaman, asosan paxta va g‘alla ekamiz. Rejalarni 160-170 foizgacha bajarib kelganman. Fermer xo‘jaligimiz balansida 19 dona zamonaviy texnika bor.
2014 yilda tuman hokimi yana 100 gektar yerga paxta ekishimni aytdi. Men yerni qonuniy qilib fermer xo‘jaligim nomiga o‘tkazib berishlarini so‘radim. O‘sha yer boshqa fermerga tegishli bo‘lib, zaxiraga ham olinmagan ekan. Men rozi bo‘lmadim bunga. Shundan keyin fermer xo‘jaligimni tuman zaxirasiga o‘tkazishdi. 2014 yilning o‘zida xo‘jalik sudiga murojaat qildim. Xudoyor ismli sudya tomonidan mening yerim noqonuniy olib qo‘yilgani aytilib, hokim chiqargan qaror asossiz deb topildi. Apellyatsiya sudi ham ularning qarorini noqonuniy deb topdi.
Shundan keyin 2019 yilda yana nohaqlik bo‘ldi. Mening yerimni hech qanday xat-hujjatsiz, asossiz tarzda boshqa fermer xo‘jaligiga berib yuborishdi. Hokimlikka borib, og‘zaki murojaat qildim. 100 gektar yerim o‘rniga 36 gektar yer berishdi. Hali bir oy ishlamasimdan turib, har xil odamlar kelib, o‘zini katta olib, bu yerga ko‘p qavatli uylar, istirohat bog‘i qurilishini aytib, bosim o‘tkaza boshlashdi. Prezident nomiga, prokuraturaga ariza yozganimdan keyin to‘xtashdi.
2022 yil 13 sentabrga kelib, Piskent tumani hokimining 622-sonli qaroriga asosan 5 gektar sabzavot, 10 gektar chorva uchun, jami 49 gektar yer olib faoliyatimni davom ettirishni boshladim. Shundan keyin 2022 yilda Olmaliq shahar hokimligidan kelib, bu yerda Zoyir Mirzayevning topshirig‘i bilan Yangi O‘zbekiston massivi quriladi, deyishdi.
Men ularga barcha hujjatlarimni ko‘rsatdim. Lekin ular “Zoir Mirzayev yeringni sud orqali oladi, biz ungacha qurilish boshlab turamiz”, deyishdi. 4 noyabrda sudga ariza kiritishdi, 2023 yil 10 aprelda bo‘lgan sud Olmaliq shahar hokimligi foydasiga hal bo‘lib, yerim zaxiraga olindi va mening shartnomam bekor qilindi. Men sud qaroridan norozi bo‘lib, Toshkent viloyati sudiga apellyatsiya berdim. Appelyatsiya sudi Ohangaron tumanlararo iqtisodiy sudi qarorini bekor qildi.
Sud qaroridan keyin quruvchilarga yerimda boshlagan qurilishlari noqonuniy bo‘layotganini aytdim. “Bizni hokim majbur qildi, to‘g‘ri, hujjatimiz yo‘q”, deyishdi ular. Murod ismli quruvchi kelib: “A.Ikromov nomidagi MFY hududida yerni yutib olgandim, qurilish qilishim kerak edi, lekin Zoyir Mirzayev boshqa yerni ko‘rsatdi, kadastr bo‘limi yer 49 yilga ijaraga berilganini aytganida, Zoyir Mirzayev “biz sud orqali yerni olib beramiz, sen qurilishni qilaver”, deb aytganini bildirdi. Quruvchi yigit bunday noqonuniy tarzda qurilish qilmasligini aytgach, uni Olmaliq tuman ichki ishlar bo‘limida ikki kun hibsda saqlashgan. Shundan keyin u rozi bo‘lgan. Bu gaplarning hammasini men bilan suvchi-ishchim ham eshitdi, har qanday joyda guvohlik bera oladi.
Keyin esa ichki ishlar xodimi menga telefon qilib, yerni tez bo‘shatish kerakligini, qurilish boshlanishi kerakligini aytdi. Men yerga sabzavot ekib qo‘ygandim. Yerimga kelgan ekskavator haydovchisi ham “bizda hujjat yo‘q, lekin shu yerda ishlaysan deb majburlashyapti”, dedi.
