O‘zbekiston | 15:32 / 26.08.2023
17487
2 daqiqa o‘qiladi

«Zomin» turistik-rekreatsion zonasida osma dor yo‘li ochildi

Dor yo‘li uzunligi 2102 metr bo‘lib, soatiga 1200 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega.

25 avgust kuni Jizzax viloyatining Zomin tumanida barpo etilayotgan «Zomin» turistik-rekreatsion zonasida (TRZ) osma dor yo‘li foydalanishga topshirildi. Loyihaning qurilish-montaj ishlari qiymati 122 mlrd so‘mni tashkil etdi.

2022 yil iyun oyida Shveytsariyaning Bartolet AG kompaniyasi bilan dor yo‘li uchun uskunalar yetkazib berish va montaj ishlari uchun qiymati 6,72 mln yevro bo‘lgan shartnoma imzolangan edi.

Duoba qishlog‘ida barpo etilgan «Dor yo‘li» majmuasining «Zomin» osma dor yo‘li 12 ta minorali 11 dona ustundan tashkil topgan. Dor yo‘lining eng katta qiyaligi 42 gradusni tashkil etadi. Uzunligi 2102 metrdan iborat bo‘lib, mijozlarni tashish uchun zamonaviy dizayndagi 36 ta kabina sayyohlar xizmatiga shay. Maksimal harakatlanish tezligi esa 6 m/sek ni tashkil etadi. Soatiga 1200 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega. Quyi stansiya bilan yuqori stansiya o‘rtasida balandlikning farqi esa 529,5 metr.

«Zomin» turistik-rekreatsion zonada umumiy qiymati 456 milliard so‘mlik to‘rtta loyihaning ish jarayonlari davom etmoqda. Jumladan, ko‘p qavatli avtoturargoh, zamonaviy restoran, osma ko‘priklar, bitta zamonaviy sog‘lomlashtirish markazi loyihalari amalga oshirilmoqda.

«Zomin» turistik-rekreatsion zonasida yaqinda faoliyat boshlagan turistik obektlar dunyo sayyohlarini dengiz sathidan 2400 metr balandlikdagi tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishga imkonini bermoqda.

Mavzuga oid