Yo‘llardagi o‘limlar: «qotil» haydovchilarga belgilangan jinoiy jazo juda yengil emasmi?
Yildan yilga avtomashinalar ko‘payib, shaharlarimizda tirbandlik hosil bo‘layotganiga qaramasdan, yo‘llarda avariyalar soni kamaymayapti, haydovchilar piyodalarning o‘limiga sababchi bo‘lishda davom etishmoqda. Muammo uchun qanday yechimlar bor?
Gazeta.uz sayti qiziq ma’lumot bilan bo‘lishdi. O‘zbekistondagi yo‘l-transport hodisalarining teng yarmi piyodalarni urib ketish bilan bog‘liq ekan. Jurnalist bu borada 50 ta tasodifiy sud qarorlari bilan tanishib, hattoki yo‘lovchi vafot etgan holatda ham haydovchilarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanmaganiga guvoh bo‘lgan.
Bu maqoladagi mulohazalarni uch-to‘rt hafta muqaddam, tanishlarimdan biri Toyloq tumanida bo‘lgan voqeani aytganidan so‘ng yozishga jazm qilgan edim.
Tanishimning hikoyasiga ko‘ra, uning yaqinlaridan birini piyodalar o‘tish joyida mashina urib ketadi. Yoshi keksaroq odam voqea joyida halok bo‘ladi. Kattalar, mahalla-ko‘y aralashadi, «yosh haydovchining umri qamoqda kuymasin», deb marhumning yaqinlari sudda da’vo qilishmaydi: haydovchi qamalmay qoladi. Oradan 6 oy o‘tgach u mashinasida yana bir inson umriga zomin bo‘ladi.
«Agar bunday bo‘lishini bilganimizda, o‘sha paytda uni qamatib yuborardik, shunda u yana bir insonning umriga zomin bo‘lmasdi», — deydi tanishim.
Umuman, transport vositasida odam urib yuborish Jinoyat kodeksining 266-moddasiga ko‘ra javobgarlik keltirib chiqaradi. Haydovchi tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa BHMning 50 baravariGAChA jarima, 360 soatGAChA majburiy jamoat ishlari yoki uch yilGAChA axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Ya’ni bunday qilmish uchun ozodlikdan mahrum etish jazosi yo‘q, hattoki jabrlanuvchi butun umrga mayib-majruh bo‘lib qolsa ham.
O‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa — muayyan huquqdan mahrum qilib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ya’ni mashina haydab odam o‘lishiga sababchi bo‘lish haydovchilik huquqidan muayyan (sud belgilaydigan) muddatga mahrum etib, 7 yilGAChA ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.
«Gacha»larni bekorga katta harf bilan ajratib yozmadim. Amalda doim adolatli jazo belgilanmayapti, sud o‘z ixtiyoriga ko‘ra yengilroq jazolarni tayinlayapti, ko‘ryapmiz. Bu esa haydovchilarda jazodan osongina qutulish mumkin, degan tasavvur hosil bo‘lishiga, yo‘llarda yo‘l harakati qoidalariga e’tiborsiz bo‘lishiga olib kelmoqda. Odam o‘ldirib ham qamalmayotgan shofyorlarni ko‘rganlar juda bemalol bo‘lib qolganga o‘xshayapti.
Nima qilish kerak?
Avtotransport vositasida qoidabuzarlik qilib odam o‘lishiga yoki jiddiy tan jarohati olishiga (majruh bo‘lib qolishi) sabab bo‘lganlik uchun jazo qat’iylashtirilishi lozim (albatta, piyodaning aybi bilan ro‘y bergan qoidabuzarlik — bundan mustasno).
Masalan, transportni boshqarish asnosida ko‘chadagi piyodalarning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazganlik uchun — kamida 500 BHM jarima va haydovchilik huquqidan 10 yil muddatga mahrum etish belgilanishi lozim.
Agar urib yuborilgan odam voqea joyida yoki keyinchalik shifoxonada tuzalmasdan vafot etsa — qat’iy 10 yil ozodlikdan va haydovchilik huquqidan umrbod mahrum etish lozim. O‘ldirilgan insonlar soni 2 va undan ko‘proq bo‘lsa, ozodlikdan mahrum etish muddati 15 yil qilib belgilanishi kerak.
Ma’lumki, Jinoyat kodeksining 266-moddasi ehtiyotsizlik orqasidan sodir etiladigan jinoyatlar turkumiga kiradi. Shu bois, ikki holatdagi YTHlarni qasddan sodir etilgan jinoyat sifatida malakalash kerak: piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan piyodani urib yuborganlik va mast holda avtomobil boshqarib YTH sodir etganlik.
Jarima ballari tizimini joriy etish «uxladimi?»
