Jahon | 11:50 / 13.08.2023
47952
13 daqiqa o‘qiladi

Milliard dollar zarar yetkazgan josus: MRBga muhim ma’lumotlarni sotgan sovet muhandisi qanday qatl etilgandi?

1985 yilda SSSRda taniqli muhandis olim Adolf Tolkachyov hibsga olinadi. Uni vatanga xiyonat qilishda ayblashadi. Tolkachyovni o‘sha yili sovetlar foydasiga josuslik qilgan va SSSRga qochib o‘tgan Edvard Li Hovard fosh etgandi. Uch yil davom etgan tergov va sud jarayonlaridan so‘ng 1986 yilda Tolkachyovga o‘lim jazosi beriladi.

Foto: Getty Images

1953 yil 5 mart kuni SSSRni 31 yil (1922-1953 yillar) boshqargan qonxo‘r Stalin vafot etgach mamlakatda ko‘p narsa o‘zgarib ketadi. O‘sha yili uning eng ishongan odami, millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan NKVD boshlig‘i Lavrentiy Beriya ham qo‘lga olinadi va otuvga hukm qilinadi.

Shundan so‘ng Stalin davrida qatag‘on qilinganlar, jazolanganlarning ishlari qayta ko‘rilib, tirik qolganlar qamoqxonalardan ozod qilinadi.

1956 yilda SSSR rahbari Nikita Xrushchev partiyaning XX s’yezdida «Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari» haqida ma’ruza qiladi. Xrushchev ma’ruzasida Stalin davrida qilingan ishlarni keskin qoralaydi. «Xalqlar dohiysi» deb ta’riflanadigan Stalinning o‘zini «qonxo‘r va zolim edi» deb ataydi.

Garchi Xrushchevning ma’ruzasi hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa ham uning matni SSSR bo‘ylab tarqaladi. Shundan so‘ng Stalin qatag‘onlarida ishtirok etmagan va o‘zini vijdonli sanovchi juda ko‘plab insonlarning sovet tuzumidan hafsalasi pir bo‘ladi.

Shundan so‘ng SSSRda yana sovet tuzumiga qarshi odamlar paydo bo‘ladi. Ularning ayrimlari xorijga chiqib ketadi, boshqalari esa mamlakatda qoladi.

Bunday insonlar orasida taniqli muhandis olim Adolf Tolkachyov ham bor edi. U 1970-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab SSSRdagi MRB josuslari bilan hamkorlik qiladi va ko‘plab muhim ma’lumotlarni beradi.

Oxir-oqibat Adolf Tolkachyov uchun barchasi ayanchli yakun topadi. KGB foydasiga ishlagan va 1985 yilda SSSRga qochib kelgan MRB xodimi Edvard Hovard Adolfning MRB bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qiladi.

Shundan so‘ng muhandisni hibsga olib tergov qilishadi va 1988 yilda unga o‘lim jazosi berishadi. AQSh va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari tarixiga nazar tashlansa MRB yoki MI-5 foydasiga josuslik qilganlarning aksariyati G‘arbga qochib ketganini ko‘rish mumkin. Biroq Tolkachyov bunga ulgurmaydi.

Adolf Tolkayov

Adolf Tolkachyov 1927 yilda Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida tug‘ilgan. Ko‘p o‘tmay uning ota-onasi Moskvaga ko‘chib o‘tishadi. Urushdan so‘ng Adolf avvaliga Xarkov politexnika institutini bitiradi.

O‘sha paytlarda diplom olgan talabalar bir necha yil majburiy ishlab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uni SSSR radiosanoat vazirligi tarkibidagi radiosozlik tadqiqot institutiga jo‘natishadi.

Tolkachyov ancha kech uylanadi. Uning qaynonasi va qaynotasi 1930-yillar oxirida qatag‘on qilingan va ular GULag qamoqxona lagerlarida o‘lib ketishgandi.

Adolfda o‘sha paytlardan boshlab sovet tuzumiga nisbatan nafrat paydo bo‘ladi. Ayniqsa, Stalin vafotidan so‘ng uning davrida sodir etilgan jinoyatlar oshkor bo‘lgach undagi nafrat battar kuchayadi.

Shundan so‘ng unda xorijga qochib ketish fikri tug‘iladi. Biroq radiosozlik sohasida juda iqtidorli bo‘lgan Tolkachyovga yaxshi maosh to‘lashar, shu sababli u qochishni ortga surib yuraveradi. Biroq keyinchalik MRBning SSSRda ishlayotgan josuslari bilan hamkorlik qilishga qaror qiladi.

Bu paytda u KGB nazorat qiladigan, harbiy samolyotlar, qit’alararo ballistik raketalarga o‘rnatiladigan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi qurilmalarini chalg‘ituvchi radiouskunalar tayyorlanadigan korxonada ishlardi.

Amerikaliklar bilan hamkorlik

Moskvada Tolkachyov yashayotgan ko‘p qavatli uy AQSh elchixonasi joylashgan bino oldida edi. U ishga borib kelib yurgan paytlarida ko‘p marta elchixonaga kirib chiqib yurgan xodimlarga duch kelardi.

