“Namangan shahrida aholi 1 millionga yaqinlashgan, ammo 4 ta tug‘uruqxona faoliyat yuritmoqda” – Senat raisi
Senat yalpi majlisida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha qilingan ishlar hamda vazifalar yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Namangan shahrida sog‘liqni saqlash yo‘nalishida kamchiliklar borligi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Namangan shahrida 750 qatnovga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shaharning 356 ming nafardan ortiq aholisiga birlamchi tibbiy sanitariya yordami ko‘rsatib kelinmoqda. Biroq tibbiyot sohasiga davlat budjetidan mablag‘ ajratilib, uning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib kelinayotgan bo‘lishiga qaramasdan mazkur markaziy poliklinika binosi so‘nggi 10 yilda umuman kapital ta’mirlanmagan, rekonstruksiyaga muhtoj, eshik-romlari eskirgan, isitish tizimi ta’mirtalab holatga kelib qolgan.
Poliklinikani rekonstruksiya qilish masalasi Namangan viloyati 2024-2026 yillar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilib, xalq deputatlari viloyat kengashining qarori bilan ma’qullangan. Mazkur masala Senat ishchi guruhining Namangan viloyatida olib borgan o‘rganishlari chog‘ida deputatlar tomonidan kun tartibiga qo‘yilgan.
“Namangan viloyatiga safarimiz davomida hudud faollari ushbu masalani ko‘tardi. Qolaversa o‘zimiz ham bevosita obektni ko‘zdan kechirdik. Bino haqiqatan ham ta’mirga muhtoj.
Shu bilan birga mazkur yo‘nalishda Namangan shahri aholisi uchun alohida perinatal markaz tashkil etish masalasi ham ko‘tarilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda Namangan shahar aholisi soni 1 millionga yaqinlashgan. Shaharda bor-yo‘g‘i 4 ta tug‘uruqxona faoliyat yuritmoqda. 250 o‘rinli viloyat perinatal markazi ham shu hisobda.
Biroq shahar aholisi, jumladan tug‘ish yoshidagi ayollar soni muttasil o‘sib bormoqda. O‘tgan yilda shaharda umumiy tug‘uruqlar soni 20 mingdan ziyodni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 6 oyida salkam 12 mingtaga yetgan. Bular orasida erta tug‘uruqlar ham bor.
Aynan erta tug‘uruqlar sonining ko‘pligi, qolaversa, shahar bolalar shifoxonasidagi neonotologiya (kam vaznli chaqaloqlarni parvarish qilish) bo‘limi ortiqcha yuklama bilan ishlayotgani sababli shahar tug‘uruq kompleksi negizida alohida perinatal markaz tashkil etish taklifi bildirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur masalani atroflicha o‘rganib, xulosa berishi zarur. To‘g‘ri, shahar hududida viloyat perinatal markazi ham joylashgan. Lekin sig‘im jihatdan bugungi talabga javob beradimi, degan savol tug‘iladi. Yuqorida aytganimdek, ehtiyoj yildan yilga o‘sib bormoqda. Aniq, obektiv holatni to‘liq ochib beradigan xulosa kerak.
Aynan erta tug‘uruqlar sonining ko‘pligi, qolaversa shahar bolalar shifoxonasidagi neonotologiya (kam vaznli chaqaloqlarni parvarish qilish) bo‘limi ortiqcha yuklama bilan ishlayotgani sababli ham shahar tug‘uruq kompleksi negizida alohida perinatal markazi tashkil etish zarur. Lekin, mana shunday perinatal markazlarini tashkil qilish masalalari asoratli tug‘ruklar va nogironlikni oldini olish uchun o‘rni nihoyatda katta. Aynan mana shu masala davlatimizda katta ustivor yo‘nalish etib belgilangan. Shuning uchun perinatal markazlarini e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas”, deya ta’kidlab o‘tgan Tanzila Norboyeva.
Senat raisi ushbu obekt 2024 yildagi respublika ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishi masalasi ijobiy hal etilishi maqsadga muvofiqligini bildirgan.
Mavzuga oid
07:34
40 mln so‘mlik pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi
19:05 / 26.11.2024
Namanganda flyuorit toshini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilishi mumkin
16:53 / 22.11.2024
Namanganda 4 kishini Britaniyaga ishga yuborish evaziga 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi
16:34 / 18.11.2024