Umuman, shaharlarda va boshqa aholi yashash manzillarida piyodalar xavfsizligini ta’minlash uchun piyodalar o‘tish joyida «yotgan politsiyachi» («lejachiy politseykiy») o‘rnatishni, ayniqsa maktablar va bog‘chalar oldidagi «zebra» chizilgan joylarda yo‘l sathini trotuar sathigacha ko‘tarish lozimligi haqida avval ham yozdik, biroq mutasaddilar buni muhokama qilib ham ko‘rishmadi.
Xuddi shu maqolada yozilgan, ko‘plab rivojlangan davlatlarda joriy etilgan qoidabuzar haydovchilarga jarima ballari tizimi joriy etilishi masalasi ham «uxladi», shekilli.
Buning uchun IIV DYHXB tomonidan ta’kidlangan, qoidabuzarlik uchun jarima ballarni qo‘llash tizimiga tezroq o‘tilishi lozim. Faqat, bu tizimni ko‘r-ko‘rona Rossiya Federatsiyasidan ko‘chirib olish bilan cheklanmasdan, dunyoning yetakchi davlatlaridan ham andoza olish kerak, deb hisoblayman.
Aytaylik, «o‘yin boshida» biror qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymagan toza haydovchida 0 ball bo‘lsin. Qoidabuzarlikning yengil-og‘irligiga qarab jarima ballari kichikroq va kattaroq hisoblanishi kerak. Masalan:
- Xavfsizlik kamari taqmaslik — +5 ball;
- Yo‘llarda quvib o‘tish qoidasini buzish — +5 ball;
- Avtomobilga ruxsat etilmagan chiroqlar va sirenalar o‘rnatish — +5 ball;
- Harakat chog‘ida haydovchining telefondan foydalanishi — +10 ball;
- To‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish — +15 ball;
- Transport vositasining old oynasini tonirovka qilish — +20 ball;
- Svetoforning qizil chirog‘ida ko‘chani kesib o‘tish — +20 ball;
- Belgilangan tezlikni oshirish — +20 ball;
- Avtomobilni mast holatda boshqarish — +100 ball va h.k.
Bir yil ichida belgilangan jarima ballarini 100 ballga yetkazgan haydovchilarning haydovchilik guvohnomasi ma’lum muddatga bekor qilinib, qaytadan imtihon topshirishga yo‘llash kerak. Keyingi yilga esa jarima ballarining barchasi «kuymasligi» lozim. Faqat 50 foizi «kuyishi» kerak. Jarima ballari ko‘paygan haydovchilarning sug‘urtasi ham o‘z o‘zidan qimmatlashishi kerak.
Piyodalar xavfsizligi eng ustuvor bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston aholisining 90 foizi mashina boshqarmaydi, yo‘llarda piyoda harakatlanadi. Shuning uchun eng avvalo piyodalar xavfsizligini ta’minlash lozim. Bizda esa doim haydovchilar manfaati birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Haydovchilar ham «piyoda doim haq», degan qoidani unutgan ko‘rinadi.
Kuni kecha bir video ko‘rdim. Aholi punkti ichida yo‘lni kesib o‘tishga hozirlik ko‘rayotgan piyodaga yo‘l bergani uchun, haydovchi keyingi svetoforda to‘xtaganda yoniga yetib kelgan ikkinchi haydovchi e’tiroz qilyapti: «Katta yo‘lda piyodaga unaqa yo‘l berilmaydi», deb.
Holbuki, yo‘lga «zebra» chizilgan, bir emas, ikkita piyodalar o‘tish joyi yo‘l belgisi o‘rnatilgan. O‘pka, potensial qotil haydovchilarimiz yo‘l belgisi nega o‘rnatilganini ham bilishmaydi. Katta yo‘lda piyodaga yo‘l berilmasa qayerda beriladi? Kichik yo‘ldami? Katta yo‘l mashinalar yelib harakatlanishi uchunmi faqat?
Chorrahalarda, aholi punktidagi yo‘llarda belgi o‘rnatilgan joylarda piyodalar o‘tish joyida yo‘lni qoidaga ko‘ra kesib o‘tayotgan piyodaga yo‘l bermaslik uchun ham jarimalar oshirilishi shart — eng kamida 5 BHM darajasida. Buning uchun kameralarni ko‘paytirish kerak. Ayniqsa, maktablar oldida.
Svetoforga bepisand haydovchilar
Piyodalar kesib o‘tadigan joyga svetofor o‘rnatish ham masalani hal qilmayapti, chunki svetoforning taqiqlovchi qizil belgisiga ham amal qilmaydigan haydovchilar nihoyatda ko‘p. Svetoforga ishonib yo‘lni kesib o‘tayotgan yo‘lovchilar ham juvonmarg bo‘lib ketishyapti.
