Iqtisodiyot | 18:35 / 18.08.2023
38357
4 daqiqa o‘qiladi

«Olayotgan oyliklaringni oqlamayapsizlar» - Prezident Kudbiyev va soliqchilarni tanqid qildi

«Kudbiyev degan kattakon, senga baho bu. Sening tizimingga baho bu. Olayotgan oyliklaringni oqlamayapsizlar, xalqqa, tadbirkorga yordam bermayapsizlar, to‘siq bo‘lyapsizlar. Mana, tax gap degan balo bularni qanday qiynayapti, katta korrupsiyaga sabab bo‘layotgani uchun tikka turib qarsak chalyapti»,— dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda soliq yukini ko‘paytirish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish hisobiga budjetga tushumlarni oshirish yo‘lidan borilayotganini aytdi.

«Murakkab soliq ma’murchiligi, biznesga ortiqcha aralashish va tizimdagi korrupsiya holatlarining barchasidan albatta xabarim bor. Bu ustida ko‘p ishlayapmiz. Bu illatlardan qancha tez qutulsak, ishlarimizda shuncha ko‘p natija bo‘ladi.

Hozirgi tadbirkorlarni xavf guruhiga kiritish tizimi yopiq bo‘lib, intizomli soliq to‘lovchilar ham qaysidir hamkori qachonlardir xato qilgan bo‘lsa, uning uchun ham javob bermoqda.

O‘tkazilgan so‘rovlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning 70 foizi ushbu soliqni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash, ya’ni «tax gap» tizimi adolatsiz ekanini bildirgan.

Soliq tizimidagi korrupsiya bilan bog‘liq shikoyatlar haddan tashqari ko‘payib ketgani ham aynan «tax gap» bilan bog‘liq.

Endilikda, 1 oktyabrdan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti, ya’ni «tax gap» bekor qilinadi. 

O‘ylaymanki, Kudbiyev degan kattakon, senga baho bu. Sening tizimingga baho bu. Uzoqdan aylantirib kelganim bejiz emas, tizimingga baho bu. Olayotgan oyliklaringni oqlamayapsizlar, xalqqa, tadbirkorga yordam bermayapsizlar, to‘siq bo‘lyapsizlar. Mana, tax gap degan balo bularni qanday qiynayapti, katta korrupsiyaga sabab bo‘layotgani uchun tikka turib qarsak chalyapti»,— dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, soliq uzilishi koeffitsiyenti haqida birinchi marta 2021 yil oxirida Sherzod Qudbiyev ma’lum qilgandi. U bu tizimni qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lamaslik xavfini aniqlashtiruvchi tahliliy instrument deb atagandi.

«Siz kontragent bilan ishlashdan oldin kontragentingiz necha foiz QQSni budjetga to‘laganini hisoblab beramiz. Bu imkoniyat hech qachon hech kimda bo‘lmagan. Hozirgi IT shu imkoniyatni beradi.

Dastlabki hisob-kitoblarimiz juda ayachli ahvolda ekanimizni ko‘rsatib turibdi. QQSning butun zanjirini – 20 kontragent bo‘ladimi, 30tami – bu matematika, uni aldab bo‘lmaydi. Yaqqol ko‘rinib turadi. Endi shu zanjir bo‘yicha uzilish amaliyotini yangi yildan joriy etamiz», degandi Sherzod Qudbiyev.

Ammo bu amaliyot jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Oddiy tilda aytganda, soliq uzilishi koeffitsiyenti tufayli tadbirkor soliq qarzi bor boshqa tadbirkor bilan ishlashi xavfli bo‘lib qoldi. Bu ekspertlar tomonidan biznes muhitning buzilishi deb baholandi.

Mavzuga oid