Jahon | 16:28 / 31.08.2023
12145
2 daqiqa o‘qiladi

«Vagner» komandiri Utkin Moskva viloyatida dafn etildi

Dmitriy Utkinning dafn marosimida jurnalistlarga Mitishchidagi «Vatan himoyachilari panteoni» qabristoniga kirish taqiqlandi, deb yozadi Telegram-kanallar.

Foto: RIA Novosti

31 avgust, payshanba kuni chaqiruv belgisi sharafiga xususiy harbiy kompaniyaga nom berilgan «Vagner» XHK qo‘mondoni Dmitriy Utkin Moskva yaqinidagi Mitishchidagi «Vatan himoyachilari panteoni» memorial qabristoniga dafn qilindi. Bu haqda Msk1.ru internet nashri qabriston direktori o‘rinbosariga tayanib xabar berdi.

Ayni paytda, «Ostorojno, novosti!» Telegram-kanali marosimda XHK komandiri yaqinlari ishtirok etgani, dafn marosimidan so‘ng u yerga Havo-desant kuchlari xodimlari va Rosgvardiya xodimlari kela boshlaganini yozgan.

Qabristonga bormoqchi bo‘lgan «Vagner» XHK jangchilariga faqat jyeton bilan ruxsat berilgan, o‘tish joyi OAV xodimlari uchun yopilgan, deyiladi ma’lumotda. Kanal mualliflariga ko‘ra, marosim ishtirokchilaridan ba’zilarining yuzida tibbiy niqob bo‘lgan va ularni jurnalistlardan yashirinishga harakat qilgan.

Telegram'dagi «VChK-OGPU» kanali go‘yoki Dmitriy Utkinning qabri tasvirlangan suratni e’lon qildi.

Yevgeniy Prigojinning samolyoti halokati

23 avgust kuni Tver viloyatida halokatga uchragan xususiy harbiy kompaniya asoschisi Yevgeniy Prigojinning biznes-jyeti yo‘lovchilari orasida «Vagner» XHK komandiri Dmitriy Utkin ham bo‘lgan. Hodisa oqibatida yetti nafar yo‘lovchi va uch nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, DNK tahlili o‘lganlar orasida Prigojinning o‘zi ham borligini tasdiqlagan. Uning dafn marosimi 29 avgust kuni Sankt-Peterburgdagi Poroxov qabristonida bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid