O‘zbekiston | 11:48 / 09.11.2023
22533
2 daqiqa o‘qiladi

“Dunyo siyosiy arxitekturasi tom ma’noda o‘zgarmoqda” - Shavkat Mirziyoyev

Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti bo‘lib o‘tdi. Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Avvalambor, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida sizlar bilan uchrashib turganimdan behad xursandman. O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz!” – dedi prezident nutqi avvalida.

Shavkat Mirziyoyev IHTning xalqaro maydondagi ahamiyatiga to‘xtaldi.

“Bugungi oliy darajadagi uchrashuvimiz bizning umumiy taraqqiyot yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan qat’iy intilishimizning yaqqol dalilidir.

Bugun ko‘z o‘ngimizda dunyo siyosiy arxitekturasi tom ma’noda o‘zgarmoqda va global qayta qurilishi sodir bo‘lmoqda.

Bu murakkab jarayonlarda o‘zining katta o‘rniga ega bo‘lgan tashkilotimiz davlatlari birgalikda hamjihat bo‘lib harakat qilishi, vujudga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi samarali yechimlar topishi muhimdir.

“Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida o‘tayotgan sammitimizda siz, aziz hamkasblarim bilan ko‘p tomonlama aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqish va eng dolzarb masalalar bo‘yicha batafsil fikr almashamiz.

Barchangizga bugungi tadbirimizda ishtirok etayotganingiz va o‘zaro manfaatli munosabatlarimiz ravnaqiga qo‘shayotgan ulkan hissangiz uchun alohida tashakkur bildiraman.

Fursatdan foydalanib, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevni tashkilotimizdagi muvaffaqiyatli raisligi bilan samimiy tabriklayman.

Ozarbayjon raisligi doirasida “Yashil o‘tish va o‘zaro bog‘liqlik yili”da o‘tkazilgan qator tadbir va tashabbuslar amaliy sherikligimizni kengaytirishga salmoqli hissa qo‘shdi.

Kelgusi yilda tashkilotimizga raislik qiladigan Eron Islom Respublikasining mintaqaviy savdoni rivojlantirish orqali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish borasidagi reja va maqsadlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”, – dedi O‘zbekiston rahbari.

Mavzuga oid