Unda amerikaliklar bilan hamkorlik qilish rejasi avvaldan bo‘lgan, bu ishtiyoq 1975 yilga kelib kuchaygandi. Biroq ular bilan qanday qilib aloqa o‘rnatishni bilmayotgandi.

U 1977 yil yanvardan 1978 yil fevralgacha bir necha marta amerikaliklarning mashinasiga yaqinlashishga urinadi. Biroq harakatlar muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi.

Tolkachyov beshinchi urinishda yoqilg‘i quyish shoxobchasida MRBning SSSRdagi byurosi boshlig‘i Gardner Xeteueyga yaqinlashadi. O‘sha paytlarda SSSRdan qochmoqchi bo‘lgan ayrimlar shu usulni qo‘llagani uchun amerikalik Tolkachyovni maqsadini anglaydi.

Gardner Xeteuey Tolkachyovga qo‘l ostida ishlaydigan Jon Gilsher ism-sharifli xodimi u bilan bog‘lanishini aytadi. Oxir-oqibat, muhandis 1979 yil 1 yanvar kuni elchixona xodimi qiyofasida ishlayotgan MRB josusi Jon Gilsher bilan aloqa bog‘lashga muvaffaq bo‘ladi.

Jon Gilsher uni bir necha marta sinaydi. Tolkachyov unga bir qancha muhim hujjatlarni berib sinovlardan o‘tgach u bilan hamkorlik qila boshlaydi.

O‘shanda MRB josusi Tolkachyovdan nega amerikaliklar bilan hamkorlik qilmoqchi bo‘layotganini so‘raganda u sovet tuzumidan ko‘ngli qolganini, shu sababli hamkorlik qilayotganini aytgan.

«Menda sovet hukumatiga qarshi nafrat uyg‘onishida Soljyenitsin (mashhur yozuvchi) va Saxarovning (akademik, SSSRdagi tuzumga qarshi bo‘lgan eng taniqli shaxs) hissasi katta. Men ularning yashirincha tarqatilgan asarlarini, maqolalarini o‘qib borardim va o‘shanday paytlarda nimadir qilish kerak deb o‘ylardim. Ko‘p o‘tmay o‘zim ham qisqa varaqalar yozishni boshladim. Biroq ko‘p o‘tmay bu behuda ish ekanini angladim.

Ishim tufayli xorijiy jurnalistlar bilan aloqasi bo‘lgan shaxslarning doirasiga kirolmasdim. Ish joyimda arzimagan shubha tug‘ilsa, butunlay KGB nazorati ostida qolishim yoki yo‘q qilinishim mumkin edi. Shunda men orqaga qaytishga imkon bermaydigan yo‘lni tanladim – MRB bilan hamkorlik qilishga qaror qildim. Ish haqi masalasiga kelsak, men hech qanday pul evaziga, masalan, Xitoy elchixonasi bilan aloqa o‘rnatmagan bo‘lardim.

Amerika haqida nima deyish mumkin? Balki u meni sehrlab qo‘ygandir va men aqlimni yo‘qotib, uni yoqtirib qolgandirman?! Yurtingizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganman va g‘oyibona oshiq bo‘lganim yo‘q. Ba’zi faktlarga asoslanib, menga Amerikada yashash afzalday tuyuladi. Bu sizga hamkorlikni taklif qilganimning asosiy sabablaridan biri. Men uchun mukofot faqat pul emas. Shunchaki ishimni qadrlashlarini, uning ma’no-mazmuni va ahamiyatini munosib baholashlarini xohlayman».

Tolkachyov MRB xodimlari bilan hamkorlik qilar ekan, ular bilan xufiyona joyda uchrashish, radiochastotalardan foydalanish kabi an’anviy usullardan voz kechadi.

U KGBga chap berish uchun turli usullardan foydalanadi. Turli hujjatlarni KGB nazoratida bo‘lgan ishxonasidan olib chiqib, uyiga olib ketishda turli yo‘llardan foydalandi.

Amerikaliklar unga kamera berishadi. Biroq muhandis ularni ishlata olmaydi va oddiy havaskorlar ishlatadigan kameradan olib, uni mukammal ko‘rinishga keltiradi.

Tolkachyov MRB josusi bilan bo‘lgan uchrashuvlardan birida unga 200 ta, boshqa safar esa 150 dan ortiq plyonka taqdim etdi. Shuningdek, u amerikaliklar hujjatlarni oson tushunishlari uchun fotosuratlarga batafsil eslatmalar va ma’lumotlar yozadi.

Tolkachyovning hujjatlari juda muhim edi. Shu sababli amerikaliklar unga pul taklif etishadi. Tolkachyov avvaliga pul olishdan bosh tortadi. Chunki bu barchada shubha uyg‘otishi mumkin edi. Shundan so‘ng amerikaliklar xorijda uning nomiga hisobraqam ochib, pullarni o‘shanga qo‘ya boshlashadi.

Tolkachyovning uzoq vaqt SSSRda qolishi xavfli edi. Amerikaliklar unga okean ortiga ketishni taklif etishadi. Biroq u oilasini tashlab ketishni xohlamaydi.

Shundan so‘ng Tolkachyov amerikaliklardan «xizmat haqi»ni rublda berishlarini so‘raydi. U qo‘lga tushib qolsam pullarni organ xodimlarini sotib olishga ishlataman deb o‘ylaydi.

Shuningdek, u amerikaliklardan sianid tabletkasini (sianid kaliydan tashkil topgan kuchli zahar) berishlarini ham so‘raydi. Mabodo qo‘lga tushganda organ xodimlarini sotib olishning iloji bo‘lmasa zahardan foydalanishni reja qiladi. Amerikaliklar unga pullarni rubl ko‘rinishida to‘lab berishadi.

Milliard dollarlik zarar

1985 yilgacha amerikaliklar bilan 6 yillik hamkorlik paytida u MRB josuslariga 54 ta maxfiy ishlanmalarni, shu jumladan MiG samolyotlari uchun ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan eng so‘nggi elektron boshqaruv tizimini va radarlarini chetlab o‘tish qurilmalarini berishga muvaffaq bo‘ladi.

Tarixchi Benjamin Fisherning aytishicha, Tolkachyov bergan muhim hujjatlardan kelib chiqib amerikaliklar F-15 Eagle harbiy samolyotlardagi elektronika tizimini butunlay o‘zgartirishadi.

Shuningdek, amerikaliklar Tolkachyov bergan maxfiy ma’lumotlardan foydalanib, sovet harbiy samolyotlariga qanday uskunalar o‘rnatilayotganidan xabar topishadi va shu asosda havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini ishlab chiqishadi.

Tolkachyov o‘ta maxfiy hujjatlarni uyiga olib borgach Pentax kamerasining 35 millimetrli plyonkasiga suratga tushiradi va keyin ularni amerikaliklarga topshiradi.

Buning evaziga u amerikaliklardan pul va o‘g‘li uchun olib kelingan dori-darmonlar, kitoblar va rok-n-roll qo‘shiqlari yozilgan audiokassetalar oladi.

Olti yil davomida Tolkachyov jami 789,5 ming rubl oladi. Shuningdek, xorijga chiqsa ishlata oladigan 2 million dollarga hisob varag‘i bor edi.

Tolkachyov puli ko‘p bo‘lishiga qaramasdan atrofdagilarning e’tiborini tortmaslik uchun kamtar yashashga harakat qiladi. Unda yashab turgan uyidan tashqari VAZ-2101 mashinasi va dalahovli bor edi. Ehtimol, uzoq vaqt qo‘lga tushmasdan ishlashiga e’tiborni tortmasdan kamtar hayot kechirgani ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Qo‘lga tushish va o‘lim jazosi

KGB tasodifan Tolkachyovning iziga tushishga muvaffaq bo‘ladi. 1985 yilda Markaziy razvedka boshqarmasidan ishdan bo‘shatilgan Edvard Li Hovard SSSRga qochib keladi.

Shundan so‘ng u  KGBga juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarni oshkor qiladi. Hovard bergan ma’lumotlar orasida Adolf Tolkachyovning MRB bilan hamkorlik qilib kelayotgani haqidagi ma’lumotlar ham bor edi.

Boshqa manbalarga ko‘ra, Adolf haqidagi ma’lumotlarni sovetlarga 1985 yil may oyida KGB foydasiga josuslik qilgan MRB xodimi Oldrich Eyms bergan.

1985 yil 9 iyunda Tolkachyov SSSR KGB yettinchi bosh boshqarmasining A guruhi polkovnigi Vladimir Zaytsev boshchiligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hibsga olinadi.

Oradan to‘rt kun o‘tgach Tolkachyov bilan hamkorlik qilib kelgan Pol Stroumbax ham qo‘lga olinadi. Tergov paytida Tolkachyov barcha ayblovlarni tan oladi va sovet rahbariyatidan o‘ziga nisbatan o‘lim hukmini chiqarmaslikni so‘raydi.

Tolkachyov qo‘lga tushgandan so‘ng so‘roq qilish davomida amerikaliklarga bergan maxfiy ma’lumotlarning salmog‘i aniq bo‘ladi. Keyinchalik hisoblab ko‘rilganda u SSSRga umumiy hisobda milliardlab dollar zarar yetkazgani oydinlashadi.

1986 yilda SSSR Oliy sudi Tolkachyovning ishini ko‘rib chiqadi. Sud uni RSFSR jinoyat kodeksining 64-moddasi «a» qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topadi va o‘lim jazosiga hukm qiladi. 1986 yil 24 sentabrda hukm ijro etiladi va Tolkachyov otib tashlanadi.

SSSR parchalanib ketganidan so‘ng rossiyaliklar Tolkachyov haqida bir nechta hujjatli film va serial ishlashgan. 2015 yilda amerikalik taniqli yozuvchi va jurnalist Deaid E. Hoffman Tolkachyov haqida «Milliard dollarlik josus» kitobini chop ettirgan. 

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid