Jahon | 22:36 / 31.08.2023
10589
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston shimolida kuydirgi epidemiyasi qayd etildi 

O‘lgan mol go‘shtini yegan odamlarda o‘ta xavfli yuqumli kasallik aniqlangan. 

Foto: Igor Medvedev

Qozog‘iston shimolida kuydirgi kasalligi tarqalgani qayd etildi. Oqmo‘la viloyati veterinariya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa Jarqayn tumani Ushkarasu qishlog‘ida sodir bo‘lgan. 

Qayd qilinishicha, xo‘jaliklarda 37 bosh qoramol nobud bo‘lgan. Ularning go‘shti qishloq aholisiga tarqatilgan. Oqibatda, 12 kishi kuydirgi gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan, 10 nafarida tashxis tasdiqlangan. Ularning barchasi Yesil tumani shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limida. Bundan tashqari, mutaxassislar bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 22 nafar shaxsni aniqlagan. 

Ushkarasu qishlog‘ida karantin joriy qilingan. Hozirda dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda. Zararlangan go‘sht yo‘q qilingan. 

Kuydirgi — odam va hayvonlarda uchraydigan o‘tkir yuqumli kasallik, zoonoz kasalliklar guruhiga kiradi. Odamga kasal hayvonlardan — hayvonni so‘yish, go‘shtini nimtalash vaqtida, shuningdek, suv, tuproq, chorvachilik chiqindilari orqali yuqadi. Odatda, kasallik shu soha xodimlarida, ya’ni hayvonlar bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan kishilarda ko‘proq kuzatiladi. Infeksiya sog‘lom odam organizmiga nafas yo‘llari, teri va og‘iz orqali tushishi mumkin. Kasallik vaqtida davolanmasa, shakliga qarab, o‘lim darajasi 90-95 foizni tashkil qilishi mumkin.

Mavzuga oid