Tilsiz yov: dunyodagi eng yirik o‘rmon yong‘inlari va undagi qurbonlar haqida
Ayni kunlarda AQShning Havayi shtatida yirik o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lmoqda. 2023 yil 13 avgust holatiga ko‘ra bu yerda 90 oshiq odam halok bo‘lgani aytilmoqda. Kun.uz yaqin tarixdagi eng yirik o‘rmon yong‘inlari haqida ma’lumotlarni jamladi.
2023 yil 10 avgust kuni ommaviy axborot vositalarida AQShning Havayi shtati hududida yong‘inlar sodir bo‘layotgani va 40 ga yaqin odam halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.
Halok bo‘lganlar Havayi orollari turkumiga kiruvchi Maui oroli g‘arbida joylashgan sayyohlik shaharchasi Laxaynada topilgan. O‘shanda shuningdek, Maui orolida yana ikkita yirik o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘layotgani, Havayi shtati gubernatori sayyohlarni Maui orolini tark etishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.
O‘shandan buyon 3 kun o‘tdi va Maui orolidagi yong‘in kuchayib bormoqda. Laxayna shahri butunlay yonib ketgan. 2023 yil 13 avgust holatiga ko‘ra hozircha jasadi topilgan insonlar soni 90 kishidan oshgan.
Hozirda Laxayna shahri xarobalarini to‘liq o‘rganish ishlari yakunlanmagan. Shu sababli qurbonlar soni yana bir necha barobarga oshishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Yong‘in oqibatida Laxayna shahridagi 2200 ta bino vayron bo‘lgan yoki zarar ko‘rgan. Ularning 86 foizi turar joy binolari. Shuningdek, 850 gektar yer yonib ketgan. Favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha federal agentlik (FEMA) Laxaynani tiklash 5,5 milliard dollarga tushishini taxmin qilmoqda.
Laxayna shahrini vayron qilgan yong‘in AQSh tarixida so‘nggi yuz yildagi eng halokatli yong‘in sifatida baholanyapti.
Agar o‘rmon yong‘inlarining kelib chiqishiga qaralsa, ularga quyidagilar sabab bo‘ladi:
a) Inson aralashuvi tufayli.
O‘rmon yong‘inlariga asosan dam oluvchilar tomonidan yoqilgan olovning yaxshi o‘chirilmasligi sabab bo‘ladi. Yoki o‘rmon yaqinida yashaydiganlarning turli chiqindilarni yoqishi ham yong‘in keltirib chiqaradi.
Shuningdek, ovchilar ham o‘rmon yong‘iniga sabab bo‘lishadi. Ular otgan o‘q ham o‘rmonda qurigan pichanga tushib, olov chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
b) Tabiiy sabablar.
O‘rmon yong‘inlarining asosiy qismiga tabiiy omillar, masalan, xazon bo‘lgan barglarning yozda chirib o‘t olishi sabab bo‘ladi. Yoki o‘rmonlar ichidagi torf maydonlari ham yozda olov keltirib chiqarishi mumkin.
v) Turli «avariya»lar tufayli
Yirik o‘rmon yong‘inlariga ular yaqinidan o‘tgan elektr tarmoqlarining uzilishi yoki boshqa ֿ«avariya»lar ham sabab bo‘ladi.
Quyida so‘nggi yillarda jahonning turli hududlarida ko‘plab odamlar halokatiga sabab bo‘lgan yirik yong‘inlar va ularning kelib chiqish omillariga to‘xtalib o‘tamiz.
1. Indoneziya, 1997 yil
Yaqin tarixdagi eng yirik o‘rmon yomg‘irlaridan biri 1997 yil yozda Indoneziyada sodir bo‘lgan. Kalimantan hamda Sumatro orolida boshlangan yong‘in keyinchalik mamlakatning juda katta qismiga tarqalgan va 2 million gektar hududni qamrab olgan.
Yong‘inga 1997 yilda sobir bo‘lgan «El-Nino» hodisasi tufayli yuz bergan kuchli qurg‘oqchilik sabab bo‘ladi.
O‘sha yili kuzga borib Indoneziyaga qo‘shni bo‘lgan Singapur, Malayziya, Tayland, Vetnam va Filippinda ham kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ladi.
O‘shanda yong‘in va undan hosil bo‘lgan achchiq tutun tufayli 70 million odam turli darajada jabrlanadi. 240 nafar indoneziyalik astma va boshqa kasalliklardan halok bo‘ladi.
Qalin tutunda daryo va avtomobil transporti harakatida noqulayliklar tug‘dirgani sababli turli «avariya»lar yuz beradi va yana 300 kishi halok bo‘ladi.
2. Gretsiya, 2007 yil
2007 yil avgust oyida Gretsiyada kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ladi. Oqibatda, 260 ming gektar o‘rmon yonib ketadi va 66 kishi halok bo‘ladi. Bu Gretsiya tarixida so‘nggi o‘n yilda eng ko‘p maydon yongan yong‘in hisoblanadi.
Kuchli yong‘inlar asosan Peloponnes yarimorolida joylashgan Arkadiya viloyatida va Parnon hamda Lakoniya tog‘laridagi o‘rmonlarda sodir bo‘ladi. Olov maxsus aviatsiya yordamida o‘chiriladi.
3. Avstraliya, 2009 yil
2009 yil yozda Avstraliyada (Janubiy yarimsharda joylashgan bu qit’ada yoz dekabr-fevral oralig‘ida kechadi) kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ladi.
Oqibatda 400 ming gektar o‘rmon yonib ketadi va 173 kishi halok bo‘ladi. Ikki mingdan oshiq binolar yonib ketadi.
Yong‘inlarning kelib chiqishiga anomal issiqlar sabab bo‘ladi. O‘shanda ba’zi hududlarda +45 daraja issiq qayd etiladi.
Boshqa bir manbaga ko‘ra o‘rmon yong‘inlariga anomal issiqda elektr uzatish liniyalarining qizib uzilgani sabab bo‘lgan.
Yong‘inlar boshlangandan so‘ng 2009 yil 7 fevral kuni Merisvill shahri butunlay yonib ketadi. Yong‘inni o‘chirishga juda katta kuch tashlanadi, biroq uni o‘chirishning iloji bo‘lmaydi.
Faqat mart oyiga borib, yomg‘irlar mavsumi boshlangach olovni butunlay o‘chirishga muvaffaq bo‘lishadi.
4. Rossiya, 2010 yil
2010 yil yozda Rossiyaning Yevropa qismida antitsiklon tufayli havo harorati juda ko‘tarilib ketadi va anomal issiqlar sodir bo‘ladi. Oqibatda kuchli o‘rmon yong‘inlari kelib chiqadi va ular 1,8 mlrd dollarlik zarar yetkazadi.
O‘shanda so‘nggi 130 yildagi eng issiq harorat qayd etiladi va bir hafta ichida mamlakatning g‘arbiy va markaziy qismida 800 ta yong‘in o‘chog‘i aniqlanadi.
Jumladan, Moskva, Vladimir, Voronej, Ryazan, Nijyegorod viloyatlarida va Mariy El hamda Mordoviya respublikalarida o‘rmonlar yonib ketadi.
Qalin tutun ko‘plab regionlar bilan birga Moskva shahrini ham qoplab oladi. Oqibatda jami 17 ta regionda 53 nafar odam halok bo‘ladi.
5. Isroil, 2010 yil
2010 yil dekabr oyida Isroilning Xayfa okrugida Karmel tog‘lari yaqinidagi o‘rmonlarda yirik yong‘inlar sodir bo‘ladi.
Qisqa vaqtda 250 ta uy, 5 million tup daraxt yonib ketadi va oqibatda 50 kishi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlarning asosi qismi kursantlar bo‘lgan va ular avtobus bilan o‘rmon ichida harakatlanayotganda yong‘inda qolgan.
Isroilliklarning o‘zi yong‘inni o‘chira olmasligi ayon bo‘lgach dunyoning ko‘plab davlatlari o‘t o‘chirishda ishlatiladigan samolyotlarni jo‘natishadi.
Shundan so‘ng 40 ta samolyot bir necha kun davomida suv sepib, olovni o‘chirishga muvaffaq bo‘lishadi.
6. Portugaliya, 2017 yil
2017 yil 17 iyun kuni Portugaliyaning markaziy qismida to‘rt joyda kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ladi. Oqibatda, 66 kishi halok bo‘ladi, 200 dan oshiq odam turli darajada jarohatlanadi.
Avvaliga, yong‘inlarning kelib chiqishiga yuqori havo harorati va qurg‘oqchilik sabab bo‘lgan deb taxmin qilinadi. Biroq keyinchalik o‘rmonlarga o‘t qo‘yib yuborilgani aniqlanadi.
Eng ko‘p o‘lim holati Pedrogan-Grande munitsipalitetida sodir bo‘ladi. Bu yerdan odamlarni evakuatsiya qilishayotganda olov yo‘llarni yopib qo‘yadi va odamlar halok bo‘ladi.
Yong‘inlarni o‘chirishga qariyb 2 ming nafar o‘t o‘chiruvchi jalb qilinadi. Biroq olovni o‘chirishning iloji bo‘lmaydi. Shundan so‘ng Fransiya, Ispaniya va Marokashdan olov o‘chirishga moslangan samolyotlar va vertolyotlarni yordamga jo‘natadi. Shundan so‘ng olovni jilovlashga muvaffaq bo‘lishadi.
7. AQSh, 2017 yil
2017 yilda AQShning Kaliforniya shtatida kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ladi va 100 ming gektar o‘rmonlar yonib ketadi. Oqibatda Sonoma va Napa okruglarida 40 dan oshiq odam halok bo‘ladi.
Bir vaqtning o‘zida shtatning 20 ta hududini o‘rmon yong‘inlari qamrab oladi. Ularni o‘chirishga 8 ming nafardan oshiq o‘t o‘chiruvchi jalb qilinadi.
Kuchli shamol tufayli yong‘inlar avj oladi va Santa-Roza shahrining bir qismi yonib ketib, vayron bo‘ladi.
Hukumat yong‘in keltirgan zararlarini 9,4 mlrd dollarga baholagan. Shu hodisagacha bunday yirik ko‘lamdagi yong‘inlar Kaliforniya shtatida 1933 yilda sodir bo‘lgan.
8. AQSh, 2018 yil
2018 yil yozda Kaliforniya shtatida yana kuchli yong‘inlar sodir bo‘ladi. Oqibatda 20 mingta bino yonib ketadi. 100 kishi halok bo‘ladi, 1000 kishi bedarak yo‘qoladi.
Bu safar yong‘inlarning kelib chiqishiga elektr tarmoqlarida yuz bergan avariya sabab bo‘ladi. Mahalliy energetika kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, elektr tarmoqlari uzilgandan 7 daqiqa o‘tgach o‘rmon yong‘inlari boshlanib ketadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp holatni yirik tabiiy ofat deb e’lon qiladi. Shundan so‘ng yong‘in sodir bo‘layotgan hududlardan 300 ming kishi evakuatsiya qilinadi.
9. Avstraliya, 2019 yil
2019 yilning oxiri, 2020 yilning boshida (bu paytda Avstraliyada yoz bo‘ladi va havo juda qattiq isib ketadi) Avstraliyada juda kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ladi. Shu sababli o‘sha yilni avstraliyaliklar «qora yoz» deb atashadi.
O‘shanda dastlabki yong‘in 2019 yilning iyun oyida qayd etiladi. O‘sha paytda qit’ada qish fasli kechayotgani uchun olov uncha katta hududga tarqalmaydi va zarari ham katta bo‘lmaydi.
Yanvar oyiga borib havo juda qattiq isib ketadi va o‘rmon yong‘inlari avj oladi. Oqibatda, 18,6 mln gektar o‘rmon va 6 ming atrofida turli binolar yonib ketadi.
O‘shanda millionlab turli jonzotlar yo‘q bo‘lib ketadi va bir necha o‘n nafar odam halok bo‘ladi. Yong‘inlar yetkazgan zarar miqdori bir necha mlrd dollarga baholanadi.
Shuningdek, yong‘inlar tufayli Avstraliyaga kelayotgan sayyohlar oqimi keskin kamayib ketadi. Bu ham mamlakat iqtisodiyotiga milliardlab zarar yetkazadi.
Yong‘inlarning ko‘lami shunchalik katta bo‘ladiki, ulardan tarqayotgan tutun 2020 yil yanvarda Chili va Argentinaga yetib boradi.
Yong‘inlarni o‘chirishga ko‘plab o‘t o‘chiruvchilar, ko‘ngillilar qatnashadi. Bundan tashqari, Singapur, AQSh, Kanada va Yangi Zelandiyadan o‘t o‘chiruvchilar yordamga kelishadi. Shunda ham yong‘inlarni faqat yomg‘ir mavsumi boshlangach o‘chirishga muvaffaq bo‘lishadi.
10. Kanada, 2023 yil
2023 yil yanvar oyidan iyun oyigacha Kanadada kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ldi. Oqibatda 6 million gektar o‘rmonlar yonib ketgan. Bu so‘nggi 10 yilda yonib ketgan o‘rmonlardan 18 barobar ko‘proqni tashkil etadi.
Eng ko‘p yong‘in iyun oyida qayd etilgan – 423 ta joyda. Mamlakatning katta qismi tutun bilan qoplangan va odamlar ko‘chalarda niqob bilan harakatlanishga majbur bo‘lishgan.
Yong‘inlar tufayli 100 minglab odamlar evakuatsiya qilingan va tutun Kanada chegarasidan chiqib AQShning Nyu-York va Vashington shaharlarigacha yetib kelgan.
Shimol tomonga qarab harakatlangan tutun Islandiyadan o‘tib, Irlandiya, Britaniya va Norvegiyagacha yetib borgan.
Kanadaga yordam tariqasida Avstraliya, AQSh, Portugaliya, Ispaniya, Janubiy Afrika Respublikasi, Yangi Zelandiya va yana bir qator davlatlar o‘t o‘chiruvchilarini yuborgan.
O‘zbekistonda sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari
O‘zbekiston hududida o‘rmon nisbatan juda kam. Biroq shunda ham o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lib turadi. Ana shunday yong‘inlardan eng yirigi 2021 yil yozda Zominda sodir bo‘lgandi.
O‘shanda yong‘in 80 gektar hududni qamrab olgandi. Yong‘inni bartaraf etishga 14 ta yong‘inga qarshi kurash bo‘linmasi, 1 ta yong‘in-qutqaruv otryadi, 4 ta vertolyot (jami 1 600 kishi) jalb etilgan.
Yong‘in qisqa muddatda o‘chirilgani uchun aholi uylariga yetib bormagan va undan hech kim jabrlanmagan.
Ko‘p o‘tmay prezident ekologiya masalalariga bag‘ishlangan selektor o‘tkazgan va unda Zomindagi o‘rmon yong‘iniga ham to‘xtalib o‘tgandi.
«Ekologiya bizning hayot-mamotimiz. Har bir viloyat hokimi shaxsan bosh vazirga kelib taqdimot qiladi. Men o‘zim qishloqqa borib qattiq o‘yga tolaman, Zominda yong‘in bo‘ldi, bir boyvachchaning o‘g‘li shu ishni qilibdi. Hozir prokuratura shug‘ullanyapti, chorasini ko‘ramiz», degan edi davlat rahbari.
Birinchi yong‘indan bir hafta o‘tgach Zomin tog‘larida yana bir o‘rmon yong‘ini sodir bo‘lgandi. Biroq bu safar FVVning 55 nafar yong‘in-qutqaruvchilari tomonidan olov qisqa muddatda o‘chiriladi.
Yong‘in oqibatida 10 sotix maydondagi daraxt va butalar zarar ko‘radi. Hech kim tan jarohati olmaydi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17 / 23.12.2024