Bu ishlarning sababini surishtirdim. Aslida qurilish qilinishi kerak bo‘lgan yer “Tulpor” nomli fermer xo‘jaligining bog‘i bo‘lib, 2017 yil zaxiraga olingan. Zoyir Mirzayevning o‘zi kelib, bog‘ni buzmaymiz, qurilish joyini o‘zgartiramiz, deb aytgan. Qonunga amal qilinishi kerakligi aytilganda, ishlaring bo‘lmasin, sudga aytamiz, davlatning kuchini ko‘rib qo‘ysin, debdi.
Xo‘sh, men nima qilay? Soliqlarni to‘layapman, yoshlarni ish bilan ta’minlayapman, o‘z hissamni qo‘shyapman, rejalarni ortig‘i bilan bajaryapman. Davlatning kuchini ko‘rsatishsa, qonunga amal qilib ko‘rsatishsin.
Tadbirkorlarni himoya qiluvchi tashkilot Ombudsmanga murojaat qildim – foydasiz. 2019 yildan beri qancha mehnat qildim, hosildorlikni ko‘tardim. 70 sentnerdan g‘alla oldim, 160 foizga bajardim rejani. Nega endi shuncha qilgan mehnatim qayerdagi og‘zaki noqonuniy buyruq ostida qolib ketsa? Mana shu ishlarga bosh qo‘shganlarning barchasiga jinoiy ish ochilishini so‘rayman. Qonunga zid tarzda tadbirkorga to‘sqinlik qilish, ko‘kragidan itarish bu ishlar.
6 gektarli suvli yer maydonimga Zomindan Bekzod, Ravshan ismli yigitlar kelib, [yangi massiv uchun] bog‘cha qurilishini tezroq boshlashlari kerakligini aytishdi. Hujjat so‘raganimda birorta hujjat taqdim etolishmadi. Qaytaga militsiya, prokuraturani chaqirib, do‘q qilishdi. Davlatning yeri bu, bog‘cha ham davlatniki, sud orqali olamiz yeringizni, deyishdi. Sudda yutsangiz, qurilgan narsalarni buzib, tozalab chiqib ketamiz, deb aytdi.
Shundan keyin 12 iyunda kelib qurilishni to‘xtatishni, sud qarori chiqqanini aytdim. O‘zlari ham noqonuniy qilishayotganini tan olishdi.
“Davlatning kuchi”
Bu intervyudan bir necha kun o‘tib xabar keldi: fermerning qolgan ekinlari ham ekskavatorlar bilan buzila boshlangan:
Aytishlaricha, Zoyir Mirzayev “davlatning kuchini ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak” debdi. Uning fikricha, davlat noqonuniy harakatlar bilan o‘z kuchini ko‘rsatishi kerak ekan... Nonsens!
Bu ham qahramonlarimiz ongida muhrlanib qolgan eski mafkura asoratlari: esingizdami quloqlashtirish, 37-yil? O‘shanda ham davlat o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘ygandi. Huquqlarni batamom poymol qilish bilan ko‘rsatgan edi...
Qahramonlarimiz – davlat deganda aynan shuni tasavvur qiluvchi “personaj”lar, ularning dunyoqarashida davlat faqat haq-huquqlarni buzish bilan o‘z kuchini ko‘rsatishi kerak. Inson esa ular uchun, hali aytganimizdek, ongsiz, urib-so‘kilishi kerak bo‘lgan mavjudotlar.
Madomiki, tarixdan to‘g‘ri xulosa olishni boshlamas ekanmiz, urinishlarimiz behuda ketaveradi.
Xoliqning buyuk ijodi bo‘lmish Insondan uning ajralmas maqomini tortib olishga urinish, uni ongsiz, haqir bir mavjudot maqomiga tushirish, buyruq va tazyiq bilan majburlashga urinish – Yaratganga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshi chiqish. Shundan emasmi barcha ko‘ngilsizliklar sababi?
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
23:07 / 21.12.2024
Toshkent viloyatida chiqindi poligonlari xizmat narxi oshiriladi
07:35 / 20.12.2024
Qishloq xo‘jaligi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
16:16 / 17.12.2024
Toshkent viloyatida 8,7 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan sex fosh etildi
20:14 / 16.12.2024