Jahon | 07:59 / 07.08.2023
6266
3 daqiqa o‘qiladi

Nigerda to‘ntarish uyushtirganlar mamlakat havo hududini yopib qo‘ydi

EKOVAS ultimatumi fonida, Nigerning hukmron harbiy xuntasi har qanday bosqinchilik urinishiga «kuchli va zudlik bilan javob berishni» va’da qildi.

Foto: Mahamadou Hamidou/REUTERS

Nigerda to‘ntarish uyushtirib, hokimiyatni qo‘lga kiritgan harbiylar harbiy aralashuv xavfi tufayli mamlakat havo hududi yopilganini e’lon qildi. Harbiy xunta vakili 6 avgust, yakshanba kuni kechqurun milliy televideniye orqali parvozlarni taqiqlash barcha samolyotlarga taalluqli ekani va «keyingi ogohlantirishgacha» amal qilishini bildirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam qo‘yishga qo‘shni davlatlardan borgan sari yaqqol aralashish tahdidlari sabab bo‘lgan. Niger havo hududini buzishga qaratilgan har qanday urinish «kuchli va zudlik bilan javob» oladi», — deyiladi bayonotda. 

Kun avvalida minglab namoyishchilar Niger poytaxti Niameydagi stadionga yig‘ilib, hokimiyat tepasiga kelgan harbiylarni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatdi. 

Dam olish kunlarida G‘arbiy Afrika iqtisodiy hamjamiyatiga (EKOVAS) a’zo davlatlar Niger xuntasiga qo‘ygan ultimatum muddati tugadi. Bu davlatlar Niger isyonchilaridan 6 avgustgacha konstitutsiyaviy tuzumni tiklashni va hokimiyatdan chetlatilgan prezident Muhammad Bazumni qaytarishni talab qildi. 

Nigerdagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng mintaqadagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. EKOVASga a’zo davlatlar qurolli kuchlari qo‘mondonlari, Fransiyaning RFI mediakompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘ntarishga javoban Nigerga ehtimoliy qurolli bostirib kirish rejasini ishlab chiqdi. 

Qo‘mondonlar tomonidan ma’qullangan tavsiyalar «mumkin bo‘lgan aralashuvning barcha elementlari, shu jumladan, buning uchun zarur resurslar, shuningdek, qo‘shinlarni qanday va qachon joylashtirishni» o‘z ichiga oladi, deya RFI EKOVAS siyosiy masalalar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha komissari Abdul Fatau Musaning Nigeriya poytaxti Abujada harbiy rahbarlarning uch kunlik yig‘ilishidan keyingi so‘zlaridan iqtibos keltiradi. 

EKOVAS davlat rahbarlari ushbu tavsiya asosida qanday harakat qilish bo‘yicha qaror qabul qilish niyatida, deya qo‘shimcha qildi Musa. 

Mavzuga oid