Jamiyat | 14:36 / 21.08.2023
53547
11 daqiqa o‘qiladi

«Soxta diplom tufayli obro‘yim bir pul bo‘lgandi» – sobiq IIB xodimining tazarrulari

1991 yil yozda Olmaota shahriga yuk mashinasi bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib bordim. O‘sha yerda tanish militsioner xohlasam arzimagan pulga militsiya maktabi diplomini olib berishini aytib qoldi, rozi bo‘ldim. Diplomni berayotganida muammo chiqmasligini, nomim akademiya jurnallariga kiritilganini aytdi, unga ishondim. Biroq shu soxta diplom keyinchalik menga pand berdi.

Fotokollaj: Kun.uz

"Hayotiy hikoyalar"ning bu galgi sonida IIB tizimiga soxta diplom bilan ishga kirib, yakunda sharmanda bo‘lgan insonning kechmishlarini o‘qiymiz.

«Otam tashkilotlardan birining yuk mashinasini minar, maktabning yuqori sinflarida o‘qib yurganimda uni boshqarishni o‘rganib olgandim. Shu sababli 8-sinfdan so‘ng tuman markazidagi kasb-hunar maktabi (PTU)da haydovchilik bo‘yicha tahsil oldim.

18 yoshda maxsus maktabni bitirganimda menda yuk mashinalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi bor edi. Ko‘p o‘tmay 1980-yillar boshi edi chamamda, harbiy xizmatga chaqirishdi.

O‘shanda ota-onam Afg‘on urushiga olib ketadi deb siqilishdi. Biroq meni Afg‘onga emas, Sibirdagi harbiy qismlardan biriga jo‘natib yuborishdi. Ikki yillik armiya davrida faqat yuk mashinasi boshqardim.

Harbiy xizmatdan qaytganimdan so‘ng otamning yoniga ishga kirdim va men ham yuk mashinasi boshqara boshladim. Ko‘pincha turli shaharlarga otam bilan birga, oldinma-keyin ketardik.

O‘sha paytda militsiyaga ishga kirishni orzu qilardim, bu haqda otamga aytsam «O‘zing bilasan, shu ishga qiziqsang mayli ishla», dedi. Biroq...

1985 yildan keyin Gorbachyov ancha yengilliklar berdi va otam bilan menga ish ko‘paydi. Endi tashkilot ishidan ortib, qo‘shni respublikalarga, ayniqsa Qozog‘istonga turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari olib bora boshladik. Tabiiyki, avvalgidan ko‘proq pul topa boshladik. Shu paytda men militsiyaga ishga kirishni ortga surdim.

Ko‘p o‘tmay otam nafaqaga chiqdi. Endi Olmaotaga bir o‘zim borib keladigan bo‘ldim. Shu shaharda turli tanishlar orttirdim. Tabiiyki, ular orasida militsiya, jumladan ko‘plab GAI xodimlari bor edi.

Har borganimda ularga Qozog‘istonda kamyob bo‘lgan ho‘l va quruq mevalar olib borib berardim, xursand bo‘lishardi. Shu tariqa oshna tutinganmiz.

1991 yil bahorda, hali u paytda SSSR bor edi, militsioner tanishlarimdan biri arzimagan pulga Olmaotadagi ichki ishlar vazirligi qoshidagi oliy militsiya maktabini bitirganim haqida diplom olib bermoqchi bo‘ldi.

U so‘rayotgan pul uncha kattamas, biroq keyinchalik diplomning soxtaligi aniqlansa kim degan odam bo‘laman, shu narsa meni o‘ylantirardi.

O‘shanda militsiyaga diplomsiz ishga kirsa ham bo‘ladi-ku, degan fikr xayolimda aylanar, tanishim esa «diploming bo‘lsa tuzukroq ishda ishlaysan, boshqa xodimlar orasida bir pog‘ona baland yurasan», deb qiziqtirishni qo‘ymasdi.

