Jahon | 16:27 / 31.08.2023
10944
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles iste’foga chiqdi

Uning o‘rnini energetika vaziri egalladi.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Britaniya hukumati rahbari Rishi Sunakka yozgan maktubida iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Maktub matni hukumat saytida e’lon qilingan.

«Butun dunyoda Birlashgan Qirollik bizning qurolli kuchlarimiz tufayli hurmatga sazovor va bu hurmat Ukrainadagi urushdan keyin faqat kuchaydi», — degan Uolles o‘z maktubida. U iste’fodan keyin ham Buyuk Britaniya hukumatini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgan.

Rishi Sunak Uollesga yo‘llagan javobida Buyuk Britaniya Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga qanday javob qaytarganidan faxrlanishini ta’kidlagan. Bosh vazir Uollesning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdagi «o‘ta muhim roli»ni e’tirof etgan.

«Sizning strategik uzoqni ravshan ko‘ra bilishingiz mamlakat va qit’a xavfsizligi uchun bebaho ahamiyatga ega bo‘ldi. Siz Vladimir Putinning Ukrainadagi niyatlarini barchadan oldinroq sezdingiz. Sizning rossiyaliklar hujum boshlashidan oldinroq Kiyevga qurol yetkazib berish bo‘yicha qat’iyatingiz ukrainlarning bosqinga qarshi turish qobiliyatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi», — degan Sunak.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri lavozimiga Grant Shapps tayinlangan, u fevral oyidan buyon energetik xavfsizlik vaziri lavozimini egallab kelayotgandi.

  • Ben Uolles 2019 yil iyulidan buyon Buyuk Britaniya mudofaa vaziri edi. U Britaniya hukumati RF qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga qanday reaksiya qilishida muhim rolni o‘ynagan. Uolles — Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri, 2022 yil sentabrida lavozimini tark etgan Boris Jonsonning yaqin tarafdorlaridan biri hisoblanardi.
  • Buyuk Britaniya may oyida g‘arb mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib Ukrainaga 250 kilometrdan ortiq masofaga harakatlanuvchi Storm Shadow raketasini yetkazib bergan ilk davlat bo‘lgandi. Ukraina qurolli kuchlari o‘tgan vaqt ichida Rossiya qo‘shinlari egallab olgan hududlaridagi nishonlarga zarba berishda ushbu raketalarni bir necha bor qo‘llashga ulgurdi. Xususan, iyun va avgust oylarida Storm Shadow raketalari bilan anneksiya ostidagi Qrim va Xerson oblastini bog‘lovchi Chongar ko‘prigiga zarba berilgandi.

Mavzuga oid