Prigojinning samolyoti halokati. So‘nggi tafsilotlar
Samolyot qulagan joyda topilgan jasadlarning shaxsi hali tasdiqlanmadi, Tergov qo‘mitasi hodisani terakt deb hisoblamayapti. Aviahalokatdan bir kun o‘tib yana nimalar ma’lum?
Yevgeniy Prigojinning o‘limi hozirgacha rasman tasdiqlanmadi. Shu bilan birga BBC rus xizmatining olti nafar suhbatdoshi Tver oblastida qulab tushgan samolyot yo‘lovchilari ro‘yxatida qayd etilgan «Vagner» XHK rahbarining o‘limini «u yoki bu ko‘rinishda» tasdiqlagan. 23 avgust kuni kechqurun Prigojin va vagnerchilar komandiri Dmitriy Utkinning o‘limi haqida «Vagner» XHKga yaqin bo‘lgan Grey Zone telegram-kanali hamda Kreml ta’siridagi «Tsargrad» telekanali xabar bergandi.
«Rossiya Qahramoni, o‘z Vatanining haqiqiy vatanparvari — Yevgeniy Viktorovich Prigojin Rossiya xoinlarining xatti-harakatlari tufayli halok bo‘ldi. Ammo hatto Jahannamda ham u eng zo‘rlardan bo‘ladi!» — deyiladi xabarda. Kanal muallifi xuddi shu tarzda XHK asoschilaridan yana biri, yollanma jangchilarning birinchi komandiri, chaqiruv belgisi kompaniya nomiga berilgan Dmitriy «Vagner» Utkinning o‘limida ham Rossiya xoinlarini ayblagan.
Embraer Legacy 600 samolyoti qulashi oqibatida halok bo‘lganlarning jasadlari sud-tibbiyot ekspertizasiga olib ketilgan, deb xabar qildi «Fontanka» va Shot telegram-kanali. Shot ma’lumotiga ko‘ra, dafn marosimlari xizmatlarini ko‘rsatuvchi ikki avtomobil samolyot halokatga uchragan va o‘rab olingan hududga soat 4:30 atrofida kirgan hamda u yerni ikki soatcha vaqt o‘tganidan keyin tark etgan. Nashrning tasdiqlashicha, jasadlar Tverdagi o‘likxonaga olib ketilgan, sud-tibbiyot ekspertizasi byurosi ham o‘sha yerda joylashgan.
Keyinroq MSK1.ru nashri dafn marosimlari agentligidagi manbasiga tayangan holda Prigojinning jasadi ham o‘likxonada yotgani haqida xabar berdi. Shuningdek, OAVda Prigojinning jasadi Tverdagi o‘likxonada rasman tanib olingani, uni «Vagner» XHK qo‘mondonlaridan biri aniqlagani haqida xabar tarqaldi. Xabarlarga ko‘ra, asosiy belgi — barmoqlaridan birining yo‘qligi bo‘lgan. Shuningdek, bo‘yi va tatuirovkalariga qarab Dmitriy Utkinning jasadi ham tanib olingan.
Samolyotlarning parvozlarini kuzatib boradigan Flightradar24 servisi biznes-jyet halokati bo‘yicha hisobotni taqdim etdi. Samolyot o‘zi haqidagi ma’lumotlarni Moskva vaqti bilan soat 17:46 da uzata boshlagan. Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, soat 18:10 ga borib bort 28 ming fut (8,5 kilometr atrofida) balandlikka ko‘tarilgan. Bu balandlikdagi parvoz soat 18:19 ga qadar davom etgan. Keyin bir necha daqiqa ichida samolyot pastlagan va yana balandlikka ko‘tarilgan (maksimal — 30,1 ming fut, ya’ni 9,1 kilometrgacha).
Flightradar24 grafigiga ko‘ra, samolyot soat 18:19 da qulay boshlagan. Servis vakili Yan Petchenik Reuters agentligiga aniqlik kiritishicha, jyet 30 soniya ichida sakkiz ming fut (2,4 kilometr) pastlagan. The Bell samolyot qulashdan oldin pasaymagani, balki ko‘tarilishda davom etganiga e’tibor qaratgan — «ya’ni ro‘y bergan hodisa juda tez va kutilmaganda ro‘y bergan». Samolyot qulayotgani aks etgan videoda u yerga yon tomoni bilan, qanotining bir qismisiz va dumsiz yaqinlashayotganini ko‘rish mumkin. Guvohlar ikkita portlash ovozini eshitishganini aytishgan.
Samolyot parchalari bir-biridan uzoq masofalarga tushgan. Xususan, fyuzelyaj va dvigatel Kujyenkinskoye qishloq aholi yashash punktiga, dum qanoti esa — shahar tipidagi Kujyenkino posyolkasiga. Qulash nuqtalari oralig‘idagi masofa — taxminan 2,5 kilometrni tashkil etadi. Bu ham layner havodayoq parchalana boshlaganini ko‘rsatishi mumkin.
Shot telegram-kanali, samolyotda portlovchi qurilma shassi bo‘lmasiga o‘rnatilgani versiyasi ham ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, aynan shassi hududida osmonda portlash ro‘y bergan va buning natijasida samolyotning qanoti uzilib ketgan va uning parchalari quyruqdagi stabilizatorga borib urilgan. Buning natijasida biznes-jyet keskin balandlab, so‘ngra aylanganicha yerga qulab tushgan.
«VChK OGPU» anonim telegram-kanali esa samolyot halokati bo‘yicha ishda ilk gumonlanuvchi paydo bo‘lganini ma’lum qildi. Kanalning yozishicha, u Prigojinning shaxsiy piloti va qulagan laynerga egalik qilgan «MNT Aero» kompaniyasining sobiq ta’sischisi Artyom Stepanov. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, u samolyotga kirish imkoniga ega bo‘lgan, ayni vaqtda huquq-tartibot organlari uni qidirmoqda. Kanal Stepanov samolyot halokatidan oldinroq Kamchatkaga jo‘nab ketgani haqida yozgan. Ukasining so‘zlariga ko‘ra, Stepanov uchinchi kundirki yo‘lda va aloqaga chiqmayapti. Bundan tashqari, «MNT Aero»ning xo‘jayini Olga Gubareva va Stepanovning biznes hamkori Kirill Shcherbakov ham aloqaga chiqmayotgani aytilgan.
«VChK OGPU» shaxsi sir qolishini so‘ragan ekspertning halokat sababi bo‘yicha versiyasini ham keltirgan. «Kadrlarda ko‘rganimdan kelib chiqsak, Prigojinning samolyoti S-35 (qiruvchisi)ning ikkita R-27 «havo-havo» tipidagi raketalari bilan urib tushirilishi mumkin edi. Qiruvchi samolyot vagnerchilar samolyotini qarshi olish uchun Xotilovodagi aerodromdan havoga ko‘tarilgani to‘g‘risida ma’lumot bor. Aynan shuning uchun zarbani sezgan pilotlar tezlikni keskin oshirib, yuqoriga ko‘tarilgan, keyin - pikka chiqilgan va samolyot yuklama haddan tashqari ortgani tufayli parchalana boshlagan», deya ekspertning so‘zlarini keltirgan telegram-kanal.
Samolyot qulagan joyda o‘qotar qurol, o‘q-dori va granatalar. Mash telegram-kanalining yozishicha, endi tergovchilarda halokat sababi bo‘yicha yangi versiya paydo bo‘lgan — «o‘q-dorilar bilan ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish». Telegram-kanal bu versiya ustuvor emasligini ham ta’kidlagan. Mash ma’lumotiga ko‘ra, topilgan qurol va o‘q-dorilar bortda bo‘lgan yollanma jangchilarga tegishli bo‘lgan.
Reuters agentligi amerikalik ikki mulozimga tayangan holda samolyot «yer — havo» tipidagi raketa bilan urib tushirilganini taxmin qilgan. Prigojinning samolyoti zenit-raketa tizimi orqali urib tushirilgani to‘g‘risidagi versiya halokatdan ko‘p vaqt o‘tmasdan Grey Zone telegram-kanali tomonidan ham bildirilgandi. Keyinroq bunday versiya Financial Times manbasi tomonidan ham yangragan.
RF tergov qo‘mitasi terakt bo‘yicha ish ochish uchun hozircha hech qanday asos yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda «Kommersant»ga Tergov qo‘mitasining G‘arbiy mintaqalararo tergov boshqarmasi xabar bergan. Samolyot halokatidan keyin RF Tergov qo‘mitasi harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish (RF JK 263-modda) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. RBK nashrining huquq-tartibot organlaridagi manbasi tergovchilar barcha ehtimoliy versiyalarni, jumladan, «uchuvchining xatosi, texnik nosozlik va tashqi ta’sir» omillarini ham ko‘rib chiqayotgani haqida aytgan.
Samolyot halokati ishi Tergov qo‘mitasining o‘ta muhim ishlarni tergov qilish bo‘yicha bosh boshqarmasi tergovchisi Ivan Sibulga berilgan, deb xabar qilgan RBKning idoraga yaqin manbasi. Sibul 2014 yilda Vnukovoda fransuz neft kompaniyasi Total Kristof rahbari de Marjyerining o‘limi bilan yakunlangan aviahalokatni, shuningdek 2019 yilda SSJ 100 samolyoti yonib ketishi 41 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan shov-shuvli ishlarni ham tekshirgan.
Jasadlardan birining yonidan Prigojinning telefoni topilgan, deya xabar bergan Al Jazeera telekanali «Vagner» XHKdagi manbaga tayangan holda. Telekanal suhbatdoshi hozircha Prigojinning o‘zining jasadi identifikatsiya qilinmaganini qo‘shimcha qilgan.
Qulagan samolyot yo‘lovchilari ro‘yxatida Prigojindan tashqari «Vagner» XHK komandiri Dmitriy Utkin, kompaniya yollanma jangchilari Sergey Propustin, Yevgeniy Makaryan, Aleksandr Totmin, shuningdek, Prigojinga aloqador bir necha kompaniyalarni boshqargan Valeriy Chekalov nomlari ham keltirilgan. Ro‘yxatda shuningdek Nikolay Matuseyev nomi ham bor. «Dose» markazining qayd etishicha, katta ehtimol bilan, gap «Vagner»da 2017 yildan buyon xizmat qilgan Nikolaye Matusevich haqida ketmoqda. Bortda shuningdek ekipajning uch a’zosi — komandir Aleksey Levshin, ikkinchi pilot, permlik Rustam Karimov va bort kuzatuvchisi Kristina Raspopova bo‘lgan.
Sankt-Peterburgdagi «ChVK Vagner Tsentra» binosi oldida stixiyali memorial paydo bo‘lgan. «Fontanka»ning yozishicha, odamlar samolyot halokati haqidagi xabardan ko‘p o‘tmay Zolnaya ko‘chasidagi bino oldiga gullar va shamlar keltira boshlagan.
Mavzuga oid
17:22 / 25.11.2024
Malida «Vagner»ning bir necha jangchisi o‘ldirildi
15:35 / 25.11.2024
Malida «Vagner» XHKning bir necha yollanma askarlari o‘ldirildi
22:12 / 25.09.2024
FT: Yevgeniy Prigojin pullarni yashirin ravishda g‘arb banklari orqali o‘tkazgan
15:24 / 22.09.2024