«Bovurim, hech ham o‘ylanma. Sening ism-sharifing militsiya maktabidagi barcha hujjatlarga yoziladi, arxivga tirkaladi. Buyog‘idan xavotir olma», dedi u.

Shundan so‘ng Olmaotadagi oliy militsiya maktabini bitirganim haqidagi diplomni oldim va uyga qaytgach tuman IIBga bordim. O‘sha paytda hali SSSR parchalanmagan, hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib yurgan edi.

U paytlarda SSSRning turli joylaridan olingan diplomlarga umuman shubha bildirilmasdi. Tuman IIBga ishga qabul qilishdi.

Shundan so‘ng haydovchilikni ukalarimga topshirdim va o‘zim militsiyada ishlay boshladim. Ko‘p o‘tmay SSSR parchalanib ketdi. Militsiya atamasi bekor bo‘ldi. Men tuman IIBda ishlashda davom etdim.

Ochig‘i hamkasblarim orasida turli xil xarakterdagi odamlar bor edi. Kimdir pul uchun har narsaga tayyor, boshqasi esa halol xizmatchi. Men ham o‘zimga o‘zim so‘z berdim, qancha maosh olishimdan qat’i nazar halol ishlayman.

Hamkasblarim orasida rahmdili ham, shu bilan birga shafqatsiz, qo‘liga tushgan odamni do‘pposlaydigan, sal narsaga asabiylashib baqiradigan xodimlar ham bor edi.

Avvaldan xarakaterim yumshoq, birovga qattiq gapirmasdim, IIBda ishlab ham shu xarakterim o‘zgarmadi. Shu sababli ko‘p o‘tmay meni nisbatan ancha tinch bo‘lgan kadrlar bo‘limiga ishga qo‘yishdi.

Shu zaylda ichki ishlarda ancha yillar halol mehnat qildim. Unvonim oshib lavozimim ko‘tarilib boraverdi. Qariyb o‘n yil ishlab qo‘ygan paytimda menda allaqachon kapitan unvoni va kadrlar bo‘limining boshlig‘i amali bor edi.

Garchi diplomni sotib olgan bo‘lsam-da, ishimni yaxshi ko‘rganim uchun vijdonan ishladim.

Shu vaqt oralig‘ida ko‘plab yoshlarni ishga qabul qildim. Ularning aksariyati keyin unvonlari ko‘tarilib, O‘zbekistonning turli chekkalarida mas’uliyatli vazifalarda ishlashdi.

Hamkasblarim, boshliqlarim bilan doimo muomalam yaxshi edi. Barcha birday hurmat qilardi. Majlislarda boshliqlar muomalamni o‘rnak qilib ko‘rsatishardi.

Garchi diplomimni sotib olgan bo‘lsam ham undan shubhalanmasdim va mabodo tekshirib ko‘rishsa ham soxta bo‘lib chiqishiga ishonmasdim. Ammo kunlardan bir kun shu diplom menga pand berdi.

Ko‘p o‘tmay tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari boshqa ishga o‘tib ketdi va uning o‘rni bo‘shab qoldi. O‘sha paytda o‘zimning ishim, kadrlar bo‘limi boshlig‘i vazifasi menga ma’qul edi, biroq boshliqlar o‘rinbosarlikka meni tavsiya qilishibdi.

O‘shanda o‘zim ham, boshqalar ham tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lishimga ishonishardi. Chunki mendan boshqa munosib nomzod yo‘q edi. Shu sababli nomzodim ko‘rsatilgandan boshlab hamkasblar tabriklashni boshlashdi. Biroq...

Nomzodim tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga ko‘rsatilganiga bir hafta bo‘lgandi. Kechki payt tunda qo‘ng‘iroq bo‘ldi, ishxonamdan ekan. Boshliq, tezda ishxonaga yetib keling, dedi. Nazarimda kayfiyati yo‘qroq edi.

Yo‘lda ketayotganimda xayolimga ming bir o‘ylar keldi. Nega yarim kechada chaqirib qolishdi? Tinchlikmikan? O‘shanda xayolimga Olmaotadan sotib olingan diplom ham keldi. Ishqilib soxta bo‘lib chiqmasin-da.

