Jahon | 12:43 / 09.08.2023
15824
3 daqiqa o‘qiladi

Afrika mamlakatlari Nigerning ag‘darilgan prezidentini hokimiyatga qaytarish uchun 25 ming harbiy yubormoqchi

G‘arbiy Afrika mintaqaviy bloki — ECOWAS (G‘arbiy Afrika davlatlarining iqtisodiy hamjamiyati) prezident Muhammad Bazum hokimiyatini tiklash uchun Nigerga 25 ming harbiydan iborat qo‘shin jo‘natishga tayyor.

RFI agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Nigeriya bu kontingentning yarmini shakllantirishga tayyor, qolgan harbiylar Kot-dʼIvuar, Senegal va Benin hisobidan bo‘ladi. Bu kuchlarga nigeriyalik harbiylar rahbarlik qiladi.

RFI nashri yozishicha, ECOWAS mojaroni kuch ishlatish yo‘li bilan hal etish ssenariysini oxirgi chora sifatida ko‘radi. 8 avgust kuni Nigerga BMT, Afrika ittifoqi va ECOWAS vakillaridan iborat delegatsiya kelishi kutilgandi, ammo isyonchilar ularni mamlakatga kiritmadi.

Avvalroq mazkur respublikaga AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland tashrif buyurgandi. Uning o‘zi «qiyin» deb atagan, isyonchilar yetakchilari bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyin Nuland Nigerdagi harbiylar oldingi hukumat qaytarilishiga rozi bo‘lmasligini bildirgan. Shunga qaramay, u isyonchilar «diplomatiya uchun eshiklarni ochiq qoldirishi»ga umid bildirgan.

  • Nigerda harbiy davlat to‘ntarishi 26 iyul kuni ro‘y bergandi. Prezident gvardiyasi mamlakat prezidenti Muhammad Bazumni hokimiyatdan chetlatgan. Ikki kun o‘tib, prezidentlik gvardiyasi boshlig‘i bo‘lgan general Abdurahmon Tchiani o‘zini davlatning yangi rahbari deb e’lon qildi.
  • Ko‘p o‘tmay ECOWAS vakillari Nigerga intervensiya uyushtirishga tayyor ekanini ma’lum qiladi. Bunga javoban, oldinroq harbiy davlat to‘ntarishi amalga oshirilgan va hozirgacha harbiylar boshqaruvida qolayotgan Mali va Burkina-Faso «Nigerning ichki ishlariga har qanday harbiy aralashuv ularga qarshi urush e’lon qilish bilan barobar bo‘lishi»dan ogohlantirdi.
  • CNN agentligi xabariga ko‘ra, Nigerdagi xunta mamlakat havo kengliklarini yopgan, ECOWAS mamlakatlari bilan quruqlik chegaralari ham yopilgan, shuningdek poytaxtga zaxiradan qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar olib kelingan.

Mavzuga oid