O‘zbekiston | 11:00 / 11.08.2023
28199
8 daqiqa o‘qiladi

MB raisi o‘rinbosari - devalvatsiya sabablari, narxlarga ta’siri va kutilmalar haqida

Behzod Hamroyevga ko‘ra, rubl, lira va yuanning sezilarli qadrsizlangani so‘mning ham devalvatsiyasini tabiiy iqtisodiy zaruratga aylantirgan. Markaziy bank dollar kursining bir kunda 3,5 foizga oshishi ichki bozordagi narxlarga katta ta’sir o‘tkazmasligiga ishonmoqda.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev bugun, 10 avgust kuni amalga oshirilgan so‘m devalvatsiyasi yuzasidan Kun.uz'ga qo‘shimcha izoh berdi.

Hamroyev regulyatorning bu borada e’lon qilgan press-relizida aytilganidek o‘ziga xos “to‘g‘rilanish bo‘lgani”ni ta’kidlab, bu O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari – Xitoy, Rossiya, Turkiya va Qozog‘istondagi devalvatsiya (milliy valutaning xorijiy valutaga nisbatan qadrsizlanishi) bilan bog‘liqligini aytdi.

“2020 yildagi pandemiyadan keyingi yillarda dunyoning eng katta markaziy banklari, xususan AQShning Federal rezerv tizimi inflatsiyaga qarshi stavkalarni ko‘tarib kelyapti. Dollar indeksi oshib boryapti va shunga mos ravishda (har bir davlatda o‘ziga xos boshqa sabablari ham bor, albatta) asosiy savdo hamkorlarimizning aksariyatida milliy valutalari qadrsizlandi. Yil boshidan beri Rossiya rubli 35-38 foizga, Turkiya lirasi qariyb 40 foizga, hatto Xitoy yuani qariyb 4-4,5 foizga (o‘tgan yilning shu davriga solishtirsa 7,5 foiz) o‘z qadrini yo‘qotdi.

Bu – tabiiy jarayon. Boshqa davlatlar bilan savdo qilganda, bizning kursimiz orqada qoladigan bo‘lsa, savdoda ma’lum bir ustunliklarimizni yo‘qotamiz: biz eksport qilayotgan mahsulotlarimiz u bozorlarda qimmatlashadi, ya’ni narx raqobatida yutqazadi. O‘z navbatida, import arzonroq bo‘ladi. Bular hammasi bir-biriga bog‘langan. Asosiy savdo hamkorlarimizda devalvatsiya bo‘layotganida, bizda o‘zgarmas bo‘lib turishi ma’lum bir nomutanosibliklarni keltirib chiqaradi. Bunaqa narsadan judayam ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki hozir nomutanosiblik valuta kursida ko‘rinayotgan bo‘lsa, ertaga boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sir qilishi mumkin”, – dedi u.

MB rasmiysiga ko‘ra, 10 avgustdagi 3,5–4 foiz atrofidagi devalvatsiyani ham qo‘shganda, yil boshidan beri so‘m qariyb 7,4 foizga qadrsizlangan. Ayni paytda, regulyator 2023 yilda inflatsiya darajasi (tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘sishi) 8,5–9,5 foiz bo‘lishini kutyapti.

“Buni og‘ir, vahimali qabul qilish kerak emas. Chunki iqtisodiyotni o‘zini o‘zi to‘g‘rilash jarayoni bo‘ladi. Xorijiy valutaga nisbatan talab va taklif muvozanatlashadi. Tan olish kerak, har doim kursning o‘zgarishi og‘riqli bo‘ladi. Bu xuddi kasal bo‘lganda achchiq dori ichish yoki og‘riqli muolaja olishga o‘xshaydi. Muolaja og‘riqli, lekin uni olmasangiz, kasallik gazak otib ketaveradi va ertaga bundan ham og‘ir davolanishga to‘g‘ri kelib qoladi. Shuning uchun ham hozirda 3,5–4 foiz, yil boshidan esa 7 foiz atrofida to‘g‘rilanish bo‘lgani – tabiiy jarayon va iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, – dedi Behzod Hamroyev.

