O‘zbekiston | 19:30 / 31.08.2023
4375
4 daqiqa o‘qiladi

Moratoriy e’lon qilingandan buyon daraxtlar kesilishi natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 36 mlrd so‘mdan oshgan

Daraxtlar va butalarni kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida 44 mingga yaqin, shundan 9,5 mingga yaqin qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesilishi natijasida tabiatga 36 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

Foto: Getty Images

Bundan tashqari muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda chorva mollari nazoratsiz va tizimsiz boqilishi holatlarining ortib borishi, yer osti suvlaridan ilmiy asoslarsiz foydalanish ekotizimlarning buzilishiga, katta yer maydonlari degradatsiyasining ortishiga hamda ularning cho‘llanishiga olib kelmoqda, oqibatda iqlim o‘zgarishining ta’siri kuchaymoqda, insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilmoqda. Qizil kitobga kiritilgan baliqlarni qonuniy ovlanish holatlari soni oshgan. Xususan, bu ko‘rsatkich, 2022 yilda 2021 yilga nisbatan 66 foizga oshgan.

Biroq, 2022 yilda ekologik huquqbuzarliklar yuzasidan 27 ta holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ularning barchasi bo‘yicha yengil moliyaviy jarima jazosi qo‘llanilgan xolos. Vaholanki, ekologiya sohasidagi jinoyatlar natijasida yetkazilgan zarar boshqa og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar natijasida yetkazilgan zarar hajmidan karrasiga ko‘p bo‘lishi ham mumkin. O‘zbekiston jinoyat qonunchiligiga ko‘ra ekologiya sohasidagi jinoiy qilmishlar uchun nazarda tutilgan jinoiy sanksiyalar miqdori sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi hamda kelib chiqadigan oqibat miqdoriga mutanosib emas. Masalan, Jinoyat kodeksning 193-204-moddalarida sodir etilgan qilmish uchun nazarda tutilgan sanksiya maksimal 5 yilga ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Xorij tajribasiga e’tibor qaratilsa bunday jinoyatlar uchun Belarus va Qozog‘istonda 7 yilgacha, Rossiya, Ozarbayjon va Litvada 8 yilgacha, Germaniya, Finlandiya, Ukraina, Xitoy va Yaponiyada 10 yilgacha, Armaniston va Latviyada 12 yilgacha, Singapurda esa 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilganligini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, ularning aksariyatida, masalan, Ispaniya, Finlandiya, Rossiya, Ukraina, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda ozodlikdan mahrum qilish bilan birga qo‘shimcha jazo chorasi sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish ham belgilangan.

Qolaversa, Prezidentimizning yuqorida nazarda tutilgan farmonida ham “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2023 yil 31 maydagi PQ–171-son Qarorida ham o‘rmon fondi yerlarini noqonuniy berish va ulardan foydalanish bo‘yicha alohida ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilash, o‘rmon fondi yerlarida noqonuniy bino-inshootlar va imoratlarni qurish bo‘yicha alohida jinoyat tarkibini kiritish hamda uning sanksiyalarini sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun belgilangan sanksiyalarga tenglashtirish hamda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdorini 10 baravarga oshirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish belgilangan.

Shu nuqtai nazardan ekologiya sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash hamda javobgarlikning og‘irlashtirilishi jinoyat-huquqiy normalar vositasida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilishga xizmat qiladi.

Zayniddin ShAMSIDINOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
qarshi kurashish kafedrasi katta o‘qituvchisi, (PhD)

Mavzuga oid