Jahon | 12:03 / 18.08.2023
13855
3 daqiqa o‘qiladi

Bir guruh o‘zbekistonliklar Dehli aeroportida 5,3 kg oltin bilan qo‘lga tushdi

Dehli shahridagi xalqaro aeroportda 8 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi. Ular umumiy og‘irligi 5,3 kilogramm, qiymati qariyb 35 ming dollar bo‘lgan 50 ta tilla zanjirni mamlakatga noqonuniy tarzda olib kirish vaqtida qo‘lga olingan. 

Foto: AirportGenCus

Dehli shahridagi Indira Gandi nomidagi xalqaro aeroportda hindistonlik bojxonachilar oltin kontrabandasi bilan shug‘ullanishda gumonlanayotgan sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga olgan. Operatsiya natijasida qiymati 2,92 million rupiyga (35 ming 150 dollar) teng tilla zanjirlar musodara qilingan. Bu haqda mamlakat Bojxona departamentiga tayanib, mahalliy nashr xabar berdi.

Qayd etilishicha, uch nafar ayol 15 avgust kuni Toshkentdan yetib kelgan va bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Ularning yuklari ko‘zdan kechirilganda, qo‘l yukining orqa qismiga mahkamlangan ichi bo‘sh metall qutiga yashirilgan, umumiy og‘irligi 5,3 kilogramm bo‘lgan 50 ta tilla zanjirlar topilgan. Tekshiruvdan so‘ng, sakkiz nafar yo‘lovchi zudlik bilan hibsga olingan. Ularning barchasi o‘zbekistonlik ekani aytilmoqda.

“Oltin kontrabandasi butun dunyo mamlakatlari, jumladan, Hindiston uchun ham asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Oltinga bo‘lgan yuqori talab va yuqori import bojlari uni kontrabanda uchun foydali tovarga aylantirdi. Bu voqea xalqaro kirish va chiqish nuqtalarida doimiy hushyorlik va qat’iy xavfsizlik choralari zarurligini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Tergov davom etar ekan, ushbu operatsiya ortidagi tarmoqni ochish ham juda muhim bo‘ladi. Bu nafaqat qo‘shimcha jinoyatchilarni aniqlashga yordam beradi, balki bunday operatsiyalar hajmini tushunishga va ularga qarshi samarali kurashish strategiyasini ishlab chiqishga imkon beradi”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi rasmiysi  Husan Tangriyev maskur holat bo‘yicha izoh berdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2022 yil 23 dekabrda qabul qilingan va joriy yil 11 yanvardan kuchga kirgan PQ-452-son qarori bor.

Qarorga binoan jismoniy shaxslar qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 mln so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishlari mumkin.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda, ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishlari mumkin.

Ya’ni, erta xulosa chiqarishga shoshilmang - qaysidir mamlakatda noqonuniy olib kirishda to‘xtatib qolingan tovar boshqa mamlakatdan ham noqonuniy ravishda olib chiqilganini anglatmasligi mumkin», deya yozdi Tangriyev.

Mavzuga oid