Sport | 10:13 / 07.08.2023
26346
7 daqiqa o‘qiladi

Messi yana hal qildi. «Inter Mayami» jar yoqasidan qutqarildi

Argentinalik futbolchi «Dallas»ga qarshi kechgan aql bovar qilmas o‘yinda to‘rt golda ishtirok etdi va jamoasini chorakfinalga olib chiqdi.

Foto: Getty Images

Ligalar kubogi. 1/8 final
7 avgust. «Toyota Stedium», Frisko.
«Dallas» — «Inter Mayami»
— 4:4 (2:1). Penaltilar seriyasi — 3:5
Gollar: Messi, 6 (0:1). Kinon, 37 (1:1). Kamungo, 45 (2:1). Velasko, 63 (3:1). Kremaski, 65 (3:2). Teylor, 68, avtogol (4:2). Farfan, 80, avtogol (4:3). Messi, 85 (4:4)

Tezkor gol — tizimga aylandi

Ligalar kubogi pley-offining dastlabki o‘yinida (1/16 final doirasida «Orlando Siti»ga qarshi kechgan va 3:1 hisobida yakunlangan o‘yin) Lionel Messi qattiq hissiyotga berilib o‘ynadi va raqib futbolchilari bilan tortishuvlarga kirishdi, to‘p uchun kurash vaqtida keskin harakatlar amalga oshirdi. «Orlando» murabbiyi Oskar Parexa esa o‘yindan keyin argentinalik futbolchi ikkinchi sariq kartochkani olib maydondan chetlatilishga loyiq o‘yin ko‘rsatganini ham aytgandi: «Menga farqi yo‘q, u Messi bo‘ladimi boshqami!».

Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak — Leoni oxirgi bor bunday hissiyotli holatda Qatardagi jahon chempionatida ko‘rgandik. U o‘z orzusiga yetish yo‘lida maydonda bor sehrini ishga solgan, hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagidan keyin Lui van Gaalni urishga tayyor bo‘lgan, keyin o‘yindan keyingi intervyusida niderlandiyalik faxriy murabbiy manziliga o‘z so‘zlarini yo‘llagan va nihoyat Veghorstni ahmoq deb atagandi. U butun vujudi bilan g‘alabaga intilgandi.

U bilan bunga o‘xshash holatlar g‘alabali Amerika Kubogida va «Barselona»da o‘ynagan vaqtida ro‘y berardi, ammo «PSJ»da hech qachon bunaqa bo‘lmadi. Parij va Messi bir-biriga umuman mos kelmadi va tomonlar oxirigacha bir-biriga begona bo‘lib qolishdi. Endi esa — tom ma’noda bir qarashda sevgi. Buni izohlash mumkin, chunki hozir Leo Saudiyaning millionlaridan voz kechib, bu klubni o‘zi tanladi, ikki yil oldin esa unda Parijdan boshqa variant bo‘lmagandi.

Argentinalik futbolchining «PSJ»da faoliyati boshlanishi ham shunga yarasha nursiz bo‘lgandi, fransuz chempionatini MLS bilan solishtirish to‘g‘ri bo‘lmasa ham, baribir bir narsa yaqqol ko‘rinib turibdi — «Inter Maymi»da u o‘zini juda qulay his qilmoqda. Bunday vaziyatda Amerika ligasining asosiy yulduzi muxlislarni kuttirmaydi va gollar konveyerdan chiqqandek urilaveradi.

«Atlanta» mudofaasi argentinalik daho qarshisida 8-daqiqada taslim bo‘lgandi. «Orlando» yetti daqiqa chidab berdi, «Dallas» esa oltinchi daqiqadayoq o‘yinni maydon markazidan qaytadan boshlashiga to‘g‘ri keldi. Aniqrog‘i, biroz keyinroq, chunki hakam monitorga borib qarashiga va o‘zining ofsayd to‘g‘risidagi xato qarorini bekor qilishiga to‘g‘ri keldi, chunki Xosef Martines umuman darvoza ro‘parasida emasdi va darvozabonga xalaqit bergani yo‘q.

Bu qandaydir sug‘ur kuniga o‘xshaydi, unda faqat raqiblar va assistentlar almashgandek. Bu o‘yinda Jordi Albaning navbati keldi, o‘zi e’tirof etishicha, uni Leo bilan alohida aloqa bog‘laydi. Ispaniyalik oldinga tashlanib, maydon chizig‘idan o‘tib ketayotganida to‘pni ortga qaytarganida u eski do‘sti kerakli pallada orqadan kelib ochilishini his qilib turardi. Messi va Alba bir safar klasikoda shunday gol uyushtirishgandi, «Dallas» esa — «Real» kabi qiyin raqib emas.

Albaning ikki pasi va shedevr

Ammo «Inter Mayami» ham «Barselona» emas, garchi jamoada birinchi gol tashkilotchilaridan tashqari Buskets bor bo‘lsa ham. Texasliklar mehmonlar himoyasini ilk daqiqalardan to‘zitib yuborgan va liganing yorqin forvardlaridan biri, yaqinda KONKAKAF Oltin Kubogida ikki bor het-trik qayd etgan Xesus Ferreyraning goli faqat mikroskopik ofsayd tufayli bekor qilindi.

Shunday ekan, «Dallas» birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa ham tushkunlikka tushmadi va Messining darvozabon ustidan oshirib tashlagan zarbasi darvoza chizig‘i ustida himoyachi tomonidan to‘xtatib qolinganidan keyin uzil-kesil o‘ziga keldi. Natijada tanaffusgacha o‘yin 180 darajaga o‘zgardi va «qarqaralar» jamoasi yangi erasida ilk bor hisobda ortda borishiga to‘g‘ri keldi. Jamoada hisobni tenglashtirish uchun imkoniyatlar yetarli edi, ammo Gomes o‘z sardorining pasini yo‘qqa chiqardi, Busketsga ham zarba berishda mahorat yetishmadi, tabiiyki unga ham vaziyatni Messi yaratib bergandi, ammo u to‘pni darvoza to‘sinidan o‘tkazib tepdi.

Keyinroq u Alba bilan birgalikda ikkinchi bo‘limda maydonga chiqqan Kremaskining golini tashkillashtirib berishdi. Faqat bu vaqtga kelib «Inter» standart vaziyatdan uchinchi golni o‘tkazib yuborishga ulgurgandi, Kremaskining goliga ham «Dallas» tezkor qarshi hujum bilan javob qaytardi, avvalgi o‘yinlarda yorqin o‘yin ko‘rsatgan Teylor bu o‘yinda o‘z jamoasi darvozasin ishg‘ol etib qo‘ydi - 2:4.

To‘rtinchi gol o‘tkazib yuborilganidan keyin ertak nihoyasiga yetgandek ko‘ringandi, ammo tarkibda sehrgar futbolchi borligida barchasining iloji bo‘ladi. Uning magiyasi jarima zarbasi ijro etilganida raqib futbolchisi bosh bilan kuchli zarba berib o‘z darvozasini ishg‘ol etishiga olib keldi. O‘yin oxirlab qolganida esa Leoning navbatdagi ideal jarima zarbasi hisobni tenglashtirdi (bu uning shtatlarda ikkinchi bor jarimadan gol urishi bo‘ldi). G‘alabali penaltilar seriyasini ham sardor aniq zarba bilan boshlab berdi.

Sehrgarlik seansi davom etadi. Messining Amerikadagi ilk sovrini uchun uchta o‘yin qoldi. Ligalar kubogi chorakfinali — jumaga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid