Jahon | 12:04 / 21.08.2023
11220
1 daqiqa o‘qiladi

Simonyanning uyi yonida dron urib tushirildi

Dushanba tongida Rossiya poytaxti Moskvaga yana dronlar hujumi amalga oshirildi. Oqibatda Moskvadagi aeroportlar vaqtincha ishlamay qoldi.

Foto: Margarita Simonyanning Telegram-kanali

Moskvaga uyushtirilgan navbatdagi dronlar hujumi fonida poytaxtdagi Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiy aeroportlari vaqtincha yopilgan. Bu haqda rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, ushbu aeroportlar reyslarni qabul qilmayapti, samolyotlar ham u yerdan uchib ketmayapti.

«RIA Novosti»ning yozishicha, Vnukovo aeroportida dushanba tonggi soat 06:25 dan boshlab reyslarni boshqa aeroportlarga yo‘naltirishni boshlagan. Bunga sabab sifatida xavfsizlik chora-tadbirlari keltirilgan.

Moskvaga uchirilgan dronlardan biri Rossiya bosh propagandachilaridan bo‘lmish Margarita Simonyanning uyi yaqinida urib tushirilgan. Bu haqda propagandachining o‘zi Telegram-kanalida yozib qoldirgan. «O‘sha uchuvchisiz qurilma. Uni Istrinsk tumanida urib tushirishdi, bizdan bitta narigi ko‘chada quladi. Havo hujumidan mudofaa tizimimizga rahmat, qurbon va yo‘qotishlar bo‘lmadi», deb yozdi Simonyan.

Mavzuga oid