Chuv tushgan elchi: NKVD o‘quvchilar yordamida AQSh elchixonasiga eshitish moslamasini qanday o‘rnatgan edi?
1945 yil avgust oyida «Artek» pionerlar lagerida tadbir o‘tkaziladi va unda AQShning SSSRdagi elchisi ham qatnashadi. Shunda bir guruh sovet o‘quvchilari Lend-liz dasturi bo‘yicha berilgan harbiy yordam uchun Amerika elchisiga minnatdorchilik bildirishadi va unga sovg‘alar berishadi. Sovg‘alardan biriga NKVD ustalik bilan eshitish moslamasini o‘rnatgan edi. Ana shu sovg‘a va unga o‘rnatilgan moslama amerikaliklar sezib qolguncha 7 yil elchining xonasida turadi.
Ikkinchi jahon urushi boshlangach Yevropa davlatlari uchun xavfsizlik masalasi birinchi o‘ringa chiqadi. Biroq Hitler boshchiligidagi nemislar qisqa muddatda Yevropaning qariyb barcha davlatlarini bosib oladi. Navbat SSSRga keladi.
1941 yil 22 iyunda nemislar SSSRga hujum boshlaydi va bir necha oyda Moskva ostonasigacha yetib keladi. Sovetlar darhol davlat tashkilotlarini Kuybishev (hozirgi Samara) shahriga ko‘chirishadi.
Moskva metrosi bombapanoh uchun hozirlanadi. Mamlakat rahbari Stalin yerosti bunkeriga tushib oladi. So‘ng barcha harbiy zaxiralarni poytaxtni himoya qilishga tashlashadi. Vaziyat juda jiddiy edi.
Ana shu paytda sovetlar uchun yordam bera oladigan bitta davlat bor edi – Amerika Qo‘shma Shtatlari. O‘sha paytda Amerika nemislarga qarshi urushayotgan davlatlarga yordam berish uchun Lend-liz dasturini qabul qilgan va Britaniya allaqachon okean ortidan harbiy yordam olayotgan edi.
Sovetlar harbiy yordam so‘rab AQShga murojaat qilishadi. 1941 yil sentabrda Moskvada SSSR, AQSh va Britaniya vakillari yig‘ilishadi. Yig‘ilishda Lend-liz dasturi doirasida SSSRga yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilinadi.
O‘shanda AQSh delegatsiyasiga Uilyam Harriman boshchilik qiladi. Muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanadi va Lend-liz dasturiga SSSR ham qo‘shiladi. Shundan so‘ng sovetlar ham AQShdan harbiy yordam ola boshlashadi va nemislarning hujumlari muvaffaqiyatli qaytariladi.
1945 yilda urush tugagandan so‘ng xalqaro maydonda vaziyat keskinlashadi. Nemislardan ozod qilingan davlatlarni o‘z ta’sir doirasiga olishda AQSh va SSSR o‘rtasida raqobat kelib chiqadi. Shu tariqa, kechagina biri ikkinchisiga harbiy yordam ko‘rsatgan hamkor davlatlar birdaniga raqiblarga aylanishadi.
Ana shunday vaziyatda NKVD (o‘sha paytlarda davlat xavfsizlik xizmati ham shu tashkilot tarkibida bo‘lgan) amerikaliklarga qarshi kichik imkoniyatlardan ham foydalanishga urinadi. Natijada 1945 yil avgust oyida sovet o‘quvchilari yordamida AQShning Moskvadagi elchixonasiga eshitish moslamasini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ladi.
1941 yilda AQSh prezidenti vakili sifatida Moskvada SSSRga harbiy yordam masalalarini muhokama qilgan Uilyam Harriman bu paytda Amerikaning SSSRdagi elchisi lavozimida ishlardi.
Uilyam Harriman haqida
Siyosiy faoliyatini Respublikachilar partiyasida boshlagan Uilyam Harriman 1928 yilda Demokratik partiya safiga o‘tadi. Ko‘p o‘tmay u AQSh prezidenti Franklin Ruzveltga maslahatchi etib tayinlanadi va bu vazifada bir necha yil ishlaydi.
1937-1939 yillar oralig‘ida u AQSh savdo vazirligida muhim vazifada faoliyat ko‘rsatadi. Ikkinchi jahon urushi boshlanib, nemislar Londonga aviabombalar tashlayotganda Britaniyaga harbiy yordam ko‘rsatish tashabbuskorlaridan biri bo‘ladi.
1941 yil mart oyida Harriman Londonga keladi va Lend-liz dasturi doirasida Britaniyaga harbiy yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qiladi.
Nemislar SSSRga hujum qilgach 1941 yil sentabr oyida Moskvada AQSh, Britaniya va SSSR vakillari ishtirokida Lend-liz dasturi bo‘yicha sovetlarga harbiy yordam ko‘rsatish masalasini muhokamaga qiladi.
O‘sha yili Harriman AQSh prezidentining Britaniya va SSSR bo‘yicha maxsus vakili lavozimiga tayinlanadi. Unga Lend-liz dasturi bo‘yicha yuborilayotgan harbiy yordam masalalarini muvofiqlashtirish topshirig‘i berilgandi.
1943 yilda Harriman AQShning SSSRdagi elchisi lavozimiga tayinlanadi. U bu vazifada 1946 yilgacha ishlaydi. Harriman elchi vazifasida ishlar ekan, NKVD uni chuv tushiradi va sovet o‘quvchilari yordamida Moskvadagi AQSh elchixonasiga eshitish moslamasi o‘rnatishga muvaffaq bo‘ladi.
Lev Terman va uning ixtirosi
1945 yilda urush tugagandan so‘ng dunyodagi geosiyosiy vaziyat o‘zgara boshladi. Urushgacha xorijiy davlatlardan faqat Mo‘g‘ulistonga ta’sir o‘tkaza olgan SSSR endi urushning g‘olibi sifatida Sharqiy Yevropa davlatlarini o‘z ta’sir doirasiga olishga urinardi.
Bunga esa AQSh va Britaniya rozi emasdi. Buni AQSh prezidenti Harri Trumen va Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill 1945 yil 17 iyuldan 2 avgustgacha davom etgan Podstam konferensiyasida ham bildirishgan edi.
Ikkinchi tomondan ana shu konferensiyagacha SSSR foydasiga ishlovchi josuslar AQSh dahshatli qurol (atom bombasi) sinovini muvaffaqiyatli o‘tkazgani haqida xabar bergandi.
Shundan so‘ng sovetlar AQShdan atom bomba loyihasini o‘g‘irlashga qat’iy kirishishadi. Bir tomondan AQShdagi josuslar ishga solinadi. Ikkinchi tomondan Stalin nima qilib bo‘lsa ham Moskvadagi AQSh elchixonasiga eshitish moslamasini o‘rnatish vazifasini qo‘yadi.
O‘sha paytda SSSRda eshitish moslamalarining eng yaxshi ixtirochisi Lev Terman edi. Biroq u 1930-yillarda ma’lum muddat AQShda yashab, ishlagani uchun qatag‘on qilingan va qamoqda o‘tirardi.
NKVDdagilar Termanni u o‘tirgan qamoqxona lageridan Moskvaga olib kelishadi. NKVD rahbari Lavrentiy Beriya unga uzoq muddat ishlovchi eshitish moslamasini yasash topshirig‘ini beradi.
Terman antenna yordamida ishlaydigan mo‘’jaz eshitish moslamasini yasab beradi. Mazkur eshitish moslamasi o‘sha davrdagi eng zo‘rlaridan biri edi.
Elchixonaga o‘rnatilgan eshitish moslamasi
Eshitish moslamasi tayyor bo‘lgach, uni elchixonaga o‘rnatib chiqish masalasi ko‘ndalang bo‘ladi. O‘sha paytda AQSh elchixonasi amerikaliklar tomonidan juda qattiq qo‘riqlanar, u yerga kirish oson emasdi.
NKVD avvaliga o‘t o‘chirish xizmatidan foydalanmoqchi bo‘ladi. Elchixona binosiga tutash binoda yong‘in keltirib chiqarishadi. Yong‘in elchixona binosiga ham o‘tadi. O‘t o‘chiruvchilar kiyimida bo‘lgan NKVD xodimi elchixonaga kirib eshitish moslamasini o‘rnatib chiqishi lozim edi.
Biroq elchixona xavfsizlik xizmati sovet o‘t o‘chiruvchilariga binoga kirishga ruxsat bermaydi. Amerikaliklar olovni o‘z kuchlari bilan o‘chirishadi.
NKVD AQSh elchixonasiga eshitish moslamasini o‘rnatish chorasini topolmay turgan vaqtda elchi Harrimanning o‘zi bu ishga ko‘maklashib yuboradi.
Gap shundaki, 1945 yil fevral oyida Yaltada AQSh, Britaniya va SSSR rahbari ishtirokida konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiya davom etayotgan paytda sovetlar nemislar tomonidan vayron qilingan «Artek» pionerlar lagerining ochilish marosimini o‘tkazishni rejalashtirishadi.
Konferensiyada qatnashayotgan AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt, Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill va Stalinni marosimiga taklif etishadi.
Konferensiya davomida tig‘iz kun tartibiga ega bo‘lgan rahbarlar lagerning ochilish marosimiga bora olishmaydi va bu ishni o‘z elchilariga topshirishadi.
Ko‘p o‘tmay ko‘plab xorijiy mehmonlar va turli davlat elchilari ishtirokida lagerning ochilish marosimi o‘tkazilishi belgilanadi. AQSh elchisi tadbirga borishga rozi bo‘ladi.
Shunda NKVDdagilar AQSh elchisi Uilyam Harriman yog‘ochdan yasalgan turli buyumlarni yoqtirishini va yig‘ib yurishini eslab qolishadi.