Masalan, svetoforning qizil chirog‘iga o‘tish uchun atigi 2 BHM jarima qo‘llangan, takroriy qoidabuzarliklarda jazo yanada qat’iylashtirilgani, ko‘plab chorrahalarda kameralar o‘rnatilganiga qaramay, mazkur qoidabuzarlik ham kamaymayapti.
Eng qizig‘i, potensial odam o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarlik uchun jarima 2 BHM (660 ming so‘m) bo‘lgani holida, masalan, ruxsatnomasiz tonirovka uchun 25 BHM (8 mln 250 ming so‘m) qilib belgilangan. Paradoks!
Demak, svetoforning qizil chirog‘iga o‘tish uchun darhol 5 BHM jarima qo‘llash kerak. Shunda ham (jarima qo‘llangach), bir yil davomida takroriy qoidabuzarlik uchun haydovchi jarima+haydovchilik huquqidan 1 yilga mahrum etib, shu muddatdan so‘ng guvohnomasini imtihonni qayta topshirib olishni joriy qilish kerak.
Umuman, haydovchilik guvohnomasidan ma’lum muddatga mahrum qilish deyilganda, YHXBda «prava»ni bir joyga seyfga solib qo‘yish, muddat o‘tgach haydovchiga berib yuborish emas, albatta imtihonni qayta topshirib olish taqozo qilinishi kerak. Balki hozir ham qoidada shunaqadir, lekin «prava»sidan ayrilgan biror tanishim uni qayta imtihon topshirib olganini eshitmadim.
Radardan ham oson qutilishyapti
Bundan tashqari, tezlikka rioya etmaslik borasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan jazolarni ham qayta ko‘rib chiqish kerak.
Xususan, MJtKning 128 (3) moddasiga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborgani uchun — BHMning 1 baravari (330 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangan.
Agar 20 km/h.dan ko‘p, 40 km/h.dan kamroq bo‘lsa — 5 BHM (1 mln 650 ming so‘m), 40 km/h.dan ko‘proq bo‘lsa — 9 BHM (2 mln 970 ming so‘m) miqdorida jarima solinishi belgilangan.
Ammo, katta tezlikdagi takroriy qoidabuzarlik uchun kattaroq jarimalar belgilangani holida, 1 BHMlik jarima nazarda tutilgan qoidabuzarlikni istagancha sodir etishga sharoit qilingan, boz ustiga 1 oy ichida jarima to‘lansa 50 foizlik chegirma ham bor.
Tezlik uchun jarima qo‘llashni haydovchilar uchun tushunarli va sodda qilish kerak.
1. Tezlik limitini 20 km/h.gacha buzish — 1 BHM jarima. 1 yil ichida takroriy sodir etish — har biri 5 BHM jarima.
2. Tezlik limitini 20 km/h.dan ko‘pga buzish — 5 BHM jarima. 1 yil ichida takroriy sodir etish — har safargisi 5 BHMga oshib boruvchi jarima: 2-marta 10 BHM, 3-marta 15 BHM va hokazo.
Katta shaharlarda tezlik limiti 60 km/h qilib belgilangani ko‘pchilik haydovchilarni asabiylashtirmoqda. Lekin shahar uchun bu tezlik ham ko‘p. Limit 50 km/h.gacha pasaytirilishi kerak.
Nomerni yechib harakatlanish va jarima maydoni jazosi
Radarga tushmaslik uchun avtomobil davlat qayd etish raqamini yechib yoki uni biror narsa bilan berkitib harakatlanish «moda»ga aylandi. Hattoki o‘zgartirilgan yoki o‘ziga tegishli bo‘lmagan avtoraqamlarni qo‘yib harakatlanish kabi qoidabuzarliklarga ham guvoh bo‘lyapmiz.
Avtoblogerlarimiz qo‘rqmasdan, nomerlarni yechib olishga oson bo‘lishi uchun magnit orqali yopishtirishni, nomerni to‘suvchi qurilmalarni reklama qilishmoqda. Bu bilan ular qoidabuzarlikni qadriyatga aylantirish yo‘lida «xizmat» qilishayotganini anglashmayapti ham.
Mana shu kabi qoidabuzarliklar uchun belgilangan jarimadan tashqari qoidabuzarlik sodir etilgan avtomobilni ma’lum bir muddatga jarima maydonchasiga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq jazolar joriy etilishi kerak.
Aytaylik, yuqorida sanab o‘tilgan davlat raqam belgisini yashirib, yechib yoki maxsus berkituvchi uskunalar bilan harakatlangani uchun — 3 oy muddatga.
Noqonuniy tonirovka, ayniqsa avtomobilning old oynasini tonirovka qilib olganlar uchun ham 25 BHMlik jarima pasaytirilib, 3 oylik «jarima maydonchasi» yaxshiroq effekt beradi.
Shuningdek, mashinaga zavodda o‘rnatilgan yoritish chiroqlarini almashtirib, galogen lampalar o‘rnatish, migalka va sirenalar o‘rnatish, yo‘llarda qoidalarni buzib guruh bo‘lib harakatlanish (driftlar qilish) kabi qoidabuzarliklar uchun ham avtomashinalarni kamida 3 oyga jarima maydoniga joylashtirish jazosini qo‘llash kerak.
Avtotransport vositasini hujjatlarsiz boshqarishga esa — 15 sutka ham yetadi. Shunda, birovga mashinasini haydashga berib yuborishlar darhol kamayardi.
DYHXX bazasiga ham shu avtomobil falon muddatgacha jarima maydonchasida bo‘lishi kerakligi qayd etib qo‘yilishi kerak, toki jarima maydonchasidan ham olib chiqib ketilmasin, mashinani ko‘chada ham hayday olmasin. Chunki jarima maydonchasida bo‘lishi lozim bo‘lgan mashinani haydash yanada uzoqroq — aytaylik, 6 oy muddatga qat’iy jarima maydonchasiga kiritish bilan jazolanishi nazarda tutilishi lozim.
«G‘isht»ga amal qilmaslik — atigi «0,25 minimalka»?
Yo‘lning qarama-qarshi qismiga o‘tib harakatlanish uchun 10 BHM jarima nazarda tutilgan. Ammo kirish taqiqlangan (3.1 belgi), harakat taqiqlanadi (3.2 belgi) kabi yo‘l belgilariga amal qilmasdan ko‘chaga kirish uchun atigi 0,5 BHM jarima nazarda tutilgan. (Bu ikki belgi emas, taqiqlovchi belgilarga amal qilmaslikning barchasi 165 ming so‘mlik jarimaga tortiladi, xolos).
165 ming so‘mlik jarima 50 foizlik chegirma hisobga olinsa, qoidabuzarlik uchun tushadigan 82 ming 500 so‘m jarima haydovchilarga chivin chaqqanchalik ta’sir qilmaydi.
Yuqorida sanalgan ikki qoidabuzarlik ham yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqish bilan teppa teng — 10 BHM miqdorida jarimaga tortilishi lozim. Chunki mantiqan o‘ylab qaralsa, haydovchilar yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketishdan kam oqibat yaratmayapti (Buning iloji bor, albatta. Taqiqlovchi belgilar orasidan 3.24 va 3.27 kabi yo‘l belgilariga alohida jarima belgilangan-ku?)
«Stoyanka»ga aylanayotgan trotuarlar
To‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish uchun belgilangan jarima deputatlarimizning «hotamtoyligi» tufayli 3 BHMdan 2 BHMgacha kamaytirilgan edi. Bu esa to‘xtash taqiqlanadi (3.27) yo‘l belgisiga amal qilmaslikni yanada kuchaytirdi.
Ayniqsa, yozning issiq kunlarida trotuarlar parkovkaga aylanayotgani piyodalarni asabiylashtirmoqda. Telegramda trotuarlarni egallagan mashinalar haqida fotohisobot jo‘natilayotgan kanal ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Trotuarlarga parkovka qilganlik uchun jazo alohida belgilanib, qat’iylashtirilishi lozim — menimcha kamida 5 BHM jarima haydovchilarning «ko‘zi joyiga kelishi» uchun yetarli bo‘lsa kerak. Bir yil ichida takroran sodir etilgan shu qoidabuzarlik uchun — 10 BHM jarima.
Shahar ko‘chalari chetida pulli to‘xtab turish zonalari tashkil qilib, ko‘chalarda avtomobillar taqiqlangan joylarga parkovka qilinishini ham nazorat ostiga olish kerak. Bu borada jarima qo‘llash shahar ma’muriyatining o‘ziga topshirilsa — katta shaharlarda parkovka va jarima maydonchasiga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi xizmatlar tashkil etilsa, harakatni ancha tartibga solish mumkin bo‘ladi.
Qoidabuzarlik sodir etilgan avtotransport vositasini huquqbuzarlik quroli sifatida «hibsga olish» — jarima maydoniga joylashtirish bu eng tez ta’sir qiluvchi jazo bo‘ladi. Chunki haydovchilarni YPX xodimi ham, jarimalar ham qo‘rqita olmayapti. Aniq ishonamanki, unaqalarni faqat mashinasidan ma’lum bir muddatga judo qilibgina qoidabuzarlikni qayta takrorlamaydigan tarzda jazolash mumkin.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.
Mavzuga oid
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
13:20 / 17.12.2024
Rossiyadagi YTHda 5 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
07:20 / 12.12.2024