U tashqi savdoda import eksportdan sezilarli ko‘pligiga to‘xtalib, bunday disbalansga sabablardan biri ham valuta kursi bilan bog‘liqligini aytdi (hamkor davlat milliy valutasining qadrsizlanishi O‘zbekiston uchun importni arzonlashtiradi).

Hamroyev yil boshidan beri lira va rubl bir necha o‘n foizga devalvatsiya bo‘lgan bo‘lsa ham, so‘m devalvatsiyasining hozirgi darajasi (yil boshidan 7 foiz) yetarli ekaniga ishonch bildirdi:

“Bizning hisob-kitoblarimiz bo‘yicha, yillik infyalsiyamiz darajasidagi devalvatsiyaning bo‘lishi O‘zbekiston uchun hozircha yetarli. O‘rta muddatli istiqbolda ham birorta xavf ko‘rayotganimiz yo‘q”.

MB raisi o‘rinbosari monetar siyosat organida iqtisodiyotga zararli devalvatsiyaning oldini olish uchun yetarli instrumentlar borligi, xususan valuta intervensiyalari uchun zarur miqdorda oltin-valuta zaxiralari mavjudligini qayd etdi.

“Inflatsiyaga mos bo‘lmagan, iqtisodiyotimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan devalvatsiya kutiladigan bo‘lsa, bemalol vaziyatga ta’sir ko‘rsatish mumkin. Bundan tashqari, kurs bo‘lishi uchun milliy valutada mablag‘ bo‘lishi kerak, buni kamaytirish-ko‘paytirishni esa Markaziy bank asosiy stavkasi bilan tartibga solish mumkin. Hozir bunaqa choralarni qo‘llashga hojat yo‘q”, – dedi u.

Behzod Hamroyevning ma’lum qilishicha, 10 avgust kuni aholi tijorat banklariga 66 mln dollar miqdorida valuta sotgan. Bu ko‘rsatkich 9 avgustda 50 mln dollar atrofida bo‘lgan. “Albatta, kurs o‘zgarishining ta’siri bor, dollar sotish ko‘paygan”, – deydi iqtisodchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy devalvatsiya xorijdagi yaqinlaridan pul jo‘natmalarini olib turuvchi oilalar uchun ham manfaatli bo‘lgan. “Xorijiy mamlakatda pul qadrsizlanadigan bo‘lsa, ular yuboradigan pul ham qisqaradi, chunki ular oyligini masalan rublda olib, dollarga o‘girib, O‘zbekistonga jo‘natadi. Bugungi devalvatsiya mana shu oilalar oladigan mablag‘ning so‘mdagi ekvivalentidagi yo‘qotishlarni ma’lum darajada kompensatsiya qilib beradi”, – deya tushuntirdi MB vakili.

Markaziy bank so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi ichki bozordagi narxlarga katta ta’sir qilmasligiga ishonmoqda.

“Albatta, iste’mol savati ichida ma’lum darajada import tovarlari bor. Bularning narxiga kichik ta’sirlar bo‘lishi mumkin, lekin 4 foiz o‘zgarish katta ta’sir qiladi deb o‘ylamayman.

Biz inflatsiya prognozimizni katta koridor olib, 8,5–9,5 foiz deb e’lon qilganmiz. Bu prognozni MB boshqaruvining oxirgi yig‘ilishda ham o‘zgartirmadik. Vaholanki, iyul oyida yillik inflatsiya 8,9 foiz bo‘ldi. Inflatsiya darajasi prognoz koridori ichiga tushsa ham, o‘zgartirmadik, chunki bizningcha, devalvatsiya va boshqa narsalar hisobiga ozroq to‘g‘rilanish bo‘lsa ham, yil yakunida inflatsiya prognoz koridori atrofida qoladi”, – dedi Hamroyev.

Behzod Hamroyev aholining so‘mdagi jamg‘armalari yoki omonatlarini dollarga o‘tkazishiga zarurat ko‘rmayotganini qo‘shimcha qildi.

“Qisqacha qilib aytganda, dollarga aylantirishga hech qanday hojat yo‘q”, – degan Markaziy bank raisi o‘rinbosari bu fikrini so‘mdagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari jozibali bo‘lib qolayotgani bilan izohladi.

Mavzuga oid