Sport | 17:35 / 22.08.2023
20300
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning 2-klubi Qatarning 4-jamoasiga qarshi. «Al-Vakra» - «Navbahor» o‘yini oldidan

Bugun, 22 avgust kuni «Navbahor» Osiyo Chempionlar ligasi tarixidagi ilk uchrashuvini o‘tkazadi. Namangan jamoasi guruh bosqichiga o‘tish o‘yinida Qatarda «Al-Vakra» klubiga qarshi saf tortadi.

Foto: Navbahor FK

«Navbahor»ning OChLdagi ilk o‘yini

Superliga-2022ning kumush medali sohibi «Navbahor» va 4-o‘rin egasi OKMK OChL guruh bosqichida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan 3-4-jamoalarga aylanishi mumkin. Buning uchun, Samvel Babayan shogirdlari bugun, 22 avgust kuni Qatarning o‘tgan mavsumdagi 4-o‘rin sohibi «Al-Vakra» jamoasiga qarshi o‘ynasa, Mirjalol Qosimov shogirdlari 2-o‘rin egasi «Al-Arabi» mehmoni bo‘ladi.

Foto: Navbahor FK

Bir o‘yindan iborat uchrashuvning Qatarda o‘tkazilishi mezbonlarga ustunlik bersa-da, ammo bu mamlakatda mavsum endi boshlangani, O‘zbekistonda esa chempionat qizg‘in pallasida ekani vakillarimiz foydasiga ishlashi mumkin. Jamoalarimiz yakshanba kuni Dohaga yetib borgan. Qayd etish joiz, Qatardagi «Al-Janub» stadionida o‘tadigan bahs «Navbahor» tarixida Osiyo Chempionlar ligasidagi ilk o‘yin sifatida tarixdan joy oladi.

«Lochinlar»ning xalqaro maydondagi o‘tmishi

Namangan klubi hozirgacha uch marotaba xalqaro maydonda ishtirok etgan. Xususan, vodiyliklar 1997/98 yilgi mavsumda O‘zbekiston kubogi g‘olibi sifatida Osiyo kubok egalari Kubogida ishtirok etib, ikkinchi saralash bosqichidan o‘ta olmagandi. 1998 yilda esa Osiyo Chempionlar kubogida O‘zbekiston chempioni sifatida ishtirok etib, guruhdan chiqolmagan. So‘nggi urinishi – 1999/2000 yilgi mavsumda esa Osiyo kubok egalari kubogida yarim finalga qadar yetib borgan.

«Al-Vakra» qanday jamoa?

«Al-Vakra» Qatarning o‘z tarixiga ega klublaridan biri sanaladi. Uy o‘yinlarini JCh-2022 bahslarini qabul qilgan «Al-Janub» stadionida o‘tkazadigan jamoa 1959 yil tashkil etilgan bo‘lib, Qatarning 2 karra chempioni va 4 karra Qatar Superkubogi g‘olibi sanaladi.

Bartolome Markes qo‘l ostidagi klub o‘tgan mavsum Qatar chempionatida 4-o‘rinni egallagan. Ispaniyalik 61 yoshli mutaxassis murabbiyligidagi «Al-Vakra» yangi mavsumni o‘tgan haftada «Al-Muaydar» ustidan 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan boshladi.

Legionerlarga tayangan jamoa

Qatarning boshqa klublari singari «Al-Vakra» ham asosan legionerlar evaziga natija ko‘rsatib keladi. Jamoa tarkibida 7 nafar – Lukash Mendesh (Braziliya), Trent Seynsberi (Avstraliya), Omar Saloh (Iordaniya), Hamdi Fathi (Misr), Muhammad Beniyettou (Jazoir), Jyelson Dala (Angola), Ayub Assol (Marokash) singari legionerlar faoliyat yuritmoqda. «Navbahor»ga qarshi o‘yinda qatarliklarning asosiy tarkib o‘yinchilaridan biri Al-Mahdi Ali diskvalifikatsiya sababli maydonga tusha olmaydi.

Foto: Getty images

Qayd etish joiz, Samvel Babayan tarkibida ham yo‘qotish mavjud. Jamoa yetakchilaridan biri Oston O‘runov jarohat sababli bugungi o‘yinda yordam bera olmaydi.

Tarkiblar bahosi: «Navbahor» «Al-Vakra»dan qimmatroq

Transfermarkt portali o‘yin oldidan ikki jamoaning tarkiblari bahosini keltirgan. Unga ko‘ra, Namangan klubi umumiy tarkibi qiymati bo‘yicha Al-Vakra jamoasidan qimmatroq sanaladi. Qatarning o‘tgan mavsumdagi 4-jamoasining umumiy bahosi 9,58 million yevroni tashkil etsa, «Navbahor» klubi tarkibi bahosi 10,4 million yevroga narxlangan.

Qatarliklar safidagi angolalik forvard Jyelson Dala jamoaning eng qimmatbaho o‘yinchisi sanaladi – 2,5 million yevro. Bu borada namanganliklarning eng qimmat o‘yinchisi Jamshid Iskanderov – 850 ming yevro.

Foto: Navbahor

«Al-Vakra»ning eng qimmat 5 futbolchisi:

1. Jyelson Dala (Angola) – 2,5 mln yevro

2. Hamdi Fathi (Misr) – 2 mln yevro

3. Trent Seinsberi (Avstraliya) – 650 ming yevro

4. Lukash Mendesh (Braziliya) – 550 ming yevro

5. Hazem Ahmad (Qatar) – 400 ming yevro.

«Navbahor»ning eng qimmat 5 futbolchisi:

1. Jamshid Iskanderov – 850 ming yevro

2. Oston O‘runov – 800 ming yevro

3. Milosh Milovich (Chernogoriya) – 750 ming yevro

4. Yovan Jokich (Serbiya) – 700 ming yevro

5. Temurxo‘ja Abduxoliqov – 650 ming yevro

Pley-off o‘yini stadiondagi katta ekranda namoyish etiladi

«Navbahor»ning OChLdagi ilk o‘yini muxlislarda katta qiziqish uyg‘otgan. Bir guruh ishqibozlar bugungi bahsda suyukli jamoalarini «Al-Janub» o‘yingohidan turib qo‘llab-quvvatlashsa, yana minglab muxlislar Namangandagi «Markaziy» stadiondan turib «Navbahor»ni olqishlashadi.

«Qatarda bo‘lib o‘tadigan o‘yinga qiziqish juda yuqori. Namanganlik muxlislarning talab va istaklarini inobatga olib, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tashabbusi bilan «Navbahor» stadioniga katta monitor o‘rnatilib, jamoamiz o‘yini jonli efirda namoyish etiladi. Fan-klub ham stadionda ajoyib atmosfera yaratishga astoydil bel bog‘lagan. Siz ham tashrif buyuring va jamoamizni masofadan qo‘llab-quvvatlang!», – deyiladi «Navbahor news» xabarida.

OChL-2023/24. Pley-off o‘yini.

22 avgust (seshanba)

«Al-Vakra» (Qatar) - «Navbahor» (O‘zbekiston)

Hakam: Xiroyuki Kimura (Yaponiya)

Stadion: «Al-Janub», Al-Vakra.

O‘yin boshlanish vaqti: 20:30.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid