Jahon | 15:29 / 31.08.2023
7169
2 daqiqa o‘qiladi

JARda Yoxannesburgdagi yong‘in oqibatida 73 kishi halok bo‘ldi

Fojia Yoxannesburgning markaziy qismidagi besh qavatli binoda yuz berdi. Bu binoni uysizlar egallab olgandi.

Foto: AP

JARda Yoxannesburg megapolisi markazida joylashgan binolardan birida sodir bo‘lgan yirik yong‘in natijasida kamida 73 kishi halok bo‘ldi va 52 kishi jarohat oldi, deb xabar berdi payshanba, 31 avgust kuni mahalliy qutqaruv xizmati vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruv ishlari davom etmoqda, qurbonlar soni ortishi mumkin

Yoxannesburg markazidagi besh qavatli binoda yong‘in kechasi sodir bo‘lgan. Qutqaruvchilar o‘nlab odamlarni evakuatsiya qildi. Yong‘in boshlanganda uyda qancha odam bo‘lgani noma’lum. Shahar hokimiyati vakilining ta’kidlashicha, halokat noqonuniy egallab olingan binoda sodir bo‘lgan. Bunday uylarda elektr yo‘qligi sababli, yong‘in sham yoki gaz gorelkasining yonishi natijasida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Yong‘in sabablari hozircha aniq aniqlanmadi. 

Yoxannesburgning markaziy qismi tashlandiq va xavfli hisoblanadi. Markaziy tumanlarda jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lganligi sababli ko‘p yillar avval shahar chetiga shirkatlar va do‘konlar ko‘chib o‘tgan, shu tufayli shahar markazidagi ko‘plab binolar bo‘m-bo‘sh, ularning aksariyati uysizlar tomonidan foydalaniladi. Ushbu uylarning qiymati tushib ketgani sababli, egalari ularni ta’mirlashdan bosh tortib keladi.

Mavzuga oid