Jahon | 12:19 / 03.08.2023
8473
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Nigerdagi xuntani o‘z elchixonasini himoya qilishga chaqirdi

G‘arb davlatlari o‘z fuqarolarini harbiy to‘ntarish amalga oshirilgan Nigerdan evakuatsiya qilmoqda. 40 nafar Germaniya fuqarosi mamlakatni tark etdi. Fransiya elchixonasi oldida yangi norozilik namoyishlari tayyorlanmoqda.

Foto: AFP

Fransiya Nigerdagi elchixonasi yaqinida rejalashtirilgan yangi norozilik namoyishlari fonida ushbu G‘arbiy Afrika davlati harbiy xuntasini Niameydagi fransuz diplomatik vakolatxonasi xavfsizligini to‘liq kafolatlashga chaqirdi. Parijdagi Tashqi ishlar vazirligi 3 avgust, payshanba kuni Niger xavfsizlik kuchlarini diplomatik xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishga chaqirdi. 

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, to‘ntarish uyushtirganlarga «xalqaro huquq va ayniqsa, Vena konvensiyasiga asoslangan majburiyatlarga» rioya qilish zarurligini eslatdi. 

Bir kun avval, 2 avgust, chorshanba kuni Nigerdagi notinch vaziyat tufayli AQSh Davlat departamenti Amerikaning mamlakatdagi elchixonasi xodimlarining bir qismi va ularning oila a’zolariga Nigerni tark etishni buyurdi, deyiladi diplomatik missiya saytida e’lon qilingan xabarda. Elchixona cheklangan asosda ishlashda davom etadi va «faqat Nigerdagi Amerika fuqarolariga shoshilinch yordam ko‘rsatishi mumkin», deyiladi bayonotda. 

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok shu kuni Fransiyaning evakuatsiya parvozlaridan foydalanib, so‘nggi ikki kun ichida 40 ga yaqin nemis fuqarosi ham Nigerni tark etgani to‘g‘risida xabar berdi. U fransiyalik hamkasbi Katrin Kolonnaga yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. 1 va 2 avgust kunlari faqat ikkita fransuz reyslarida 600 dan ortiq xorijliklar, asosan Fransiya fuqarolari olib ketildi. 

Mavzuga oid