Darhol yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanuvchi ustaga AQSh gerbining kattagina ramzini yasatishadi. So‘ng eshitish moslamasini uning ichiga ustalik bilan joylashtirishadi. Endi uni AQSh elchisiga sovg‘a qilish qolgandi.
O‘sha paytda ichiga eshitish moslamasi joylashtirilgan yog‘och gerbni elchixonaga sovg‘a ham qilishsa bo‘lardi. Biroq bunday qilinsa amerikaliklar uni jiddiy tekshirib ko‘rishi va ichidagi moslamani topib olishi mumkin edi.
Shu joyda NKVD bolalardan foydalanishga qaror qiladi. Tashkilotning puxta rejasiga ko‘ra «Artek»da o‘tkaziladigan tadbirda o‘quvchilar yog‘och gerbni elchiga sovg‘a qilishlari lozim edi.
1945 yilda avgust oyida «Artek»ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda AQSh elchisi ham qatnashadi va lagerning to‘liq tiklash ishlari uchun boshqalar kabi salmoqli pul xayriya qiladi.
Tadbir davomida bir guruh o‘quvchilar Harrimanga fashizm ustidan birgalikda qozonilgan g‘alaba uchun minnatdorchilik bildirishadi. So‘ng do‘stlik ramzi sifatida unga ichiga eshitish moslamasi o‘rnatilgan yog‘och gerb ramzini sovg‘a qilishadi.
Yog‘och buyumlar jinnisi bo‘lgan elchi sovg‘ani ko‘rib quvonib ketadi va Moskvaga qaytgach uni kabinetiga ilib qo‘yadi. Shu tariqa sovetlar Harrimanning kabinetida bo‘layotgan barcha suhbatlarni eshitish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
O‘sha paytda Stalin esa Harrimmanning xonasida muhokama qilingan barcha ishlardan xabardor bo‘lib turadi.
Eshitish moslamasining fosh etilishi
1946 yilda Harriman elchilikdan bo‘shatiladi va AQShga qaytib ketadi. Biroq u xonasiga ilingan yog‘och gerb ramzini o‘z o‘rnida qoldiradi.
Harrimandan so‘ng uning o‘rniga tayinlangan Uolter Smit SSSRda elchi sifatida ikki yarim yil ishlaydi. Undan keyin ikki yil oshiqroq muddat Alan Krik AQShning SSSRdagi elchisi bo‘ladi. 1952 yil 14 may kuni bu vazifaga Jorj Kennan kirishadi.
Britaniya elchixonasi joylashgan bino AQSh elchixonasiga yaqin joyda bo‘lgan. (Ikkala elchixona ham Kreml atrofida joylashgandi). Kunlardan birida Britaniya elchixonasida radiooperator bo‘lib ishlayotgan xodim tasodifan eshitish moslamasidan chiqayotgan signalni tutib oladi.
Signal tekshirib ko‘rilganda AQSh elchixonasidan chiqayotgani ma’lum bo‘ladi. Oxir-oqibat signal bir paytlar sovet o‘quvchilari tomonidan Harrimanga sovg‘a qilingan yog‘och gerb ramzidan tarqalayotgani aniqlanadi.
Boshqa bir versiyaga ko‘ra amerikaliklarga elchixona binosiga o‘rnatilgan eshitish uskunasi haqida Markaziy razvedka foydasiga josuslik qilayotgan NKVD xodimi ma’lum qilgan.
Yog‘och gerb ramzi ochib ko‘rilganda uning ichida eshitish moslamasi borligi va u elchining xonasida yetti yildan buyon turgani oydinlashadi. (Hozirgi kunda gerb ramzi AQShdagi muzeyda saqlanadi)
Harrimanning keyingi taqdiri
1946 yilda Harriman AQShning SSSRdagi elchisi lavozimidan bo‘shatilib, Britaniyadagi elchisi lavozimiga tayinlanadi.
U Londonda ikki yil ishlagach ikkinchi jahon urushidan so‘ng Yevropa davlatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha tashkil etilgan «Marshall rejasi» dasturining bosh koordinatori vazifasida ishlaydi.
1950-1951 yillarda Prezident Harri Trumenning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha yordamchisi bo‘ladi.
Moskvadagi elchixonaga o‘rnatilgan eshitish moslamasining fosh qilinishi Harrimanning siyosiy faoliyatiga soya solmaydi. U 1954 yilda Nyu-York shtati gubernatorligi uchun o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozonadi va to‘rt yil shu shtatni boshqaradi.
1963-1965 yillarda AQSh davlat kotibining Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlaydi.
Harriman Vetnam urushini tugatish bo‘yicha ham ishlaydi va 1969 yilda Parijda Shimoliy Vetnam vakillari bilan urushni tezroq tugatish bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralarda AQSh delegatsiyasi rahbari sifatida ishtirok etadi.
Harriman uchta kitob muallifi sanaladi. 1982 yilda hali tirikligidayoq AQShdagi nufuzli Kolumbiya universiteti tarkibidagi Rus institutiga uning nomi beriladi. Harriman 1986 yilda vafot etadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17 / 23.12.2024