Bo‘limga yetib borgach boshliqning xonasiga kirdim, u yerda meni ikki-uch nafar formasiz xodimlar kutib turishgan ekan, darhol so‘roqni boshlab yuborishdi. Boshliq esa yonimdan o‘tayotib, ehh, nima qilib qo‘yding, deb tashqariga chiqib ketdi.

Taxmin qilganimday muammo diplom bo‘yicha kelib chiqqandi. «Diplom 1991 yilda Olmaotadagi oliy militsiya maktabidan berilgan ekan, uni qanday olgansiz?» degan dastlabki savolgayoq to‘g‘risini aytdim-qo‘ydim – sotib olganman.

«Qanday tarzda?» degan ikkinchi savol berildi. Bunga ham javob berdim – tanish bir militsioner olib bergandi.

Uchinchi savol yangradi: «Nima maqsadda?» «Ichki ishlar sohasida ishlashni xohlardim, shunga.»

«Armiyada haydovchi bo‘lib ishlagan ekansiz, o‘sha paytda Toshkentdagi oliy militsiya maktabiga topshirsangiz ham o‘qib, qonuniy yo‘l bilan diplom olardingiz. Yoki ichki ishlarga diplomsiz ham ishga kirsangiz bo‘lardi? Nega bunaqa qilmagansiz?»

Bu savolga menda javob yo‘q edi. Haqiqatdan Toshkentda o‘qib ham diplom olsam bo‘lardi. Diplomsiz borsam ham ishga qabul qilishardi. Shablon javobni berdim «Yoshlik qilganman, tushunmaganman».

«Qanaqasiga yoshlik qilasiz, diplom olgan paytingizda qariyb o‘ttiz yoshda bo‘lgansiz. Shu yoshda odam yosh bo‘ladimi?» Bu savolga menda javob yo‘q edi. Nimadir deb ming‘irladim.

Meni qamab qo‘yishmadi. Formani, guvohnomani topshirdim. Ishdan bo‘shatishlari haqida ariza yozdim.

Shundan so‘ng menga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. O‘shanda uydagilarga, ota-onamga bu haqda indamagandim. Biroq nimadir ko‘ngilsizlik bo‘lganini sezishdi.

Ancha payt tergovga qatnadim. Menda diplomni bir militsioner olib bergani haqidagi gapdan boshqa gap yo‘q edi. Qolaversa u ishga 15 yilcha bo‘lib qolgandi.

Ko‘p o‘tmay tergov tugadi va ishim sudga oshdi. Suddagilar meni yaxshi tanishardi. Shunga biroz rahm qilishdi. Qolaversa avval sudlanmaganim, ishimdan afsusdaligim, mahalladan ijobiy tavsifnoma deganday, faqat jarima jazosi chiqarishdi.

Soxta diplom tufayli sudlanib, katta miqdorda chiqishi kerak bo‘lgan pensiyadan ayrildim. Bundan ham yomoni ishlab yurgan odam bekorchi bo‘lib qolsa g‘alati bo‘lar ekan.

Yomon gap tez tarqaydi deyilganiday, qo‘lga tushganimdan so‘ng soxta diplom bilan ushlanganim haqida mahallada gap tarqaldi. Jazolanganimdan so‘ng ancha payt uydan chiqmadim. Mahallada ancha odamga yordamim tekkandi, biroq hech kim «Yaxshimisan, holing qalay?» deb so‘rab kelmadi.

Bu gapga ham qariyb yigirma yilcha bo‘lib qoldi. O‘sha kunlarni eslagim kelmaydi. Negadir sizni o‘zimga yaqin olib hikoya qilib berdim.

Hozir ham u yoq-bu yoqdan kimlarningdir soxta diplom olib berayotib qo‘lga tushganini o‘qib qolaman. Xohlardimki, yoshlar men qilgan xatoni takrorlashmasa. Zero, bu ishning oxiri baribir voy».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid